16:13 / 07.06.2022
1 047

Konstitutsiya va majburiy mehnat: nimalar o‘zgarishi kerak?

Konstitutsiya va majburiy mehnat: nimalar o‘zgarishi kerak?
Konstitutsiyaning 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi belgilangan bo‘lib, majburiy mehnat, qonunda ko‘rsatilgan hollardan tashqari taqiqlangani mustahkamlangan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: mazkur konstitutsiyaviy normaga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj bormi?

Konstitutsiyamizda mehnat qilish erkinligi belgilangani bejiz emas. Sobiq sovet tuzumidagi konstitutsiyaviy normadan farqli ravishda mehnat qilish majburiyati bekor qilingan. O‘zbekistonda 1992 yildan boshlab, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanadigan shaxslar javobgarlikka tortilmaydigan bo‘ldi. Buni ifodalovchi asosiy qoida – bu majburiy mehnatga jalb etish taqiqlanganidadir.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnat taqiqlanishi Konstitutsiyada belgilanganiga qaramay, unga qarshi kurashish oson bo‘lmayapti.

Majburiy mehnatga jalb qilish holatlari haliyam uchramoqda. Bunga sabab nima? Afsuski, Konstitutsiyaning o‘zida majburiy mehnatga oid taqiq boshqa qonunlar bilan cheklanganini ko‘rishimiz mumkin. Majburiy mehnat o‘zi nima, unga jalb qilishning qonuniy va noqonuniy holatlarini bilish uchun nechta qonunni ko‘rib, o‘rganib chiqish kerak?

O‘zbekiston Konstitutsiyasining preambulasida xalqaro normalar ustuvorligi belgilangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan qoidalarni bajarish majburiyatini olgan. O‘zbekiston majburiy mehnatga oid xalqaro hujjatlardan bir emas, bir nechtasiga qo‘shilgan. Xalqaro mehnat tashkilotining Majburiy mehnat to‘g‘risidagi va Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risidagi konvensiyalari shular jumlasidandir. Bularda majburiy mehnat o‘zi nima, u qanday holatlarda majburiy hisoblanishi yoki majburiy xisoblanmasligi aniq belgilangan.

Masalan, Majburiy mehnat to‘g‘risidagi Konvensiyada «zo‘raki yoki majburiy mehnat» atamasi ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif etmagan har qanday shaxsdan har qanday jazolash tahdidi ostida talab qilinadigan har qanday ish yoki xizmatni anglatadi deyilgan bo‘lsa, Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risidagi konvensiyada majburiy mehnat hisoblanadigan holatlar, shuningdek, majburiy mehnat hisoblanmaydigan holatlar aniq sanab o‘tilgan. Umumlashtirgan holda, ular majburiy harbiy xizmat bilan bog‘liq, sud hukmi oqibatida, favqulodda holatlarda va jamoaning mayda xizmatlari, ya’ni shu tufayli jamoa a’zolarining odatdagi fuqarolik burchlari deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan ishlar hisoblanadi.

Shularni e’tiborga olgan holda, Konstitutsiyaga majburiy mehnat bilan bog‘liq aniqlashtiruvchi normalar kiritilishi kelajakda uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish kuchiga ega bo‘lishi orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytirish, xalqaro normalarning ustuvorligini ta’minlash va havolaki normalardan xolis bo‘lish imkonini yaratadi, eng muhimi, aholi majburiy mehnatga oid aniq tushunchaga ega bo‘ladi.

Gulnoza Sattorova,
yuridik fanlari nomzodi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Konstitutsiya va majburiy mehnat: nimalar o‘zgarishi kerak?