15:05 / 25.10.2023
142

Prezident: «Kun o‘tsa bo‘ldi, qabilida ish tutadigan rahbarlar eng katta dushman»

Prezident: «Kun o‘tsa bo‘ldi, qabilida ish tutadigan rahbarlar eng katta dushman»

Qarshi shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat rahbari dunyodagi vaziyat va ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgani, bunday sharoitda befarq bo‘lib, «kun o‘tsa bo‘ldi» qabilida ish tutadigan rahbarlar eng katta dushman ekanini qayd etdi.

«Mamlakatimiz, xalqimiz tinchligi, farovonligi va kelajagi uchun yangi korxonalar, ish o‘rinlari, yangi bozorlar, investitsiya, katta-katta tushumlar kerak», dedi prezident.

Hokim va vazirlar asosiy hamkor davlatlar bozoridagi tebranishlar, savdo cheklovlari davom etaversa, mahsulotlarni qayerga va qanday sotish kerak, qaysi korxonaga qanday ko‘mak berish zarur, degan masalalar ustida bosh qotirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda viloyatda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan muammo va imkoniyatlar yechimlari bilan ko‘rib chiqildi.

Kelgusi yilda viloyatga 1 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jalb qilish zaminini hozirdan yaratish lozimligi qayd etildi.

Jumladan, Dehqonobod, Kitob va Qarshi tumanlaridagi sanoat zonalarida bo‘sh turgan 100 gektar yerlarga tadbirkorlar 300 million dollar investitsiya kiritib, 3,5 mingta ish o‘rni yaratish tashabbusi bilan chiqqan.

Shu kabi, Qarshi shahri va Kitobda ishlatilmayotgan paxta terminallarida sanoat texnoparkini tashkil qilib, kamida 5 mingta doimiy ish o‘rni yaratish imkoniyati bor.

Go‘sht, sut, meva-sabzavotni qayta ishlash sohasida 50 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Qozon shahrida imzolangan 337 million dollarlik 21 ta loyiha va O‘zbekiston-Xitoy biznes forumida kelishilgan 352 million dollarlik 20 ta loyihani yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari Qashqadaryo iqtisodiyoti faqatgina yirik korxonalarga qarab qolmasligi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Masalan, viloyatda iste’mol tovari ishlab chiqarishda o‘sish sur’atlari respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar kam. Ayniqsa, kichik biznesning sanoatdagi ulushi eng oxirgi o‘rinlarda.

Vaholanki, Qamashida sement, gips va marmar, Shahrisabzda grafit, Yakkabog‘da kvars qumi, Chiroqchida marganes, Kitobda dolomit va chinni konlarini o‘zlashtirib, ishlab chiqarishni karrasiga oshirish mumkin.

Bundan tashqari, Qashqadaryoda yiliga 150 ming tonna polietilen granulasi ishlab chiqarilsa-da, uning atigi 4 foizi viloyatning o‘zida qayta ishlanadi. «Sho‘rtangaz kimyo majmuasi» atrofidagi 200 gektar bo‘sh yerda 100 turdagi import mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi. 

Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan uchrashib, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosida 10 mingta ish o‘rni yaratish topshirildi.

Umuman, Qashqadaryoda sanoat hajmini kelgusi yilda 40 trillion so‘mga, eksportni 500 million dollarga yetkazish belgilab olindi.

Viloyatda yilning to‘rt mavsumida turistlarni jalb qilish uchun salohiyat bor.

Lekin, bu hozir Shahrisabz tumani, Shahrisabz shahri va Kitob bilan cheklangan. Yil boshidan viloyatga 180 ming xorijiy sayyoh kelgan, xolos.

Yangi tajriba qilinib, germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tumanidagi 3 ta turizm mahallasining master-rejasi tayyorlandi.

Bunda, 450 million dollar qo‘shimcha investitsiya va yiliga 1 million sayyoh jalb etadigan infratuzilma yaratilmoqda. Natijada tadbirkorlarda ishtiyoq kuchayib, bu loyihalarning 367 million dollari yoki 81 foizini ularning o‘zi tikayapti.

Buni hisobidan Shahrisabzni o‘zida yiliga qo‘shimcha 500 milliard so‘m tushum kutilayapti, 5 mingta yangi doimiy ish o‘rni paydo bo‘layapti.

Mutasaddilarga shu tajriba asosida yil yakunigacha Qamashi tumani va Qarshi shahrida ham loyihalarni ishga tushirish topshirildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat