date

Zelenskiy devonining sobiq o‘rinbosari uyida tintuv o‘tkazildi

Zelenskiy devonining sobiq o‘rinbosari uyida tintuv o‘tkazildi

Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosi (NABU) tomonidan olib borilayotgan surishtiruv doirasida mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy devoni rahbarining sobiq o‘rinbosari Rostislav Shurmaga tegishli uyda tintuv amalga oshirildi. Bu haqda Germaniyaning nufuzli “Der Spiegel” nashri xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, 15 iyul kuni Bavariya federal yerlaridan biri bo‘lgan Shtarnberg shahridagi Shurma yashaydigan manzilda nemis huquqni muhofaza qiluvchi organlari NABUning so‘roviga binoan tintuv ishlarini olib borgan.

Nashrning ta’kidlashicha, ushbu harakat Ukrainadagi siyosiy muhit uchun juda nozik bir davrda ro‘y berdi. Chunki bir hafta o‘tib, Zelenskiy Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuraturaning vakolatlarini cheklash haqida qaror qabul qilgan.

Rossiya bilan olib borilayotgan urush fonida 41 yoshli Shurmaning aynan qanday tarzda Bavariyaga ko‘chib o‘tgani borasida hozircha aniq ma’lumot mavjud emas.

Bundan avval, “Ukrainskaya pravda” manbasi orqali ma’lum bo‘lishicha, prezident devoni rahbari Andrey Yermakning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan Shurma "manfaatlar to‘qnashuvi va AQSH rasmiylarining bosimi" tufayli lavozimidan ozod etilgan.

Shu bilan birga, Shurmaning akasiga tegishli kompaniyalar “yashil tarif” mexanizmi orqali davlat mablag‘larini qoplatgani haqidagi ma’lumotlar ommaga e’lon qilingach, xalqaro hamkorlar u bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilgan.

Ukrainaning “NV” nashri esa Shurmaning ishdan bo‘shatilishi 2024 yil bahorida prezident Volodimir Zelenskiy va AQSH davlat kotibi Entoni Blinken o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotlardan so‘ng rasmiylashtirilganini yozadi. Rasmiy ravishda esa u 2024 yil 3 sentyabr kuni ishdan ozod etilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy devonining sobiq o‘rinbosari uyida tintuv o‘tkazildi