12:50 / 09.02.2020
3 757

Biznes sherikchilik: samarali hamkorlik sirlari

Biznes sherikchilik: samarali hamkorlik sirlari
Ba’zan bizdan turli shartnomalarni ko‘rib berishni iltimos qilishadi. Albatta bunday shartnomalarni ko‘rib chiqish jarayonida ko‘plab xato va kamchiliklarni qayd etganmiz, ular bo‘yicha izoh va tavsiyalarimizni ham berganmiz. Bunday shartnomalar uchinchi shaxslarning tadbirkorlik faoliyatiga aloqador, ya’ni qandaydir darajada ularning siri bo‘lganligi sababli shartnomalardagi xato va kamchiliklarni ham, o‘z izoh va tavsiyalarimizni ham chop etmaganmiz.

Ammo bunday iltimoslar ko‘paygan sari, hamda bir xil xatolarni turli shartnomalarda ko‘raverganimiz sari o‘z kuzatuvlarimizni muayyan shaxslarni ko‘rsatmagan holda berilishi boshqa tadbirkorlar uchun foydali bo‘lishi mumkin degan fikr bilan shu maqolani tayyorlashga qaror qildik.

Yaqinda bizdan kichik bir tadbirkorlik loyihasini tashkil qilish va uni 50/50 shakldagi hamkorlikda yurgazishni rejalashtirayotgan ikki sherik kelishuvini ko‘rib chiqishimizni iltimos qilishdi. Sherikchilik shartnomasi birgina varaqdan iborat bo‘lib, unda bor-yo‘g‘i ikkala sherikning ulush miqdori, sarmoya kiritish usuli, hamda foyda va zararni taqsimlash tartibi ko‘rsatilgan edi xolos.

Albatta, bu aksariyat tadbirkorlarimiz yo‘l qo‘yadigan katta xatodir, chunki bunda na amalga oshirilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq tafsilotlar bor, na yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar ko‘rib chiqilmagan, ya’ni deyarli hech narsa kelishib olinmagan.

Bunday kerakmas o‘rinda qilingan andisha yohud ko‘r-ko‘rona o‘zaro ishonch ko‘pincha juda ayanchli oqibatlarga olib keladi. Shu bois bizga aynan sheriklar o‘rtasidagi munosabatlar masalasida ko‘p savol berishadi. Keling endi bevosita biz ko‘rib chiqayotgan biznes loyiha bo‘yicha o‘zimiz e’tibor qaratgan ba’zi masalalarni ko‘rib chiqamiz.

Bizning fikrimizcha, ushbu shartnoma doirasida ko‘rib chiqilmagan 14 ta masala borki, quyida ularni va ular nima uchun muhimligini ko‘rsatib o‘tmoqchimiz:

Sherikchilikdagi muhim masalalar:
1. Hamkorlar, sherikchilik tamoyillariga zid bo‘lmagan har qanday o‘zgartirishlarni shartnomaga kiritishi mumkinligi haqidagi band ko‘zda tutilmagan.
Nima sababdan muhim
Aksariyat nizo va bahslar hamkorlarning biznesdagi roli va vazifalari o‘zgarishi, ya’ni kimningdir vazifa va mas’uliyatlari ko‘payishi, kimningnikidir esa kamayishi mumkinligi shartnomada ko‘zda tutilmaganligi oqibatida kelib chiqadi. Chunki shartnoma tuzilish paytida foydani taqsimlashning dastlabki shartlari yakuniy bo‘ladi degan yanglish fikr asosida bitim shartlarini o‘zgartirmaslik tomonlarning norizoligiga olib keladi (ya’ni, «men ko‘p ish qilyapman, sherigim kam ish qilyapti» degan fikr asta sekin nizoga olib boradi).

2. Hamkorlar shartnomada yozishlari shart bo‘lgan bandlar:
– qanday holatlarda foydani taqsimlash mumkin;
– qancha dividend taqsimlash mumkin;
– qaysi holatlarda foydani taqsimlash mumkin emas;
– foydani taqsimlash muddatlari (ya’ni qanchalik tez) qanday bo‘lishi mumkin.
Nima sababdan muhim
Ayrim hamkorlar foydani muntazam ravishda olib turishni xohlashadi, ayrimlari uni biznesga qayta tikishni istashadi, ayrimlari foydaning bir qismi dividend ko‘rinishida taqsimlanishini xohlashadi.
Ba’zida moliyaviy holat foydani taqsimlashga imkon bermaydi. Shu bois, hamkorlar o‘rtasida nizo chiqmasligi uchun bu masalani boshdanoq kelishib olish zarur.

3. Sheriklikdan chiqish shartlarini kelishib olish zarur. Masalan, necha yil davomida sheriklikdan chiqib mumkin emas, qachon va qanday hollarda sherikchilikni to‘xtatish mumkin (masalan, daromad qanchadir miqdorga yetganida, biznes rivoji qaysidir darajaga yetganda va h.k.z.).
Sheriklikdan chiqmoqchi bo‘lgan hamkorning o‘z sherigini xabardor qilishi haqidagi shart, kutish davri, uning ulushi miqdori va boshqa kelishuvdan chiqish shartlari bitimda ko‘rsatilishi kerak.
Nima sababdan muhim
Ko‘p muammolar biznesni boshqarayotgan asosiy hamkor biznesdan chiqqanida, mijozlarni o‘zi bilan olib ketadi yoki o‘z ulushini boshqa sheriklar xohlamagan uchinchi tomonga sotib yuboradi.
Aynan shunday nizolardan qochish va biznesga zarar yetmasligi uchun biznesdan chiqish shartlari batafsil yozilishi lozim.

4. Agarda sheriklardan biri o‘z ulushini sotmoqchi yoki biznesdan chiqib ketmoqchi bo‘lsa, biznesni qanday baholash kerakligini kelishib olish kerak.
Nima sababdan muhim
Ko‘p nizolar hamkorlar o‘z ulushlarini to‘g‘ri baholash borasida kelisha olmasliklaridan kelib chiqadi. Bunday bahsli vaziyatlardan qochish imkonini beruvchi ko‘plab yo‘llar mavjud.

5. Zarar ko‘rilganda qanday yo‘l tutish kerakligini kelishib olish kerak – zararlar qoplanadimi yoki hamkorlarning biznesga kiritgan sarmoyasi zararga mos ravishda kamayadimi?
Nima sababdan muhim
Agarda hamkorlar bu masalada kelisha olmasa, korxona zarar ko‘rgan paytda biznes uchun kerak bo‘lgan mablag‘ bo‘lmay qolishi ehtimoli bor.

6. Biznesni rivojlantirish uchun hamkorlar tomonidan moliyalashtirish shartlarini kelishib olish zarur.
Nima sababdan muhim
Ko‘p uchraydigan muammo: biznesni rivojlantirish uchun hamkorlardan biri kredit jalb etmoqchi bo‘ladi, ikkinchisi buni nomaqbul deb hisoblaydi, biri biznesni sekin asta rivojlantirish tarafdori, ikkinchisi esa agressiv o‘sish g‘oyasini ilgari suradi, biri yangi sarmoyadorlarni jalb qilishni istaydi, ikkinchisi ulushni bo‘lishni istamaydi, birida moliyalashtirish uchun mablag‘ bor, ikkinchisida esa yo‘q va shu sababli u biznesning o‘sishiga qarshilik qiladi.
Bunday masalalar biznesga jiddiy zarar yetkazishi va hatto uni falaj qilib qo‘yishi mumkin. Hamkorlar rivojlanish va o‘sish strategiyasini va uni moliyalashtirish usullarini oldindan batafsil kelishib olishlari darkor.

7. Mushorakning shartlaridan biri shuki, avvaldan kelishilgan mablag‘ni kelishilgan muddatlarda biznesga tikmagan hamkor (agarda ana shunday kelishilgan muddatlar jadvali mavjud bo‘lsa) shartnomani buzgan hisoblanadi va hamkorlar undan sherikchilikni to‘xtatish yoki hamkorlik shartlarini o‘zgartirishni (masalan biznesdagi ulushini kamaytirishni) talab qilishlari mumkin.
Nima sababdan muhim
Biznesning rivoji, uni moliyalashtirish, ya’ni hamkorlarning o‘z vaqtida mablag‘ kiritishlari bilan chambarchas bog‘liq.

8. Shartnomada, o‘z ishiga loqaydlik/mas’uliyatsizlik bilan yondashgan, shartnoma shartlarini yoki amaldagi qonunlarni buzgan, biznes manfaatlariga zid ish qilgan, hamkorlik mablag‘larini sarflab yuborgan, ma’lumotlarni berkitgan, shaxsiy manfaatini ko‘zlagan holda qandaydir xatti-harakatlar qilgan hamkor, o‘z harakatlari oqibatida korxonaga yetgan zararni to‘liq qoplashi shartligi haqidagi band bo‘lishi kerak.
Nima sababdan muhim
Ko‘pincha hamkor(lar) o‘z vazifasini bajarmasligi yoki imzo huquqidan foydalanib, korxona uchun zarar, o‘zi uchun esa manfaatli bo‘lgan shartnomalar tuzishi natijasida turli xil huquqiy/moliyaviy muammolar kelib chiqadi.

9. Hamkorlar har bir sherikning biznesga qo‘shayotgan hissasidan kelib chiqib, foydadagi ulush va uni taqsimlash tartibini kelishib olishlari kerak.
Nima sababdan muhim
Ko‘pincha bir hamkor biznesga boshqalarga nisbatan ko‘proq vaqt sarflaydi yoki biznes rivojiga boshqa hamkorlardan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shadi. Ammo hamkorlar an’anaga muvofiq ulushni teng taqsimlashadi. Ba’zan esa oilaviy yoki boshqa sabablarga ko‘ra hamkorlardan biri biznes bilan umuman shug‘ullanmay qo‘yishi mumkin.
Bunday holatlar hamkorlar o‘rtasida norozilik va hatto dushmanlik kayfiyatini keltirib chiqaradi.
Bu masalani vazifalarni aniq belgilash va foydani shunga ko‘ra taqsimlash bo‘yicha adolatli tizim o‘rnatish orqali hal qilish mumkin.

10. Har ikki hamkor biznesda faol ishtirok etgan holatda, yilda bir olinadigan dividenddan tashqari, muntazam ravishda (masalan har oyda) taqsimlanadigan foyda to‘g‘risida kelishib olish mumkin. Bunda, moliyaviy yil natijalari yoki hamkorlik tugallanishi bilan bog‘liq yakuniy hisob-kitoblar asosida tomonlar o‘rtasidagi taqsimot to‘g‘rilab qo‘yilishi mumkin.
Nima sababdan muhim
Aksariyat hamkorlar o‘zlarining muntazam ravishda oladigan moliyaviy mukofotlarini kelishib olishmaydi va zarurat tug‘ilganda o‘rtadagi (ya’ni biznesdagi) mablag‘dan olishadi. Bu holatda shaxsiy mablag‘ va biznesdagi aylanma mablag‘ aralashib ketadi.
Hamkorlar kimdir ko‘proq, kimdir ozroq pul olayotganidan norozi bo‘lishadi. Aylanma mablag‘ va likvidlik bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.

11. Ko‘rib chiqilayotgan mazkur biznes 50/50 sheriklik asosida bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bunday sherikchilikda esa jiddiy ziddiyatlarni hal qilishning deyarli imkoni yo‘qligi haqida avval ham yozganmiz.
Nima sababdan muhim
Bu muammoni yechish uchun bahsli masalalar qanday hal qilinishi shartnomada aniq ko‘rsatilishi lozim. Shuningdek, hamkorlarning ulushini qayta ko‘rib chiqish va/yoki yuzaga kelgan nizolarni hal qilish uchun boshqa yondashuvlarni qo‘llashni ko‘zda tutish mumkin.

12. Ba’zan noinsof hamkorlar raqobatchilar bilan biznes olib borishadi, mavjud biznesdan mijozlarini olib chiqib ketishadi yoki bir vaqtning o‘zida boshqa huddi shu kabi biznesni ham boshlab yuborishadi. Yohud biznesning moliyaviy imkoniyatlaridan o‘z shaxsiy loyiha va maqsadlari uchun foydalanishadi yoki boshqa suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yishadi.
Nima sababdan muhim
Mavjud biznesga zarar yetkazuvchi ana shunday harakatlarga to‘siq qo‘yadigan tegishli shartlarni hamkorlik shartnomasiga kiritib qo‘yish zarur.

13. Biznesni boshqarishdagi hamkorlarning vazifalarini aniq belgilab qo‘yish lozim. Agarda biri bosh direktor bo‘lsa, ikkinchisi moliyaviy direktor bo‘lishi to‘g‘ri bo‘ladi.
Shuningdek, barcha moliyaviy operatsiyalar, aktivlarni boshqarish / olish va sotish bo‘yicha vakolatlar va javobgarlik aniq belgilangan bo‘lishi zarur.
Nima sababdan muhim
Hamkorlarning vazifalari aniq belgilanmagani sababli ko‘plab muammolar kelib chiqadi. Hamkorlar barcha masalalarni birgalikda hal qilishga urinishadi, shu jumladan o‘sha masalada bilim va malakasi kamroq bo‘lgan (yoki umuman bo‘lmagan) tomon ham.
Shuningdek, imzo huquqi, bankdagi hisoblarni boshqarish borasida ham muammolar kelib chiqadi.
Hamkorlik shartnomasida yuqoridagi holatlar bo‘yicha aniq bandlarning bo‘lmasligi ko‘pincha hamkorlarning munosabatlari va o‘rtadagi biznesga jiddiy zarar yetkazadi.

14. Qanday qarorlar 100 foiz ovoz bilan, qandaylari ko‘pchilik ovoz bilan, qanday qarorlar rahbariyat tomonidan qabul qilinishi aniq yozib qo‘yilishi kerak.
Nima sababdan muhim
Qaysi qaror qaysi darajada qabul qilinishini belgilab olmaslik (ya’ni chegaralarning aniq emasligi) huquqbuzarlik, firibgarlik, biznesdan aktivlarning olib chiqib ketilishi va boshqa jiddiy oqibatlarga olib keladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Biznes sherikchilik: samarali hamkorlik sirlari