06:36 / 30.01.2023
1 723

Mirkomilboyni taniysizmi?

Mirkomilboyni taniysizmi?
Azizlar, bu postni qo‘yishimga Andijondan mashhur boy Mirkomil Mirmo‘minboyevning nabirasi Sardorbekning muzeyimizga yozgan arizasi sabab bo‘ldi. Aytishlaricha, Mirkomilboyning nabirasi Mavludaxon aya umrining so‘nggi damlarigacha rahmatlik bobolari Mirkomilboyning oqlanishi haqida qayg‘urib o‘tgan ekan. Bu haqda internet tarmog‘ida ham ma’lumotlar juda kam. Hatto, Mirkomilboy deb taqdim etilayotgan asosiy surat ham u kishi emas, marg‘ilonlik do‘stining surati ekan. Deyarli barcha saytlarda ustoz Sirojiddin Ahmadning materiali aylanadi. Ustoz Xurshid Davron kutubxonasidan taniqli yozuvchilarimizdan Xurshid Do‘stmuhammadning “Qazo bo‘lgan namoz” hikoyasini o‘qib ko‘zimda yosh g‘iltilladi. Olimjon Xoldorning ham “Mirkomilboy” nomli romani bor ekan. Afsuski, topa olmadim.

Asosiy ma’lumotlar Mirkomil Mirmo‘minboyev (1882-1918) “Rus-Osiyo” banki muassislaridan bo‘lib, yangi zamondagi o‘zbek sanoatchi boylarining yorqin vakili. Mirkomilboyning Andijonda 5 ta paxta zavodi, bir necha shaharlarda savdo rastalari, bog‘lari, katta yerlari bo‘lgan. 1911 yil xususiy mablag‘i oltin pul hisobida 14 mln. so‘mga yetgan edi. Mirkomilboy Turkiston va Yevropa mamlakatlari o‘rtasida savdo munosabatiga asoschilari biri hisoblanadi. U Germaniyaning Shlossberg, Kraft firmalari bilan savdo aloqasi o‘rnatgan, Berlin, London, Parij va Istanbulga borib, mahalliy sanoatchilar bilan savdo ishini yo‘lga qo‘ygan.

1902 yil Andijonda sodir bo‘lgan dahshatli zilzilalardan so‘ng shaharni qayta tiklash ishida ulkan sahovat ko‘rsatdi. Andijon shahrida 30 o‘quvchiga mo‘ljallangan internat maktab, 100 talabaga muljallangan madrasa, kasalxona qurmoqchi bo‘lib, loyiha tayyorlab, mahalliy ma’murlarga taqdim etgan. Mirkomilboy 1918 yil “Shuroi islom” tashkilotining Andijon bo‘limiga rahbarlik qilgan va jadidlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgan. Turkiston Muxtoriyati qonga botirilishi ortidan bolsheviklar tomonidan otib tashlangan...

Darhaqiqat, men ham maxsus o‘rganmagan ekanman. Eshitgan va ba’zi ko‘rganlarimga qaraganda Mirkomilboyning katta bobosi Miryunusboy Buxoroning mang‘it amirlari xonadonidan bo‘lib Doniyolbiyning amakisi bo‘lgan. Taxt uchun kurashmi yo boshqa fitnalar boismi Miryunusboy Buxoroni tark etib oilasi bilan Andijonga ko‘chib kelgan. Katta yerlar sotib olib ziroatchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Keyingi avlodlar ham asosan dehqonchilik va savdo bilan boy bo‘lib hamisha o‘zini siyosatdan uzoq tutishganlar. Bu suloladan Mirkomilboy katta muvaffaqiyatga erishdi. Birja, bank sohasi, yerlarni ko‘paytirish, paxta savdo-sanoati natijasida tez orada nafaqat Turkistonda, balki, butun Chor imperiyasida sanoqli boylar qatoridan o‘rin oldi.

Ammo, keyingi yillarda Moskovda topgan bir ayolining qadami bexosiyat keldi. Andijonga kelishi bilan biznes hamkorlari bilan nizo va mish-mishlar avj oldi. Boqib yurgan laylagi bir ko‘zini o‘yib oldi. Germaniyaga borib o‘sha ko‘zni shisha qilib keldi. Ammo vaziyatni yaxshilay olmadi. Chor ma’murlari uning har qadamini kuzatuvga oldi. Bir necha marta hibs va tergovlar boyning sog‘ligiga zomin bo‘ldi. “Ofati jon” ham Sharqiy Turkiston sari daf bo‘ldi. Xo‘sh, nimaga? Boisi, Germaniyada yurgan Mirkomilboy faqat Andijonga avtomobil olib kelishga bormagan edi. Makkai munavvarada ulkan qurilish boshlash bilan turk mujohidlarini qo‘llab-quvvatlashga ham kattagina mablag‘ yo‘llaydi.

Turkistonda jadid taraqqiyparvarlari orzu qilgan muxtoriyat uchun, istiqlol uchun o‘zicha siyosiy, harbiy kuch qidirishga kirishadi. Mahalliy yigitlarga homiylik qilib, ulardan jahon savdo sanoat bozorida o‘z so‘zini ayta oladigan yetuk mutaxassislarni tarbiyalashga zimdan kirishadi. Xatto, ba’zi o‘rinlarda yozilishicha, Muhammad Aminbek haqida eshitgan Mirkomilboy unga o‘zining turli yo‘llar bilan jamg‘arib qo‘ygan qurollari joyini aytgan va ma’lum miqdorda pul bergan. Shu yerda ayrim tergov bayonnomalariga ham murojaat etsak.

Abduqodir Qushbegiyev 1937 yil 9 avgust kuni so‘roqda o‘zining rus tuzem maktabidan so‘ng gimnaziyada o‘qigani, 1905 yildan Mirkomilboy Mirmo‘minboyevning xizmatiga kirib, 1917 yilgacha uning paxta savdosida boshqaruvchi bo‘lib ishlaganini aytadi.

1917 yil oxirlarida Andijondan musulmon byurosiga vakil sifatida Toshkentga borgani, u yerdan Qo‘qonga kelib, Turkiston Muxtoriyati hukumatidan o‘rin olganini hikoya qiladi. Darhaqiqat, Abduqodir Qushbegiyevdek asrimiz boshida Turkiston siyosiy hayotida muhim o‘rin tutgan odamlarning Mirkomilboy Mirmo‘minboyev jamoasida bo‘lishi ham uning siyosiy qiyofasini ko‘rsatadi. Abduqodirbek Turkiston SSR Yer ishlari komissari bo‘ldi. 1925 yil aksilinqilobchi sifatida qamoqqa olinib 10 yilga konslagerga hukm etilgan edi.

Andijonlik taraqqiyparvar Burhon Mashrabi 1923 yil 27 oktabr kuni so‘roqda: 1918 yil Turkiston Muxtoriyati noziri Obid Chatoq Husayn ismli turk ofitseri bilan 60 nafar mahalliy yoshlarni Andijonga Mirkomilboyning bir uyiga joylashtirgan edi. Subay Husayn Jigit ularga harbiy ta’limdan dars bera boshladi. Ularning orasida keyinroq Germaniyaga o‘qishga ketgan Temurbek Qazbekov ham bor edi. Yigitlar Qo‘qonga yo‘lga chiqish oldidan Turkiston Muxtoriyati ag‘darilgani va shahar olov ichida qolgani xabari yetib keldi. Husayn subay yigitlarni olib to‘g‘ri bosmachilik harakatiga (istiqlolchilar) qo‘shildi.

Aynan shu yigitlar 1923 yilgacha Farg‘ona vodiysida qizil armiyaga qarshi kurashning o‘zagi bo‘ldilar. Subay Husayn Jigit Mahkamhojining yigitlari orasida yurib, ularni harbiy o‘quvga tayyorlar edi. Obid chatoq pul masalasida, Hasanxon va Husaynxon Niyoziylar mafkura ularni bilan qo‘llab turardi. Yashirin yig‘inlar tashkil etilib, mahalliy boylar ham ularni qo‘llab quvvatlashga harakat qilishardi, deydi. Agar shu guvohliklarga ishoniladigan bo‘lsa, Mirkomilboy haqiqatan ham Turkiston istiqloli uchun jon kuydirgan milliy boylarimizdandir.

Avvalgi yili Andijonga borganimda Mirkomilboyga tegishli mulklarni qidirdim. Afsuski, park yana qancha qurilishlar bo‘lib izini ham qoldirishmabdi. So‘ng Mirkomilboyning asosiy "raqibi" deya ko‘rilgan Mirahmadboyning uyini ziyorat qildim. Ha, ular deyarli qo‘shni ham bo‘lishgan. Uy qanchalik tariximiz uchun muhim bo‘lmasin bugun yarim vayrona, abgor holatda. Hokimiyat bir repititorga ijaraga bergan ekan.

Arizaga ilova qilingan hujjatlarni varaqlar ekanman, shunday xulosaga keldim: og‘ir zamonlarda ham muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zgan, millat hurriyati, ummat dardi, Turkiyadagi qardoshlarimiz boshiga tushgan qiyinchiliklarga hamdard bo‘lgan shahid bobomiz Mirkomilboy Mirmo‘minboyevni oqlash masalasi ham mustaqil vatanimiz oldidagi mas’uliyatli vazifalardan hisoblanadi.

Bahrom Irzayev,
tarix bo‘yicha falsafa fanlari doktori

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat