07:30 / 22.04.2022
1 126

Endi nobank tashkilotlar islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin

Endi nobank tashkilotlar islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin
«Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanali xabar qildi.

Qonunga ko‘ra, mikromoliya tashkiloti, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti nobank kredit tashkilotlari hisoblanadi. Mikromoliya tashkilotlari tadbirkorlarga kreditlar (300 million so‘mgacha), lizing, kafolatlar berishi, faktoring xizmatlari va islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.

Islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar — islomiy moliyalashtirishni amalga oshirish standartlarini belgilovchi xalqaro tashkilotlarning qoidalariga muvofiq Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan moliyaviy xizmatlar.

Lombardlar garov evaziga qisqa muddatli (1 yilgacha) mikroqarzlar (50 million so‘mgacha) beradi.

Nobank kredit tashkilotlari ishlab chiqarish, sug‘urta, savdo faoliyatini amalga oshirishga va omonatlarni (depozitlarni) jalb etishga haqli hisoblanmaydi. Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.

Mikromoliya tashkilotining yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotining faoliyati tegishli reyestrlarga kiritish vositasida hisob ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi. Lombard faoliyati lombard faoliyatini boshlaganlik to‘g‘risidagi xabarnoma qabul qilingani Markaziy bank tomonidan tasdiqlanganidan keyin amalga oshiriladi.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev 2021 yilning boshlarida O‘zbekistonda islomiy moliya konseptsiyasini o‘z ichiga olgan qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Bunday taklifni prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni parlamentga qilgan Murojaatnomasida aytib o‘tgan. Davlat rahbari Markaziy bankka moliya bozorida raqobatni kuchaytirish, shuningdek, islomiy moliya mexanizmlarini joriy etish maqsadida huquqiy asos yaratish uchun 1 fevralgacha nobank kredit tashkilotlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish topshirig‘ini bergan.

2021 yilning sentabr oyi boshlarida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekistonda islom banki va moliyasi uchun normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish bo‘yicha Islom taraqqiyot banki bilan grant bitimi imzolanganini, uning natijasida O‘zbekistonda islom moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish imkoni yaratilishini ma’lum qilgandi.

Islom banki shariat tamoyillariga mos keladigan moliyaviy faoliyatdir. Islom bankining asosiy xarakteristikasi bu kredit miqdori va muddatiga qarab hisoblangan foizlar yoki stavkalarni olishni taqiqlash hisoblanadi. Ushbu taqiq musulmonlarning ijtimoiy adolat va tenglik to‘g‘risidagi qonunlari bilan izohlanadi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 2021 yil oktabr oyida Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida islom moliyasining huquqiy asoslari qachon yaratilishi va tijorat banklarida islom moliyasi darchalari qachon ish boshlashi haqidagi savolga javob bergandi. Uning aytishicha, mamlakatda islom moliyasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar boshlangan. 14 bankda islom moliyasi darchalarini tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Bunda islom moliyasi asosida kredit, depozitlar amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Endi nobank tashkilotlar islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin