17:01 / 26.11.2022
3 498

Ayolni xo‘rlagan uch kishining oqibati...

Ayolni xo‘rlagan uch kishining oqibati...
Bugun ertalab internetda ko‘zim tushib qoldi. 25 noyabr – «Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni» ekan. G‘alati sana degim kelyaptiyu... aslida unday emas.

Agar feysbuk ijtimoiy tarmog‘iga kirib tursangiz, Rahimjon Rahmat degan akamizning yozganlariga ko‘zingiz tushgandir. Aslida katta adabiyotshunos, jiddiy shoir, taniqli jurnalist. “Olovli yillar”da “Ozodlik” radiosining Toshkentdagi sho‘’basi rahbari sifatida ham faoliyat yuritgan. Qo‘qon deparasida Qirqlar qishlog‘ida fermerlik qiladi hozir. U kishining “oshin”lari hayotidan yozadigan achchiq va alamli, ammo hayotiy hikoyalari bor.

Afsuski, to‘qima emas. Rahmatjon akani talabalik davrlarimdan bilaman (1995 yillardan). Haqiqatparast. Adolatsizlikka, ayniqsa, ijtimoiy adolatsizlikka toqat qilolmaydi. Shuning uchun ham bo‘lsa kerak, yumshoq kresloda “sekretarsha” damlab bergan kofeni simirib emas, suv kechib, tuproq yutib, ketmon ko‘tarib yuribdi. Ishdan bo‘sh paytlarda muammolar, xossatan, qishloq ayollarining taqdiri haqida yozib turadi.

Oshin – yapon serialidagi jafokash qiz obrazi ekanini ko‘pchilik biladi. Rahmatjon akaning “oshin”lari esa Sizu bizning singlimiz, opamiz yo qizimizdir. Bunaqa hikoyalari juda ko‘p. Umumiy ma’nosi shuki, bir qulmat birovning gulday qiziga uylanadi, ammo uning uddasidan chiqmaydi: boqmaydi, yoqmaydi, pul topmaydi, davolatmaydi, uyini tuzatmaydi, ammo ichib olib bechora ayollarni urishni qoyillatadi, xolos.

Aksariyat errayimlar yillar Rossiya yo “qozoq”qa yo‘q bo‘lib ketadi, oilasiga pul yubormaydi. Ro‘zg‘or yuki bechora “oshin”larning gulday yelkasida. Hatto ayrim alkashlar ayoli kechgacha birovlarning yengil-og‘ir ishini qilib, qiynalib topib kelgan pulini tortib olib, unga ham o‘ziga o‘xshagan alkash ulfatlari bilan ichib kelarkan. Bunday hikoyalarni o‘qish uchun ham katta bardosh kerak odamga. Endi o‘sha opa-singillarimizning sabri haqida tafakkur qilib ko‘raylik...

Nega bunday bo‘ldi?

Avvallari bizning urf-odatlarga ko‘ra, ayollar ishlamagan. Uyda bekalik qilib o‘tirgan, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan. Hatto ko‘chasi boshidagi buloq yo hovuzga chiqib, bir chelak suv olib kelmagan. Ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz, agar biror xonadonda suv tugab qolsa-yu erkak kishi bo‘lmasa, paqirni ko‘chaga, darvoza oldiga chiqarib qo‘yishgan, yo‘lovchilardan biri buni fahmi bilan tushunib, darrov suv keltirib yana o‘sha joyga qo‘yib, yo‘lida davom etib ketavergan. Bolaligimizda ham birovning ayoli yoki qizi ko‘chaga suvga chiqsa, o‘sha erkakka isnod bo‘lgan, odamlar malomat qilgan. Birgina shu manzara orqali ota-bobolarimizning xotin-qizlarga nisbatan qanday hurmat va ehtirom ko‘rsatganini anglab olishimiz mumkin.

