Futbol olamining yuraklarni larzaga solgan xabari – “Real Madrid” va Ispaniya terma jamoasining sobiq afsonaviy darvozaboni Xose Arakistayn 88 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda madridlik klubning rasmiy sayti orqali ma’lum qilindi.
“Qirollik klubi”ning rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, klub prezidenti va direktorlar kengashi jamoa tarixida o‘chmas iz qoldirgan Xose Arakistaynning vafoti munosabati bilan chuqur qayg‘uda. Shuningdek, klub marhumning yaqinlari, oila a’zolari va do‘stlariga samimiy ta’ziya izhor etdi.
Arakistayn professional faoliyatini o‘z yurtidagi “Real Sosedad” klubida boshlagan. 1956–1961-yillar mobaynida ushbu jamoa sharafini himoya qilgan tajribali posbon keyinchalik “Real Madrid”ga o‘tib, 1968-yilgacha “qirollik klubi” safida to‘p surdi.
Madridliklar tarkibidagi yetti mavsumda u 97 ta rasmiy uchrashuvda darvozani qo‘riqlab, olti marta Ispaniya chempioni bo‘ldi, bir marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. 1966-yilda esa “Real” bilan Yevropa chempionlari kubogini yutib, o‘z nomi bilan tarixga muhrlandi.
Faoliyatining so‘nggi yillarini u “Elche” va “Kastelon” klublarida o‘tkazdi. Shu bilan birga, Xose Arakistayn Ispaniya milliy jamoasi safida ham to‘p surib, 1962-yilda Chilida o‘tgan Jahon chempionatida ishtirok etdi.
Uning 1973-yilda yakunlangan professional faoliyati futbol muxlislari yodidan hech qachon chiqmaydi. Arakistayn nafaqat o‘zining mahoratli seyvlari, balki fidoyilik va sadoqati bilan ham millionlab muxlislarning qalbida o‘chmas iz qoldirdi.
Futbol olami uning nomini hurmat va ehtirom bilan tilga oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!