19:43 / 10.12.2022
3 878

O‘zbekni qirib general bo‘lgan bosqinchi haqida tarixiy haqiqatlar...

O‘zbekni qirib general bo‘lgan bosqinchi haqida tarixiy haqiqatlar...
Skobelev Mixail Dmitriyevich (1843–1882) – general-mayor (1875), general-ad’yutant (1878), infanteriya (piyoda qo‘shinlar) generali (1881). U Xiva yurishidagi, Qo‘qon xonligini tugatishdagi bosqinchilik harakatlarida o‘ta shafqatsizlik ko‘rsatgan, Namangan hujumkor ekspeditsion otryadining qo‘mondoni (1875–1876), Farg‘ona viloyatining birinchi harbiy gubernatori (1876–1877) edi. So‘ngra Rossiya – Turkiya urushida (1877–1878) qatnashgach, yana Markaziy Osiyoga qaytib, 2-Axaltaka (Turkman) ekspeditsiyasiga (1880–1881) rahbarlik qilgan va bu qirg‘inlarning barida behisob musulmonlar qonini to‘kkan, 1882 yil 7 iyul kuni Moskvada to‘satdan vafot etgan. Harbiylik kasbi unga ajdodlaridan meros bo‘lib, bobosi Ivan Nikitich Skobelev (1778–1849) va otasi Dmitriy Ivanovich Skobelev (1821–1880) ham general bo‘lgan.

Polkovnik Skobelev Namanganga ilk marta 1875 yil 26 sentyabr kuni general Kaufman qo‘mondonligidagi istilochi korpus tarkibida qadam qo‘ygan. Uning imperiya manfaatlarini himoyalash yo‘lida Namanganda qilgan zolimliklari behisob. O‘sha vaqtdagi rus matbuoti bu haqda mushtariylarni muntazam xabardor qilib borardi. Daryodan tomchi deganday, biz ayrimlarini sanab o‘tamiz: 1875 yilning o‘zida Toshbuloq va Jiydakapani (2 noyabr), Baliqchini (12 noyabr), Cho‘jani (26 dekabr), Xo‘jaobodni (27 dekabr), Haqqulobodni (28 dekabr) vayron qildi, yondirdi, taladi, aholini tutday to‘kib tashladi.

Shuningdek, oktabr oyida Namanganning bo‘ysunmas hokimi Botirxon To‘rani qo‘llab-quvvatlagan To‘raqo‘rg‘on va Namangan shahri ahlini ayovsiz qirgan. Namanganda mustamlakachilik tuzumi o‘rnatilishiga Turkiston general-gubernatori Kaufmanning o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. U ishongan polkovnik Skobelevning avvaldagi xizmatlari imperator (Aleksandr Ikkinchi) tomonidan muntazam taqdirlanib, ko‘ksi orden-medalga to‘lgan edi. Oktabrning 16-kuni olingan shoshilinch telegraf xabari yana ham quvonchli bo‘ldi - Skobelevga general-mayor unvoni berilgandi.

K.P.Kaufman uni tabrikladi va Namanganni yosh generalning qo‘liga topshirib, Qo‘qonga, undan Toshkentga jo‘nab ketdi. Shuningdek, 1-Turkiston o‘qchi bataloni komandiri podpolkovnik Garnovskiy Namangan shahriga komendant, mayor Skryatin esa Chust garnizoniga boshliq qilib tayinlandi. Umuman, general Skobelev qo‘l ostida sapyor va komandirlar bilan 14 ta rota, besh yarim kazaklar yuzligi, 18 ta zambarak va 4 ta raketa stanogi qoldirilgandi. Oktabr oxirlarida 2-Turkiston batalonidan polkovnik Pichugin rahbarligidagi 2 ta rota, ikki kazaklar yuzligi ham (ikkita zambarak bilan) Skobelevning ixtiyoriga berildi.

Bu 4 mingga yaqin tish-tirnog‘igacha qurollangan dahshatli kuch ediki, ularning vazifasi yagona: xalqni zo‘ravonlik bilan bo‘ysundirish va o‘ziga xos tartiblarini majburan joriy etish edi. General Skobelev zimmasidagi bu topshiriqni Namanganda talab etilganidan ham ancha oshirib uddaladi. Andijonga yurish qilib, shahar ahlini qirg‘in qildi, qo‘shni qishloqlarni ham ayab o‘tirgani yo‘q. Qo‘qon o‘rdasigacha kirib borib, Nasriddinbekni taxtdan quvishga, Po‘latxon va boshqa qo‘zg‘olonchilarni dorga tortishga ham o‘z hissasini qo‘shdi.

Axiyri, Qo‘qon xonligini batamom tugatib, uning hududini Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shish ishtirokchisi bo‘lib tarixda qoldi. Bu borada imperator Aleksandr Ikkinchi tariximizdagi juda yomon bir ishga qo‘l urdi: 1876 yilning 19 fevral kuni Qo‘qon xonligini batamom yo‘qotish, uning o‘rnida Farg‘ona viloyatini tashkil etish haqidagi farmonga imzo chekdi.

Zero, shu kuni rus podshohi taxtga chiqqaniga (1855 yil 19 fevral) roppa-rosa 21 yil to‘lgandi. 1876 yil 2 martda Farg‘ona viloyati tashkil topdi va 33 yashar general-mayor Mixail Dmitriyevich Skobelev yangi ma’muriy hududning harbiy gubernatori lavozimiga tayinlandi. Viloyat 7 uyezdga bo‘lindi: Namangan, Chust, Andijon, O‘sh, Marg‘ilon, Qo‘qon, Isfara. Keyinroq Chust (1897) va Isfara uyezdlari tugatilib, Sirdaryoning o‘ng yoqasidagi barcha shahar, qishloq va ovullar (toki shimoldagi tog‘lar orasigacha) Namangan tasarrufiga berildi.

Albatta, Namanganni bo‘ysundirishda Skobelev yolg‘iz emasdi: aka-uka Meller-Zakomelskiy, Pichugin, Obrompalskiy, Komarov, Androsov, Shtakelberg, Skryatin, Ranau, Ionov, Serpitskiy, Everts, Rjepetskiy, Topchevskiy, Smirnov, Vongradskiy, Yermolov, Solovyov, Andreyev, Melyanin, Desyatov kabi baronlar, polkovniklar, podpolkovniklar, mayor va shtabs-kapitanlar, poruchiklar, praporshchik va yasovullar uning yoniga kirib, bor shafqatsizliklarini ishga solishdi, o‘z baloyi nafslarining g‘amini yeyishdi.

Ulardan biri Kuropatkin Aleksey Nikolayevich (1848–1925) bo‘lib, Namanganni, Andijonni, Qo‘qonni asoratga solgan chog‘lari bor-yo‘g‘i shtabs-kapitan edi. Turkiston unga shunchalar yoqib qoldiki, 19-asrda to‘rt marta - 1866–1871, 1875–1877, 1879–1883 yillarda o‘lkamizda xizmat qildi va yana qaytib keldi-da (1890), to 1897 yilgacha Zakaspiy oblastida gubernator bo‘lib ishladi.

Bu yerdan ko‘tarilib ketib, Rossiya imperiyasining harbiy vaziri (1898–1904) bo‘ldi, 1901 yili pogoniga generallik yulduzi taqildi. Lekin quyoshli o‘lkadan tuz-nasibasi hamon uzilmagan ekan: Kuropatkin 1916 yil iyulda tag‘in Toshkentga keldi va 1917 yilning fevraligacha Turkiston general-gubernatori lavozimida xizmat qildi. Yomon ishlagani yo‘q, masalan, 1916 yilgi xalq qo‘zg‘olonini ayni shu general qonga botirgandi...

