date

Andijon va Namanganda chiqindi muammosi yana keskinlashdi

Andijon va Namanganda chiqindi muammosi yana keskinlashdi

O‘zbekistonda ekologiya bilan bog‘liq nazorat tizimi kuchaytirilganiga qaramay, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlari keskin ortib bormoqda. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon mamlakat bo‘ylab 10 mingga yaqin qonunbuzarlik holati aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, bu holatlarning katta qismi respublika bo‘ylab o‘rnatilgan onlayn IP-kameralar yordamida qayd etilgan. Huquqbuzarliklarning taxminan 40 foizi transport vositalari, qolgan qismi esa oddiy fuqarolar tomonidan sodir etilgan.

Eng ko‘p chiqindi tashlash holatlari Andijon (3001 ta) va Namangan (2937 ta) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlari ham “yetakchi”lar qatorida ekanligi qayd etilgan.

Hozirga qadar 2 mingdan ortiq shaxsga jarima qo‘llanilgan, yana 7,5 mingdan ziyod holat bo‘yicha ish yurituvi davom etmoqda. Vazirlikning ma’lumotlariga ko‘ra, jami 956 million so‘mdan ortiq jarima undirilgan.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, atrof-muhitni toza saqlash faqat jazo bilan emas, balki aholining ekologik ongini oshirish bilan ham bog‘liq. Ular fikricha, videokuzatuv orqali nazorat tizimini yanada kengaytirish nafaqat chiqindilar bilan bog‘liq qonunbuzarliklar, balki boshqa ekologik muammolarning ham oldini olishga xizmat qiladi.

Vazirlik jamoatchilikka murojaat qilib, har bir fuqaroni o‘z atrofini pok saqlashga, tabiatni muhofaza qilishga va chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash madaniyatini shakllantirishga chaqirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Andijon va Namanganda chiqindi muammosi yana keskinlashdi