303
[img]https://zamin.uz/uploads/posts/2023-04/1568222265142974204.jpg[/img] Shariatning buyruq va qaytariqlari, ya’ni shar’iy takliflar ikki qismga bo‘linadi. Birinchisi, zohiriy ishlarga taalluqli bo‘lgan amallar. Bularga namoz, zakot, ro‘za, savdo,
![[img]https://zamin.uz/uploads/posts/2023-04/1568222265142974204.jpg[/img] Shariatning buyruq va qaytariqlari, ya’ni shar’iy takliflar ikki qismga bo‘linadi. Birinchisi, zohiriy ishlarga taalluqli bo‘lgan amallar. Bularga namoz, zakot, ro‘za, savdo,](/uploads/posts/2023-04/1568222265142974204.jpg)
Shariatning buyruq va qaytariqlari, ya’ni shar’iy takliflar ikki qismga bo‘linadi. Birinchisi, zohiriy ishlarga taalluqli bo‘lgan amallar. Bularga namoz, zakot, ro‘za, savdo, nikoh, taloq kabi shari’at o‘rganadigan amallar kirib ketadi. Ikkinchisi, botiniy ishlarga taalluqli bo‘lgan amallar.
Biz, ko‘pchiligimiz yuqoridagilardan birinchisiga jiddiy e’tibor qaratamiz, ya’ni namozlarimizni vaqtida o‘qishga, zakotimizni vaqtida berishga, savdo-sotiq ishlarida halollikka e’tibor beramiz. Ammo ikkinchi qismga – botiniy ishlarga taalluqli bo‘lgan amallarga biroz beparvo munosabatda bo‘lamiz.
Bu ikki turdagi amallarni insonning tanasi va jismi ila bajariladigan amallar hamda qalbi bilan bajariladigan amallar, deb ta’riflasak ham tushunarliroq bo‘ladi.
Jismga taalluqli amallar ham ikki turga bo‘linadi. Birinchisi, namoz, zakot, haj... kabi ilohiy buyruqlar. Ikkinchisi, qotillik, zino, o‘g‘irlik... kabi ilohiy qaytariqlar.
Xuddi shu kabi qalb amallari ham ikki turga: Allohga, farishtalarga... imon keltirish, ixlos, qazoi-qadarga rozi bo‘lish, xushu’, tavakkul kabi buyruqlar va kufr, nifoq, kibr, riyo, g‘urur, kek-adovat, hasad kabi qaytariqlarga bo‘linadi.
Alloh taoloning nazdida jismoniy amallardan ko‘ra qalb amallari muhimroq. Garchi amallarning ikkala turi ham ahamiyatli bo‘lsada, eng muhimi qalbga tegishli amallardir. Chunki botin – qalb, zohirning – tana a’zolarining asosi hisoblanadi. Insonning avvalo ichki olami sog‘lom bo‘lsa, keyin tashqi jismi sog‘lom bo‘ladi. Botiniy amallar zohiriy amallarning boshlanishidir. Botinning buzuq bo‘lishi zohiriy amallarning mukammalligiga futur yetkazadi. Bu haqda Alloh taolo aytadiki: “Kim Robbisiga yo‘liqishni umid qilsa (xohlasa), solih amal qilsin va Robbisining ibodatiga biror kishini sherik qilmasin”. Alloh taolo ushbu oyati karimada O‘ziga yo‘liqishni umid qilgan bandalariga solih amal qilish bilan birga Allohga ibodatda shirk keltirmaslik lozimligini uqtirmoqda. Shirkdan xoli bo‘lish esa qalb amali hisoblanadi. Biz ko‘plab amallarimizga o‘zimiz bilmagan holda riyo orqali odamlarni sherik qilib qo‘yamiz. Hech bo‘lmaganda ujub bilan o‘zimizni sherik qilamiz. Bularning muolajasiga qalb muolajasi bilan erishiladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom ham bor e’tiborlarini sahobalarning qalblarini isloh qilishga yo‘naltirdilar. Sahobalarga insonning solih bo‘lishi qalbning maxfiy kasalliklardan xoli bo‘lishiga bog‘liq ekanini tinimsiz bayon qilib bordilar. Shu jumladan aytdilarki: “Ogoh bo‘ling! Jismda bir parcha bor. Agar o‘sha parcha solih bo‘lsa, butun tana solihdir. Agar o‘sha parcha fasod bo‘lsa butun tana fasoddir. Bilib qo‘ying! Bu parcha - qalbdir”.