Skobelevga qaytadigan bo‘lsak, u haqda ko‘p kitoblar yozilgan. Ibratning “Farg‘ona tarixi”, Bayoniyning “Shajarai Xorazmshohiy” asarlarini o‘shalar sirasiga kiritish mumkin. Ibrat uni “Isqoblub”, Bayoniy esa “Siqubluf” deb ataydi. Qaylardadir, masalan, Bolgariyada haykali bor degan gaplar yuradi. Qo‘qon xonligi o‘rnida yangi viloyat tuzilgach (1876), harbiy gubernator yevropacha loyihadagi ma’muriy markaz qurishga ijozat oladi va o‘zi joy tanlaydi. Muhandis I.U. Jilin loyihasi asosida 1877 yil iyun oyidan qurilish boshlanadi.

Lekin istilochi qo‘mondonga orzulari ro‘yobini ko‘rish nasib qilmaydi, bolgarlarni turklardan himoya qilishga safarbar etiladi, keyin Parijga boradi va 39 yoshida o‘lib qoladi. O‘zbeklarning puli, qo‘li va qullarcha mehnati bilan qad rostlay boshlagan shahar el og‘zida Yangi Marg‘ilon atalardi, 1907 yili chor ma’murlari unga Skobelev nomini qo‘yadilar va bu 1924 yilgacha saqlanadi. Mustamlaka davrida Namanganda ham Skobelev (hozirgi Mashrab) ko‘chasi bor edi.

Bir so‘z bilan aytganda, Skobelev – bosqinchi, uning yurtimizdagi qonli faoliyati haqidagi ma’lumotlarga bir maqolaning qulochi yetmaydi. Skobelev tarixiy shaxs va bosqinchi sarkarda sifatida o‘zbek xalqining ashaddiy dushmani ekaniga shubha yo‘q, albatta. O‘z vatanida esa u hozirgacha shavkatli zot hisoblanadi, uning o‘zgalar uchun faqat kulfat sanaluvchi g‘alabalarini Rossiyada shon-shavkat deb biladilar va “oq general”ning sirli o‘limi tafsilotlari ustida bugun ham bosh qotiradilar.

Chunki, Skobelev 1882 yil 24 iyun kuni Moskvadagi “Angliya” mehmonxonasida tunab qolgan va soppa-sog‘ bo‘lsa-da, yarim kechada o‘ligini topishgan. (Qurbon bo‘lgan o‘n minglab begunoh musulmonlarning ohi Allohga yetgandir-da, degan fikr xayolga keladi!) Uning murdasi yuklangan motam poyezdiga 15 ta vagon tirkalgan bo‘lib, Ryazandagi otameros Spasskoye chorbog‘iga olib borilgan va ajdodlari xilxonasiga dafn etilgan.

Skobelev o‘z joniga qasd qilgani, Germaniyadan qotil jo‘natilgani, mehmonxonadagi qo‘shnilar zaharlashgani, fransuz masonlari buni yeng ichida uyushtirgani, qotillik podshoh Aleksandr Uchinchi bilan yomon aloqasi tufayli sodir bo‘lgani yoki ad’yutanti o‘ldirgani, Berlindan kelgan fohishalar maxsus topshiriqni bajargani...

Xullas, bu masalada bir qancha taxminlar bor. Uni o‘z yurtida vatanparvarlik timsoli hisoblashadi. Tariximizda oq dog‘lar bo‘lmasligi yo‘lida kurashilar ekan, mustamlakachi arboblar faoliyatini o‘rganish ham ilmiy-tarixiy zarurat, albatta. Qolaversa, baxtga qarshi, Namanganda turib, general unvonini olgan eng birinchi qo‘mondon Skobelev edi.

Rustamjon UMMATOV.
(«Namangan haqiqati», 2022 yil 8 dekabr.)

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekni qirib general bo‘lgan bosqinchi haqida tarixiy haqiqatlar...