Ayni vaqtda O‘zbekistonning yirik shaharlari orasida havo qatnovlari juda cheklangan holda amalga oshmoqda. Masalan, Urganchdan Farg‘onaga yoki Samarqanddan Nukusga bevosita aviaqatnovlar mavjud emas, bu esa ichki turizm va sayyohlar harakati uchun jiddiy to‘siq hisoblanadi. Hozirgi paytda faqat Toshkent orqali parvozlar yo‘lga qo‘yilgani ma’lum.
Turizm sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish va xorijiy mehmonlar oqimini ko‘paytirish maqsadida mamlakat hududlari orasida ham to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi fikrlar Strategik islohotlar agentligida «Reformatics» konsalting kompaniyasi rahbari Nika Gilauri bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surildi, deb xabar berdi agentlik matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kompaniya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga qaratilgan 2040-yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli strategiya ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonda ekspertlar mamlakatdagi mehmonxonalar va turoperatorlar holatini, transport infratuzilmasini, viza siyosati bilan bog‘liq masalalarni, turli hududlarning sayyohlik salohiyati hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarini puxta o‘rganishdi.
«O‘tgan yilning o‘zida mamlakatimizga 10 milliondan ziyod xorijiy turist tashrif buyurdi. Lekin tarixiy yodgorliklar, madaniy meros, go‘zal tabiat manzaralari va gastronomik imkoniyatlarga nisbatan bu raqam yetarli emas. Shu sababli sayyohlar sonini yillik 20 million nafarga yetkazish, yuqori daromadli mehmonlarni jalb etish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan», deyiladi xabarda.
«Reformatics» mutaxassislari bu yo‘lda beshta ustuvor yo‘nalishni taklif qilgan: madaniyat va tarixiy merosni ommalashtirish, gastronomik turizmni rivojlantirish, lyuks va elita sayyohat xizmatlarini kengaytirish, ko‘ngilochar yo‘nalishlarni ko‘paytirish va innovatsion turizm yo‘nalishlarini joriy etish. Bu o‘z navbatida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yangi turistik mahsulotlar yaratish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va samarali marketing orqali O‘zbekistonni xalqaro maydonda yanada keng targ‘ib qilishni talab etadi.
Strategik islohotlar agentligi direktori ta’kidlaganidek, turistlarning mamlakatga kelishiga ta’sir etuvchi eng muhim omillardan biri transport sohasi hisoblanadi. Xalqaro reyslarni ko‘paytirish bilan bir qatorda, hududlar orasida ham faqat poytaxt orqali emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlarni tashkil etish zarurligiga alohida urg‘u berildi.
Shu maqsadda, «Reformatics» konsalting kompaniyasi mutaxassislari har bir hududga tashrif buyurib, mahalliy mutasaddilar bilan birgalikda qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganishga kelishib olindi. Bu esa viloyatlar salohiyatidan to‘laqonli foydalanish va mamlakat turizm strategiyasini amaliy natijalar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!