Shuningdek, Nabiy alayhissalom sahobalarga ta’lim berib aytmoqdalarki, Alloh taoloning bandalarga bo‘lgan nazari qalbga bo‘ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz aytadilarki: “Alloh taolo sizlarning jasadlaringizga qaramaydi, suratlaringizga boqmaydi, balki Alloh sizlarning qalbingizga qaraydi”.
Demak, qalb Alloh taolo nazar soladigan makon hisoblanadi. Alloh nazar soladigan makonni turli iflosliklardan tozalash esa eng muhim ish sanaladi. Tashqi ko‘rinishimizni go‘zal qilib, qalbimizni tashlab qo‘yishimiz to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Modomiki insonning solih bo‘lishi qalbning solih bo‘lishiga bog‘liq ekan, biz ana shu qalbimizning islohi uchun amal qilmog‘imiz lozim bo‘ladi. Demak, qalbimizni yomon sifatlardan xoli qilishimiz va yaxshi sifatlar bilan ziynatlashimiz kerak. Ana shunda qalbimiz sog‘lom bo‘ladi va ana shunday pok, sog‘lom qalb egasi qiyomatda najot topuvchilardan bo‘ladi. Zero “Qiyomat kuni shunday kunki, unda mol-dunyo, farzandlar foyda bermaydi. Faqatgina Allohning huzuriga sog‘lom qalb bilan kelganlargina foyda topadi”.
Jaloliddin Suyutiy rohimahulloh aytadilarki: “Qalb ilmi, uning hasad, riyo, ujub va shu kabi kasalliklarini bilish va o‘rganish hukmiga to‘xtalsak, Imom G‘azzoliy aytganlaridek, farzi ayndir. Qalbni poklash, nafsni turli kirdikorlardan tozalash farzi aynlarning eng muhimlaridan hisoblanadi”.
Alloh taolo aytadiki: “Ayting Muhammad alayhissalom, Albatta Robbim fahsh ishlarni zohirini ham botinini ham harom qildi”. Demak Alloh taolo ham zohiriy ham botiniy gunohlarni harom qilmoqda. Botiniy g‘unohlar deganda esa shubhasiz qalb amallari nazarda tutilgan. Shari’atimiz ham zohirni ham botinni isloh qilishga e’tibor qaratadi. Zohirimizning muolajasi bilan shug‘ullanadigan ilm fiqh ilmi deyilsa, botinning muolajasi bilan shug‘ullanadigan ilm tasavvuf deyiladi.
Boshqa bir oyatda esa Robbimiz aytadiki: “Fahsh ishlarning zohiriga ham botiniga ham yaqinlashmang!”. Bu oyatda ham zohir ham botinga e’tibor qaratilmoqda. Mufassirlar ushbu oyatning tafsirida botiniy fahsh ishlarga misol o‘laroq adovat, riyokorlik, hasad, nifoq kabilarni keltirishgan.
Hadisi shariflarda ham qalb islohotining muhimligiga dalolat qiluvchi ma’nolar bisyor. Masalan, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlarki: “Iymon yetmishdan ortiq sho‘ba(bo‘lak)dan iborat. Ularning eng yuqorisi “Laa ilaha illalloh” kalimasini aytish bo‘lsa, eng quyisi yo‘ldan aziyat beruvchi narsani olib tashlashdir. Hayo ham imondan bir sho‘ba(bo‘lak)dir”.
Ushbu hadisdan bilib olish mumkinki, hayo – imondandir. Hayo esa qalbda bo‘ladi. Qalbi fasod bo‘lgan kishida hayo bo‘lmaydi.
Xulosa o‘rnida aytdigan bo‘lsak, qalb islohotiga doir bo‘lgan amallar bevosita imonga aloqador amallar hisoblanadi. Imonning kamoloti hadisi sharifda aytilgan yetmishdan ortiq sho‘balarning kamolotiga bog‘liq. Tasavvufning ahamiyati esa imonning ahamiyatiga bog‘liq.
Mubashshir Ahmadning “Tasavvuf darslari” asosida
Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil tayyorladi
Manba: Azon.uz
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar