1 561
Prezident aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ma’lum qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, uyma-uy o‘tkazilgan xatlovlar O‘zbekistonda 2,2 million aholi ijtimoiy yordamga muhtojligini ko‘rsatdi.
«Ehtiyojmand aholining muammolari bilan respublikamizda 16 ta vazirlik va idora shug‘ullansa-da, ular mahalla darajasiga tushib ish olib bormayotgani bois odamlarda bu sohaga e’tirozlar ko‘p.
Aslida ushbu aholi qatlami bilan viloyat, shahar va tuman hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, ayollar faollari har kuni xonadonbay ishlashi kerak», degan prezident.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand qatlamini hisobga olish, ularga pensiya va nafaqalar tayinlash, kasbga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash borasida ishlar ko‘lami yanada kengaytirilishi ma’lum qilindi.
Mamlakatda 3 milliondan ortiq yoki aholining qariyb 9 foizini nuroniylar tashkil etadi.
Keksalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning holidan xabar olib, har kuni g‘amxo‘rlik qilish, e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha mahalla darajasida tizim yaratiladi. Jumladan:
- 16 mingdan ziyod o‘zgalar parvarishiga muhtoj va yolg‘iz yashovchi keksalarning har yili sanatoriylarda davolanishi tashkil etiladi;
- 25 ming nafar sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarning dori-darmonlari, protez-ortopediya moslamalari davlat tomonidan olib beriladi, jarrohlik amaliyotlariga xarajatlari ham budjetdan qoplab beriladi;
- nuroniylar uchun stadion, tennis-kort, sport zallari, basseyn kabi sport inshootlariga oylik abonementining 540 ming so‘mgacha qismi qoplab beriladi;
- keksalarning teatr va muzeylarga chipta olish xarajatlari ham to‘liq qoplab beriladi.
Turizm vaziriga viloyat hokimlari bilan birga 1 maydan boshlab keksa avlod vakillarini ziyoratgohlar, yangi barpo etilgan bog‘lar, madaniyat majmualari va markazlariga sayohatlarini boshlash topshirildi.
Oilaviy bolalar uylarining tarbiyalanuvilari uchun oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, gigiyena vositalari xamda boshqa turdagi birlamchi extiyoj uchun zarur bo‘ladigan mahsulotlarni sotib olishdagi qiyinchiliklar sababli davlat budjeti hisobidan mazkur sohaga soddalashgan tartibda mablag‘ ajratish tizimi joriy etiladi:
- bir nafar tarbiyalanuvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatdan kelib chiqib bolani tarbiyaga olgan ota-onalarga ushbu mablag‘lar plastik kartalarga o‘tkazib boriladi;
- muassasaning kommunal (elektr, suv, gaz) xarajatlari jismoniy shaxslar uchun belgilangan narxlarda amalga oshiriladi. Bu orqali Oilaviy bolalar uylarining kommunal to‘lovlar uchun ajratiladigan budjet mablag‘lari o‘rta hisobda 30 foizga iqtisod qilinishiga erishiladi.
Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining boshqa xodimlariga (oshpaz, farrosh, kir yuvuvchilar) ularning oyligining 50 foizi miqdorida ustamalar to‘lanadi. Buning uchun 2022 yilga qo‘shimcha 30 mlrd so‘m ajratiladi.
Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’lim muassasalariga badiiy adabiyotlar xaridi uchun har yili 5 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratish asosida kutubxona fondi to‘ldiriladi va yangilab boriladi.
2022-2023 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturda barcha davlat ijtimoiy muassasalarida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish (430 mlrd so‘m) va jihozlash ishlari uchun (150 mlrd so‘m) jami 600 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltiriladi.
Prezident nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada kengaytirilishini ta’kidladi. Jumladan:
- 1 maydan boshlab nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishga olgan korxonalarga 6 oy davomida har bir bunday xodimi uchun 400 ming so‘mdan subsidiya beriladi;
- o‘zini o‘zi band qilgan va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratiladi, ular kasb-hunarlarga davlat hisobidan o‘qitiladi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati hamda O‘zbekiston karlar jamiyati va ularning hududiy bo‘linmalari xodimlariga ish haqi to‘lash uchun davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.
Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni to‘liq ta’limga jalb etish maqsadida yangi «Nurli maskan» nomini olgan maktablarda yangi o‘quv yilidan:
- qo‘shimcha 850 ta o‘quv xonalari va 1 ming 200 ta yotoqxona o‘rni tashkil etiladi;
- davlat buyurtmasi asosida ushbu maktab kutubxonalari Brayl yozuvidagi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar, badiiy hamda bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlanadi.
2023 yildan ushbu tajribani respublikaning barcha hududlarida joriy etish vazifasi qo‘yildi.
2023 yildan boshlab nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari budjeti 2 barobarga (yoki 19 mlrd so‘mga) oshiriladi.
2022 yilda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 3 ming nafar zaif eshituvchi bolalar 11 mlrd so‘mlik zamonaviy eshitish moslamalari bilan ta’minlanadi.
1 oktabrga qadar 20 dona ekzoskelet, 880 ta nogironlik aravachasi, 4 mingta ovozli termometr va tonometr, 6 mingta «aqlli» soat xarid qilinib, hududlarga yetkaziladi. Bunga 31 milliard so‘m ajratiladi.
123 nafar nogironligi bo‘lgan Afg‘on urushi jangchi-faxriylariga 5,8 mlrd so‘mlik individual o‘lchovlar asosida zamonaviy protez-ortopediya moslamalari olib beriladi.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga (oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya mahsulotlarini xaridi uchun) bir yilda 10 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratib boriladi. Amalda davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ushbu toifa talabalari uchun mazkur turdagi to‘lov joriy etilgan.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan olib berilgan uylarni ularning nomiga o‘tkazish uchun notarius va kadastr xizmatlari uchun (2 mln so‘mgacha miqdoridagi) davlat boji to‘lovlari bekor qilinadi.
«Saxovat» uylarida yashovchi ish staji bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun nafaqalarining 20 foizini (124 ming so‘m miqdorida) to‘lab borish amaliyoti joriy etiladi. Amalda ushbu tartib «Saxovat» uylarida yashovchi pensiya oluvchi shaxslarga tatbiq etilgan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi