date

Akmal Rustamov: «Haqiqiy golimiz yana hisoblanmadi»

Akmal Rustamov: «Haqiqiy golimiz yana hisoblanmadi»

Superliganing 20-turidan o‘rin olgan «Qizilqum» – «Bunyodkor» (1:1) bahsidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Akmal Rustamov matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, jamoa imkoniyatlardan unumli foydalanganida yirik hisobda g‘alaba qozonishi mumkin edi. Shu bilan birga murabbiy hakamlar faoliyatiga ham e’tiroz bildirdi.

«Vaziyatlardan foydalanolmadik»

— Hammaga salom. O‘yin og‘ir bo‘lishini oldindan bilgandik. «Xorazm»ga qarshi sun’iy maydonda to‘p tepib kelgandan so‘ng tabiiy maydonga moslashish oson kechmadi. Shunga qaramasdan yigitlarga minnatdorchilik bildiraman, ular bor kuchlarini berib harakat qilishdi. Agar yaratilgan imkoniyatlarni golga aylantira olganimizda, 3-4 to‘plik farq bilan g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Afsuski, vaziyatlar samarasiz yakunlandi va natijada bir ochkodan bo‘lishib oldik, — dedi Akmal Rustamov.

«Tanaffusda ishlashni to‘xtatmaymiz»

Murabbiyning ta’kidlashicha, Superligadagi qisqa tanaffus jamoa uchun foyda keltirishi kerak:
— Biz allaqachon reja tuzganmiz. Futbolchilarga uch-to‘rt kun dam berishni, so‘ng Navoiy shahrida yig‘in boshlashni ko‘zlaganmiz. Shuningdek, o‘rtoqlik uchrashuvlarini ham kelishib qo‘yganmiz: Navoiyda bitta, Toshkentda esa ikki nazorat bahsi o‘tkazish niyatimiz bor. Hech qanday bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Tanaffusdan keyin kuchliroq o‘yin ko‘rsatib, jadvalning yuqori qismiga chiqishni maqsad qilganmiz.

«Haqiqiy golimiz bekor qilindi»

Rustamov hakamlik masalasiga ham alohida to‘xtaldi:
— Aslida bu haqda gapirmoqchi emasdim, lekin to‘xtalishga majburman. «Surxon»ga qarshi bahsda ikki penaltimiz qo‘yilmadi. Bugun esa toza golimizni bekor qilishdi. «Andijon» bilan o‘yinda ham shunday holat bo‘lgan edi. Hakamlar ishini nazorat qiladigan yuqori tashkilot bor, shularni ko‘rib chiqishlarini so‘rayman. Bu holatga qancha chidash mumkinligini bilmayman.

«Yoshlarga ishonch berib boramiz»

Murabbiy zaxiradan maydonga tushgan Bobomurod Bozorov haqida ham fikr bildirdi:
— U jamoamizning o‘yinini kuchaytirdi. Keyingi bahslarda ham navoiylik yoshlarga imkoniyat berishda davom etamiz.

Akmal Rustamov so‘zini yakunlar ekan, muxlislarga minnatdorchilik bildirdi va jamoa oldindagi bahslarda yanada kuchliroq natija ko‘rsatishiga ishonchini ta’kidladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Akmal Rustamov: «Haqiqiy golimiz yana hisoblanmadi»