
So‘nggi vaqtlarda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlarning mediamarkazlari tomonidan tayyorlangan ekstremistik va terroristik mazmundagi targ‘ibot materiallari internet tarmoqlarida keng tarqatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, nafaqat yurtimizda, balki jahon hamjamiyatida bu kabi ma’lumotlarni aholi orasida tarqalishini oldini olishga, ularni ijtimoiy tarmoqlarda aniqlash va faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqish hamda amaliyotga tadbiq qilish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda.
Ba’zi o‘zbekistonliklarning bilib-bilmay taqiqlangan media materiallaridan foydalanishi hatto jinoiy javobgarlikka tortilishiga ham sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislari tomonidan yurtimizda taqiqlangan internet resurslari haqida ma’lumot tarqatildi.
Ishlab chiqilgan mexanizmga asosan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda internet tarmog‘idagi radikal diniy mazmundagi kontentlar aniqlanib, Oliy sud qarori bilan ular ekstremistik va terroristik materiallar deb topiladi.
Ushbu tartibga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 60 ga yaqin qarori chiqarilib, ularga muvofiq 500 dan ortiq kontent radikal mazmunda deb topilgan hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.
Ta’kidlash joizki, noqonuniy deb topilgan kontentlardan aholini xabardor etish – mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan faoliyatning samaradorligini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4436-son qaroriga ko‘ra, Adliya vazirligi va Oliy sud o‘zining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar ro‘yxatini e’lon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlashi belgilangan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022 yil 14 apreldagi 180-son qaroriga ko‘ra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasi o‘tkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi uchun asos hisoblanishi qayd etilgan.
Mazkur qarorga asosan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita muayyan bir shaxsga yoki uning xatti-harakatlari yuzasidan ekspertlik xulosasini bermaydi. Qo‘mita huquq-tartibot organlari taqdim etgan diniy mazmundagi materiallarning mazmuni yuzasidan davlat dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazadi hamda ular bo‘yicha ekspertlik xulosasini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq tayyorlaydi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamyurtlarimizdan shubhali diniy mazmundagi audio, video va boshqa turdagi media mahsulotlarni Internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalaridan yuklab olmaslik va tarqatmaslikni so‘ragan.
Taqiqlangan internet kontentlarni ushbu manzildan ko‘rishingiz mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar