18:33 / 16.07.2023
162

Konstruktiv muxolifat qanday bo‘ladi? Muxolifat bo‘lishi nega muhim?

Konstruktiv muxolifat qanday bo‘ladi? Muxolifat bo‘lishi nega muhim?

Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimidagi chiqishida muxolifat masalasiga ham to‘xtalgandi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov konstruktiv muxolifat hamda uning mamlakat rivojidagi roli haqida fikr yuritdi.

Yangi saylangan Prezident Mirziyoyev 14 iyul kuni qasamyod qabul qildi. Qasamyod qabul qilish – Konstitutsiyaviy talab. Bu bilan Shavkat Mirziyoyev prezidentlik vakolatlariga rasman kirishdi.

Prezident Mirziyoyevning ushbu marosimdagi nutqi muhim g‘oyalar va loyihalarga boy bo‘ldi. Muhim qadriyatlarga urg‘u qaratildi. Davlat mulozimlari va institutlar oldiga muhim vazifalar qo‘yildi.

Lekin O‘zbekiston jamoatchiligi nigohida bitta fikr kuchli aks sado berdi. Bu – prezidentning muxolifat haqida aytgan gaplari bo‘ldi. Mirziyoyev «keyingi yillarda konstruktiv muxolifat faoliyati kafolatlanishi»ni aytdi va bu fikrni ikki bor takrorladi. Bu orqali bu fikr qanchalik muhim vazifa ekani ham urg‘ulandi.

Xo‘sh, konstruktiv muxolifat nima va umuman, muxolifatning qanday turlari bo‘ladi?

Siyosatshunoslikda muxolifatning turlari yaxshi o‘rganilgan. Muxolifat eng avvalo, tizimga doir, ya’ni tizimni tan oluvchi va tizimdan tashqari – tizimni inkor qiluvchi tasniflarga bo‘linadi.

Misol uchun, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, huquqiy-demokratik, dunyoviy davlat. Agar biror siyosiy kuch, guruh, partiya yoki uyushma mana shu qadriyatlarni inkor qilib, «yo‘q, biz demokratik dunyoviy davlatchilikni inkor qilamiz» desa, bu aksil-tizim, ya’ni konstitutsion tizimni inkor qiluvchi muxolifat bo‘ladi. Konstitutsion qadriyatlarni tan olsa, tabiiyki, tizim doirasidagi muxolifat bo‘ladi.

Endi, muxolif kuch parlament ichida bo‘lishi mumkin, yoki parlamentdan tashqarida. Misol uchun, yangi tashkil etilgan muxolifat yoki saylovlarda parlamentga yetarlicha o‘rin ololmay qolgan bo‘lsa – parlamentdan tashqari muxolifat deyiladi. Agar yetarlicha o‘rin olib, parlamentda o‘z fraksiyasiga ega bo‘lsa – bu parlament muxolifati deyiladi.

Shuningdek, muxolifatni «konstruktiv» va «destruktiv»ga ham ajratishadi. Konstruktiv – bu «yaratuvchan», «tuzuvchi», «bunyodkor», «quruvchi» degan ma’nolarni beradi. Aynan shu so‘zdan «konstruktor» so‘zi olingan. Ya’ni agar biror muxolif kuch yoki shaxs davlat, millat, imkoniyatlar va manfaatlarni yaratuvchi deb baholansa, unga nisbatan konstruktiv deyishlari mumkin. Agar muxolifatning faoliyati foydadan ko‘ra, ko‘proq zarar keltiryapti, deb qabul qilishsa, unga unga nisbatan «destruktiv» atamasi ishlatiladi.

Aytish kerakki, «konstruktiv» va «destruktiv» atamalari – g‘irt siyosiy, ehtirosli va bu tushunchalarning aniq mezoni mavjud emas. Odatda, har qanday hokimiyat o‘z muxoliflariga nisbatan, vaqti-vaqti bilan, tanqidlar hajmi oshib ketganda yoki saylovlarda muxolifat imkoniyatlari oshib borayotganda, unga nisbatan «konstruktiv emas, destruktiv» degan ayblovlar bildirishadi. Bu – tabiiy holat.

Muxolifatni, shuningdek, siyosiy kayfiyatlarga ko‘ra ham turlarga bo‘lish kuzatiladi. Misol uchun, hokimiyatga «moyil bo‘lgan», muvozanatda bo‘lgan yoki ashaddiy tanqidchi bo‘lgan muxolif kuchlarga ham bo‘lish kuzatiladi.

Qachon muxolifat konstruktiv bo‘ladi? Qachonki, muxolifat siyosiy vaziyatdagi o‘z mas’uliyatini to‘liq his qilsa. Buning uchun, muxolifat davlatga va jamiyatga daxldor ekani, milliy manfaatlar oldida mas’ul ekanini doim anglashi kerak. Bunday siyosiy ong uchun esa, siyosiy raqobat ham xolis bo‘lishi, hokimiyat ham jamiyat ko‘z o‘ngida avtoritet – ya’ni, obro‘si yuqori va legitimligi mustahkam deb qabul qilinishi kerak.

Yana bir muhim unsur – bu vatandoshlik jamiyatining rivojlanganlik darajasi hisoblanadi. Chunki, muxolifatni ham, hokimiyatni ham kuzatib, tanqid qilib, taftish qilib, tartibga solib turuvchi institut – bu keng va faol bo‘lgan vatandoshlik jamiyati hisoblanadi.

O‘zbekistonda muxolifat bo‘lsa nima-yu, bo‘lmasa nima? Buning salbiy va ijobiy tomonlari nimada?

Avvalo, muxolifat bo‘lsa, nima bo‘ladigan degan savolga javob izlasak. Muxolifat, bir qarashda, siyosiy tizimni beqarorlashtiruvchi omildek ko‘rinishi mumkin. Faraz qling, O‘zbekiston parlamentida 10, 15 yoki 25 kishidan iborat muxolif partiyalar yoki namoyandalar o‘tiribdi. Ular hukumatni va davlat mulozimlarini tanqid qilyapti.

Aslida, muxolifat bo‘lishi – jamiyatdagi yashirin va oshkora muammolar rasman kanallashuviga imkon beradi. Jamiyatning davlat instituti bo‘lmish parlamentga munosabati o‘zgaradi, o‘z muammolarini deputatlarga yo‘llay boshlaydi. Demak, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi oshib boradi. Hukumat ham boshqacha ishlaydigan bo‘ladi.

Muxolif ishtirok etadigan davlatda, davlatning legitimligi mustahkamlanadi. O‘zbekiston davlatchiligining global reputatsiyasi jiddiy o‘zgaradi, ijobiylashadi. O‘zbekiston «gibrid» va/yoki «demokratik» deb tan olina boshlaydi. Avtoritar degan og‘ir nomdan xolos bo‘lishga kirishadi.

Muxolifat bo‘lmasa-chi? Jamiyat o‘z muammolarini yechish uchun, davlatning zaiflashishidan, yiqilishidan, obro‘sizlanishidan manfaatdor bo‘la boshlaydi. Insonlar kelajak umidini bu davlatda emas, davlatdan tashqarida ko‘radi. Davlatning legitimligi zaiflashadi. O‘z muammolariga davlat institutlari doirasida yechim topa olmayotgan xalq, o‘z frustratsiyasini kutilmagan bifurkatsiyalar, bo‘hronlar orqali amalga oshirish orzusida yashaydi. Xalqaro maydonda esa davlatni nodemokratik deb past toifaga qo‘shish davom etadi.

Asosiy muammo nimada? O‘zbekiston sharoitida, bir tomondan siyosiy erkinlik, plyuralizm, boshqa tomondan siyosiy barqarorlikni uyg‘unlashtirish, biri uchun ikkinchisini qurbon qilmaslik vazifasidir. Hokimiyat koridorlarida «muxolifat bo‘lsa – siyosiy vaziyat izdan chiqib ketadi, beqarorlik bo‘ladi, anarxiya yuz beradi» kabi fobiyalar juda kuchli.

Lekin aslida hammasi siyosiy mahoratga bog‘liq. O‘zbekiston kabi davlatlar qo‘rqmasdan muxolif qarashlar va kuchlarga imkoniyat berib, siyosiy maydonda ma’muriyat raqobatdoshligini ham bemalol o‘stirib borish imkoniyati bor.

Kamoliddin Rabbimov


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Konstruktiv muxolifat qanday bo‘ladi? Muxolifat bo‘lishi nega muhim?
ePN