Albaniyalik tajribali hujumchi Rubin Xebay “Nasaf”dagi faoliyati ko‘ngildagidek chiqmaganidan keyin ikkinchi davra uchun jamoasini o‘zgartirganini yaxshi bilasiz. Endi u Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi sharafini himoya qiladi.
Ko‘ramiz, futbolchining Jizzaxdagi faoliyati qanday ko‘rinish olarkin? Sports.uz jurnalisti Xebay bilan bog‘lanib unga bergan quyidagi savollariga futbolchidan javob oldi.
- Rubin, nima uchun “Nasaf”dagi faoliyatingiz ko‘ngildagidek chiqmadi?
- Shuni ayta olamanki, bu omadli bo‘lmadi. Chunki mavsumoldi tayyorgarlikni yakunladim va chempionat boshida o‘zimni yaxshi his qila boshladim. Lekin rasmiy o‘yindan 3 kun oldin jarohat oldim va tuzalishim uchun bir oydan ko‘p vaqt kerak edi. O‘ylaymanki, bu men uchun ortga qadam bo‘ldi.
- Sizningcha, faoliyatingizni “Nasaf”da davom ettirishingiz xato emasmidi?
- “Nasaf”da o‘ynash hech qachon xato emas. Ular katta klub va o‘tgan yili chempion bo‘lishgan. Shuningdek, bu yil ham “Nasaf” birinchi o‘rinda. Shuni aytishim mumkinki, ular O‘zbekistondagi eng zo‘r jamoalardan biri.
- Nima sababdan “So‘g‘diyona”ni tanladingiz?
- Murabbiy mavsumning birinchi yarmi yakunlanishidan oldin men bilan bog‘landi va u menga hammasini tushuntirib berdi. Hozir Boshkovich bilan ishlayotganimdan o‘zimni juda yaxshi his qilaman. Uning futbol o‘ynash bo‘yicha o‘z g‘oyalari bor. Menimcha, bu yerdagi eng yaxshi murabbiylardan biri. Prezident va direktor ham menga yaxshi taklif berishdi va 1,5 yilga shartnoma tuzishdi. Shu bois u yerga borib, jamoaga yordam berishga qaror qildim.
- Har qanday holatda ham yurtimizdagi muxlislar sizni “Andijon”dagi yorqin faoliyatingiz orqali yaxshi eslashadi. Biroq “Andijon”dan ketganingizdan beri omadingiz chopmayapti. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Men unchalik qo‘shilmayman. Professional o‘yinchiman va qayerga borsam ham qo‘limdan kelganini qilishga harakat qilaman. Ba’zan biz futbolchilar, oddiy insonlar kabi past-balandliklarga duch kelamiz. Ammo bu biz omadsiz ekanligimizni anglatmaydi. Bu Allohning rejasi. Oldinroq aytganimdek, men jarohat olib, ortga chekinishga majbur bo‘ldim. Hozir esa oldingidan ko‘ra kuchliroq va yaxshiroq bo‘lib qaytishga harakat qilaman.
- “Nasaf”da qaysi jihatlarda moslashishda qiynaldingiz?
- Moslashish men uchun unchalik qiyin bo‘lmadi. Cheran va Cholovich kabi Bolqon o‘yinchilari bilan o‘ynadim. Golban bilan ham juda ko‘p vaqt o‘tkazdim va mahalliy o‘yinchilar ham meni maydonning ichida hamda maydon tashqarisida o‘zimni yaxshi his qilishimga yordam berishdi. Ular meni o‘z uyimdagidek his qildirishdi. Ammo aytishim mumkinki, jarohatimdan keyin murabbiy menga ko‘proq o‘yin vaqtini bermadi va men ko‘p narsani ko‘rsata olmadim. Futbolda ba’zan o‘z vaqtingizni kutishingiz kerak bo‘ladi. Ba’zida insonlar sizga ishonishadi, ba’zilari esa yo‘q.
- Avvaldan “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich bilan yaxshi munosabatda bo‘lganmisiz? U sizni qanday ko‘ndirdi?
- Ha, biz oldin ba’zan uchrashgandik. Biroq bu o‘yinchi va raqib jamoa murabbiyi o‘rtasidagi professional munosabat edi. Hozir esa har kuni u bilan shug‘ullanib, suhbatlashib, uning murabbiy sifatidagi xislatini ko‘rdim va men unga “So‘g‘diyona”ni o‘z o‘rniga qaytarishga har taraflama yordam berishni juda xohlayman. Xudo xohlasa, jamoaga bu yil ham Kubokni yutishda yordam bermoqchiman. Albatta, bu shu mavsumdagi maqsadlarimizdan biri va keyingi yildagi chempionatga kuchliroq bo‘lib qaytishdir.
Xebay "Nasaf"dan ketishi va "So‘g‘diyona"ni tanlash sababini ochiqladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar