23:16 / 19.06.2023
621

Geroin tashuvchi kelin, oshqozonda ochilgan og‘u, xodimlar tavbasi...

Geroin tashuvchi kelin, oshqozonda ochilgan og‘u, xodimlar tavbasi...
Foto: Shaxsiy arxiv
XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi ortgan va bu o‘z navbatida, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari oldiga murakkab vazifalarni qo‘ygan edi. Xorazmda 2000-2005 yillarda viloyat prokurori bo‘lib ishlagan Dilshod Isroilov “Daryo”ga bergan qisqacha intervyusida o‘sha davrdagi vaziyat va og‘u aylanmasiga qarshi kurash haqida aytib berdi.
 
Kelin ham ushlandi
 
Viloyat prokurori bo‘lsam-da, sud ishlarida ishtirok etardim. O‘shanda bir oiladan to‘rt nafar shaxs birin-ketin giyohvand moddalar tashishda ayblanib, jazoga tortildi. Mahkamalarning birida o‘sha oilaning to‘rtinchi a’zosi – kelinni ishi ko‘rib chiqildi. Men u ishda prokuror bo‘lib qatnashdim.
 
Ishni ko‘rib chiqishda mahalla raisi va inspektorni chaqirtirdim. Ulardan bir oilaning to‘rt a’zosi qamalib ketayotgani, lekin ular bunga befarq qarab turishganini aytdim. Qarangki, mahalla sudlanayotgan ayolga bergan tavsifnomasida u mahalla ishlarida doimo faol ekanligi zikr etilgan. Men mahalla raisidan “Xo‘p, u mahalla ishlarida aynan nima ish qilgan” desam, “Pul berib turardi”, deb javob berdi. Mahalladagilar u pulni qayerdan olayotganini nahotki bilmasa?
 
777 xabarlari
 
Giyohvandlikka qarshi kurashishda televideniye imkoniyatidan foydalanishga qaror qildim. 2000 yili viloyat prokuraturasida telestudiya tashkil etildi. Yarim stavkadan ikkita jurnalistni ishga ham oldik. Mendan avvalgi prokurorni oilasiga xizmat qiladigan Damas'ni ularga berdim.
 
Biz faqat geroin ushlangani haqida oddiy xabar emas, o‘sha geroinni qayerdan ushlangani-yu qancha oilaning yostig‘ini quritganigacha batafsil ma’lumot berishni boshladik.
 
Biz xabarlarga viloyat televideniyesida 15-20 minutlik ko‘rsatuvlarimizga “777” deb nom berganmiz. Bunga sabab qabulxonamni ichki raqami “777” edi. Bu raqam 24 soat ishlardi va fuqarolardan anonim sifatida qonun buzilishi haqida ma’lumotlar kelib tushardi. O‘sha kelib tushgan ma’lumotlar o‘rganilganda yarmidan ko‘pi o‘z tasdig‘ini topgan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
 
Xodimlar tavbasi
 
O‘tkazilgan maxsus tadbirlarning birida geroin sotuvchisi qo‘lga olindi. Tadbir davom ettirilganda ular bilan birga inspektor, Urganch tumani ichki ishlar bo‘limi o‘rinbosari ham qo‘lga olindi.
 
Holatni alohida video qilib, boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun ushlangan xodimlarni tavbasini butun viloyat ichki ishlar boshqarmasi va tumanlar bo‘ylab ko‘rsatib chiqdik. Televideniye orqali ham berdik.
 
Oshqozondagi geroin
 
Yana bir holatda ayol kishi 50 gramm geroin moddasini vazelin orqali yutib olib o‘tmoqchi bo‘ladi. U Xorazm viloyatining Bag‘dod tumanidan o‘tayotganida oshqozonida yorilib ketadi. Atrofdagilar unga nima bo‘lganini bilishgani bois hech qanday yordam ko‘rsatisholmaydi. Shifoxonaga olib kelinganida o‘lib bo‘lgan edi. Uning ichi yorib ko‘rilganida oshqozonida giyohvandlik moddasi chiqadi.
 
Nima uchun bu voqeani eslayapman, o‘sha vaqtlarda ayollarga qonunchilikda ancha yengillik bor edi. Ya’ni giyohvand modda bilan qamalib ketsa ham bir yildan keyin amnistiyaga tushib, chiqib ketavergan. Shuning uchun, ming afsuski, o‘sha vaqtlarda ayollar bu ishga juda ko‘p yollangan. Qonunchilikdagi bu bo‘shliq hozirga kelib to‘ldirilgan va jazo muqarrarligi ta’minlanib kelinmoqda.
 
Ma’lumot uchun, Dilshod Isroilov ayni vaqtda Sudyalar Oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi direktorining o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bormoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Geroin tashuvchi kelin, oshqozonda ochilgan og‘u, xodimlar tavbasi...
ePN