Bu kabi madaniyatning tub ildizi – Islomda, uning talablarida bo‘lgani tabiiy. Islom dini ayollarning huquqini judayam ko‘klarga ko‘targanini yaxshi bilamiz. Hozir bu haqida gapirib, vaqtingizni olmoqchi emasman. Birgina “Jannat – onalarning oyog‘i ostida”, “Kimki uch nafar (hatto ikki yo bir nafar) qizni o‘stirib, tarbiyalab va turmushga chiqarib va yaxshilik qilishni to‘xtatmasa, ul jannatidir”, degan mazmundagi hadislarni eslash kifoya.

Islomda ayolu erkak teng huquqli, lekin nafaqa (ro‘zg‘or yuki) erning zimmasiga yuklatilgan. Buni ta’kidlashimdan muddao shuki, oxirgi yillarda ayollarga bo‘layotgan ayrim zo‘ravonliklar bahona ba’zi islomofoblar ijtimoiy tarmoqlarda muqaddas dinimizga malomat toshini otyapti. “Mana, musulmonlar shunaqa, mana namozxonlar bunaqa!” deb ayyuhannos ko‘tarmoqda.

Yaqinda shunday holat yuz berdi. Ayoli vafot etgan yigitga nisbatan tuhmat uyushtirildi: “O‘lgan xotinini ikki kundan beri mashinasida olib yuribdi”, deb video chiqarib yuborishdi. Yigit namozxon (soqolli) bo‘lgani uchun ateistu deistu islomofoblarning kuni tug‘di. Malomatlar tinmadi. Ikkinchi tomon eshitilmadi. Hatto IIV, prokuratura kabi tizimlarga ham tuhmat qilindi.

Ana shu gaplarni yozgan “tuppa-tuzuk” professor ayol bilan ayni shu mavzuda gaplashdim. “Nega biror alkash yo ateist yoki benamoz (besoqol) kishi shunaqa ish qilsa, e’tibor bermaysizlar? Axir mastlikda xotinini bo‘g‘izlab, pichoqlab qo‘yayotganlar ko‘pku?” deb e’tiroz bildirdim. Avvaliga rosa o‘zini oqladi, lekin oxirida yorildi: “Agar dindor bo‘lmasa, odamlar oddiy qabul qiladi-da, chunki bu oddiy hol bo‘lib ko‘rinadi”, dedi. Bu qanchalik yuzsizlik ekanini aytmasam ham angladingiz, albatta.

Odamlarni, taqdirlarni kuzatishni yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, qo‘ni-qo‘shnilarimni... Abu Abdulloh Rudakiy hazratlari “Kimki bu hayotdan olmasa ta’lim, Unga dars berolmas hech bir muallim”, deb bejiz ta’kidlamaganlar. Hayotning o‘zi katta maktab aslida. Kuzatuvlarim natijasida xulosam shu bo‘ldiki, qaysi bir odam ayolini xo‘rlasa, Alloh o‘sha odamning umrining oxirini xor qilib qo‘yar ekan.

Har kuni ertalab piyoda yurgani chiqaman. Shifokor nonushtadan avval bir soat piyoda yurishni tavsiya qilgan. Har kuni tongda uch kishiga duch kelib o‘taman. Biri A’zam, ikkinchisi Hakim, uchinchisi Botir degan kishilar (ismlar o‘zgartirilgan). Uchchovining yoshlari 50-60 orasida. Biri arang oyog‘ini sudrab ko‘chaga chiqadi, ikkinchisi sahardan aroq ichgani, uchinchisi esa qayoqqadir ketayotgan bo‘ladi.

A’zam alkashning uch nafar qizi va ayoli ishlaydi, bu esa o‘shalarning pulini yalinib (goh o‘marib) ichib yotadi, xolos. Odamlik siyoqidan chiqib ketgan. Yoshlik paytlari ustachilik qilgan, o‘sha paytlari ham har kuni mast, ayoli va farzandlarini ayamay kaltaklardi. Hozir, o‘zi aytmoqchi, “yakkasinch” – kasalvand. Shunda ham ichishni tashlamaydi.

Hakim aka ham invalid, insult bo‘lganmi, yo asabdanmi, ishqilib oyog‘ini arang sudrab yuradi. Tili ham yaxshi aylanmaydi. Yoshligida tog‘ni talqon qiladigan darajada alpomishday kuchli edi. Haqiqiy azamat yigit bo‘lgan. Adashmasam, olti yo yetti marta uylangan. Ayollarini xo‘rlar, mast kelgan kunlari ayamay urardi. Qaysi xotinidan qancha farzandi borligini o‘ziyam aniq aytolmasa kerak. Hozirda biror xotini bilan birga emas. O‘z hovlisiniyam sotib yuborgan. Balki qimorda yutqazib qo‘ygandir, aniq bilmayman. Ota uyidan bir xonani ajratib berishgan. Ko‘rsangiz, rahmingiz keladi. Esiz odam deysiz.

Uchinchisiga kelsak... U oliy ma’lumotli, qaysidir institutda dars ham berardi. Karatechi ekanini aytishardi. Mashina savdosiga aralashib, juda katta pul topardi. Qo‘ni-qo‘shnilarini mensimas, ular bilan arang salom-alik qilardi, xolos. Bir kuni yarim kechasi Toshkentdan qaytayotsam, bir ayol ikki bolasini yetaklab ketayotgan ekan. Ko‘chada odam emas, mashina ham yo‘q. “Shu paytda qayerga ketayapti ekan?” deb o‘yladim hayron bo‘lib. Qaytib borib, yoniga to‘xtadim. “Uka, tuman markaziga tashlab qo‘ying”, dedi titroq ovozda. Rozi bo‘ldim. Yo‘lda “Opa, tinchlikmi?” desam, “Erim urib, haydab yubordi, ona uyimga ketyapman”, dedi.

Qo‘shnimiz Botirning xotini ekan. Keyin bilsam, ikki kunning birida shu ahvol ekan. Yetimlik bilan katta bo‘lgan xotini o‘gay ota uyiga borishdan ko‘ra zolim erning tayoqlariga chidab yashashga majbur ekan. Keyin birdan Botirning ishi orqaga ketdi, aytishlaricha, biznes sherigi 20 yo 30 ta mashinaning puliga “tushirib”, xorijga survoribdi. U qamaldi, dang‘illama hovlisi sotilib ketdi. Xotinini taloq qilgan ekan, keyin u ham boshqa turmush qilibdi. O‘n yillardan keyin qishloqqa qaytdi. Bir jiyanining uyida turar, ertalab qayergadir ketar, qilar ishining tayini yo‘q, uylanaman desa, birov qizini bermayapti ekan...

Men shu uch kishiga achinaman, rahmim keladi. Ammo shu bilan birga ayoliga, qizlariga qilgan zulmi uchun Alloh shunaqa ko‘yga tushirdimikin, deb o‘ylab qolaman. “Xotin kishi zaifa bo‘ladi, zaif-ojiz kishilarning orqasida esa Xudo turadi, bolam. Ayollarni xo‘rlamaslik kerak!” derdilar otam rahmatli. “Xotinining jahlingni chiqarsa, indama, alamingni o‘tin yorishdan ol! Kuchingni xotinga emas, o‘tinga ko‘rsat!” derdilar goho hazil aralash.

Gapni ortiqcha cho‘zmay, yuqoridagilardan xulosa chiqaraylik. Ziyolilarning aytishicha, sovet davrida arzon ishchi kuchini ko‘paytirish uchun “teng huquqlilik” niqobi ostida ayollarni og‘ir mehnatlarga jalb qilingan. Yuz yillar oldin dalada faqat erkaklar ishlagan, ayollar emas. Afsuski, o‘sha davrlarning zahasi haliyam bor. To‘g‘ri, islomda ham ayollarning ishlashiga ruxsat berilgan, ammo hamshira, shifokor, doya, o‘qituvchi, tarbiyachi kabi o‘z fitratiga mos sohalarda faoliyat olib borishlariga, xolos. O‘shanda ham ro‘zg‘or tebratish uchun emas.

Johil, nodon va hamiyatsiz kishilarni din tarbiyalashi mumkin. Qamoq, jarima kabi jazolar bilan ularni to‘xtatib bo‘lmaydi. Zero, maymunga miltiq berib, nishonni ko‘rsatganning foydasi yo‘q, oxiri falokat bilan tugaydi baribir.

Siz nima deysiz?
Ahmad Ali

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat