date

Misrda o‘zbek yoshlari yana medallar bilan quvontirdi

Ayni kunlarda Misrning Ismoiliya shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati qizg‘in va murosasiz bahslar bilan davom etmoqda. Dunyoning eng kuchli yosh sportchilari ishtirok etayotgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi vakillari ham munosib ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.

Ortda qolgan bahs kunida ham o‘zbekistonlik polvonlar muxlislarni quvontirishga muvaffaq bo‘lishdi. Terma jamoamiz hisobiga yana bitta kumush va bitta bronza medali qo‘shildi. Bu esa mamlakatimiz og‘ir atletika maktabi yil sayin yangi iqtidorlarni kashf etayotganini yana bir bor namoyon qildi.

-79 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan iqtidorli sportchimiz Boburmirzo Yoqubov dast ko‘tarish mashqida 152 kilogramm natija qayd etib, jahon chempionatining kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Hamyurtimiz musobaqa davomida o‘zining kuchli irodasi va yuqori tayyorgarligi bilan ajralib turdi. Ayniqsa, hal qiluvchi urinishlardagi ishonchli harakatlari mutaxassislar va muxlislar e’tiborini tortdi.

Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda ham O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarildi. -63 kilogramm vazn toifasida qatnashgan Ziyoda Xudoyqulova dast ko‘tarish bahsida 93 kilogrammlik natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yosh sportchimiz musobaqada katta matonat va sabr namoyon qilib, kuchli raqibalar orasida munosib o‘rin egalladi.

Mutaxassislar fikricha, bu kabi xalqaro musobaqalar yosh sportchilarning tajriba to‘plashi va kelajakda katta arenalarda muvaffaqiyat qozonishi uchun muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, jahon chempionati darajasidagi bahslarda medal qo‘lga kiritish katta mehnat va jiddiy tayyorgarlik samarasi hisoblanadi.

E’tiborlisi, O‘zbekiston terma jamoasining musobaqadagi ishtiroki hali davom etmoqda. Oldinda yana bir qator bellashuvlar bor va muxlislar hamyurtlarimizdan yangi g‘alabalarni kutishmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Misrda o‘zbek yoshlari yana medallar bilan quvontirdi