
Andijon shahrida juda achinarli fojia ro‘y berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, 36-umumta’lim maktabida bir guruh xodimlar spirtli ichimlik iste’mol qilganidan so‘ng og‘ir zaharlanish holati qayd etilgan. Bu haqda shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rasmiy izoh berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, hodisa joriy yilning 22-oktyabr kuni taxminan soat 17:00 atrofida yuz bergan. Darslar tugagach, maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi, chet tili fani rahbari, qorovul va bir nafar o‘qituvchi birgalikda kechki ovqatlanish jarayonida bo‘lgan. Shu paytda ular texnik spirt iste’mol qilgan va og‘ir zaharlanish holatiga duchor bo‘lgan.
Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, fojia oqibatida ikki kishi — maktab direktori o‘rinbosari va qorovul hayotdan ko‘z yumgan. Qolgan ikki nafar fuqaro tibbiy yordamga yuborilgan va ularning holati tekshirilmoqda.
Shahar ta’lim bo‘limi xabarida ta’kidlanishicha, maktab direktori vazifasini bajaruvchi F.R. (ayol kishi) o‘sha kuni ishdan so‘ng uyiga qaytgan va hodisa paytida maktabda bo‘lmagan. U fojiali voqea sodir bo‘lgan paytda mazkur jarayonlarda ishtirok etmagani ma’lum qilindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ehtimoliy sabablar, spirtning kelib chiqishi va uning maktab hududiga qanday kirib kelgani aniqlanmoqda.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu kabi holatlar ta’lim muassasalarida mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat hisoblanadi. Hozirda barcha maktablarda mehnat intizomi, xavfsizlik va ichki tartib qoidalariga amal qilish masalasi yana bir bor ko‘rib chiqilmoqda.
Bu voqea jamoatchilikni jiddiy tashvishga soldi va ta’lim muassasalarida mas’uliyatning qay darajada muhim ekanini yodga soldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 