11:24 / 21.03.2024
200

Erdo‘g‘an Suriya va Iroqdagi harbiy operatsiyalarni nega yakunlamoqchi?

Erdo‘g‘an Suriya va Iroqdagi harbiy operatsiyalarni nega yakunlamoqchi?
Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 18 mart kungi chiqishida yozgacha Iroq bilan chegarada xavfsizlik “to‘la kafolatlanishi”, Suriyadagi “tugallanmagan ishlar” ham yakuniga yetkazilishini aytdi. Xo‘sh, Anqara nima uchun bufer zona yaratmoqchi edi va bu maqsadiga erishdimi? “Geosiyosat” mavzuni sharhlab berish uchun Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimovga murojaat qildi.

— Turkiya nima maqsadda Suriya va Iroq chegarasida harbiy operatsiya boshlagan edi?

— Usmonlilar imperiyasi parchalanganda bu yerdagi davlatlar chegaralari sun’iy ravishda chizilgan, biror bir milliy birlikka qarab belgilanmagan. Maqsad – Turkiya imperiyasi parchalangach, uni atrofdan imkon qadar siqish va balans bo‘loladigan davlatlar, bufer hududlar shakllantirish bo‘lgan. O‘sha vaqtda bo‘linish energiya resurslari, geografik joylashuv nuqtayi nazardan bo‘lingan. Masalan, Suriya hududi Yevropaga Fors ko‘rfazi arab davlatlari bilan koridor vazifasini bajaradi. Relefi ham qulay, gaz trubalarini o‘tkazsa bo‘ladi. Suriya va Iroqning o‘zida ham katta miqdordagi neft zaxiralari aniqlangan.

Aytganimdek, sun’iy chegaralar chizilgan, bunda etnik bo‘linish va boshqa shu kabi omillar hisobga olinmagan. Shu sabab bu chegaralanish mintaqa davlatlari uchun muammo bo‘lib kelyapti, ayniqsa, Turkiya uchun. Turkiyani qiynab keluvchi kurd separatistik harakatlari bor. Mintaqada umumiy 40 mlndan oshiq kurdlar bor. Ularning taqdiri bo‘yicha avvaldan to‘liq yechim qilinmagan, bo‘linib ketishgan, tillari ham o‘zgargan, mazhab jihatdan ham bo‘linishgan, bir qismi shia bo‘lsa, bir qismi sunniy. Umuman, birlashtiruvchi omillar kam, mana shu muammo mintaqadagi barcha davlatlar uchun, Turkiya uchun ham muammo.

Turkiya Otaturk davridan beri buni hal qilish uchun bir necha loyihalarni amalga oshirgan: kurdlarning o‘ziga madaniy erkinlik berilgan, Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, partiya tuzishlariga imkoniyat berildi, parlamentda o‘rniga ega bo‘ldi. Lekin shunga qaramay, mintaqada kurd ishchi partiyasi singari radikal, ekstremistik tashkilotlar ham bor.

Bu tashkilotlar mintaqadagi hokimiyatlarga doimiy ravishda xavf bo‘lib kelgan. Erondan boshlanib Turkiyagacha yetgan hududda kurdlar koridori degan loyiha bor. Bundan maqsad – mintaqa davlatlariga doimiy ravishda ta’sir o‘tkazish, mintaqada beqarorlik keltirib chiqarish. Bu loyihadan eng ko‘p Turkiya, Iroq va Suriya ham jabr ko‘radi, Eronda bu muammo ancha hal etilgan.

Mana shu muammolar chegara hududda bo‘lgani uchun Turkiya Iroq va Suriya hududida harbiy operatsiyalarni amalga oshirib keladi. Chegaradosh hududlardagi xavf solayotgan kuchlarga nisbatan harakat olib boradi, Suriya va Iroqqa 30 kmgacha kirgan Turkiya. Bu yil Erdo‘g‘an bu operatsiyalarni oxiriga yetkazishni ko‘zlayapti. Harbiy operatsiyalarni uzoq davom ettirib bo‘lmaydi, chunki buning ortidan Suriya va Iroq bilan muammolar kelib chiqdi, bu Turkiyaning ichida ham noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

— Kurdiston ishchi partiyasi (Anqara terrorchi tashkilot deb hisoblaydi) Turkiyadan tashqari Iroq va Suriya yoki boshqalar uchun ham xavf soluvchi tashkilot sifatida ko‘riladimi?

— Yuqorida aytganimdek, Eronda bu muammo kamroq, chunki u yerdagi kurdlar integratsiyalashgan eronliklar bilan. U yerdagi kurdlar ham radikal emas, mo‘tadil. Umuman, Turkiyadagi kurdlarning asosiy qismi ham mo‘tadil, lekin tashqaridan moliyalashtiriladigan radikal guruhlari bor. Kurdlarni ajratish, etnik kamchilik sifatida bosim qilish yo‘q Turkiyada, masalan, Turgut O‘zal kurd bo‘lgan, hozirgi tashqi ishlar vaziri ham ota tomonidan kurd.

Suriya va Iroqda ham radikal kurd guruhlari bor. Iroqda hukumat tepasiga asosan kurdlar kelgani uchun bu masalani o‘z foydasiga hal qilyapti. Lekin ular ham Erdo‘g‘an bilan muloqotda radikal kurdlar masalasini gaplashgan. Demak, Iroq hukumatidagi kurdlar ham radikal kurdlardan aziyat chekadi. Suriyada ham shu vaziyat, mamlakat shimoli deyarli kurd separatistlari nazoratiga o‘tgan, Suriya hukumati ham aziyat chekadi.

Lekin nega faqat Turkiya harakat qilyapti desak, hali bu davlat hokimiyatining o‘zi beqaror. Bunday holatda kurdlarga nisbatan kurash olib borolmaydi. Iroq hukumati kurdlarga nisbatan harakat boshlasa, boshqa kurdlar norozi bo‘lishi mumkin, ikkinchi tomondan yaqinda urushdan chiqqan davlat, to‘la barqarorlik yo‘q. Ichki beqaror guruhlari ko‘p, shulardan o‘tib kurdlar muammosiga yetib kelolmaydi hali. Turkiya esa bu ikki davlat kuchayib, muammoni hal qilishini kutib turolmaydi. Xavfsizlik, migratsiya masalalari bor.

Turkiyadagi 4 mlndan ortiq suriyalikni qaytarish uchun chegaradosh hududlarni xavfsizlantirish kerak. Bu migrantlar masalasini tezroq hal etish kerak, turkiyaliklar bundan juda norozi, hukumatga bosim qilyapti. Shu sabab tezroq hududni tozalab, migrantlarni joyiga qaytarish kerak. 4 mln odam bu bir davlatning aholisi degani katta muammo. Kurd separatistlari esa mana shu migrantlarni qaytarishga imkon bermaydi.

— Terrorchi Kurdiston ishchilar partiyasini qo‘llovchi, moliyalashtiruvchi davlatlar yoki kuchlarga ham to‘xtalsak.

— Mana shu hududda Turkiya ta’siri kuchayishini istamagan kuchlar separatistik guruhlarni moliyalashtirib turadi. Masalan, 2011 yilda arab bahori boshlangach, u yerdagi kurdlar asosan Isroilda ishlab chiqarilgan qurollarni ishlatgan. Bu ham ko‘p savollarga javob bo‘ladi, Bashar Asad hokimiyatiga, Turkiya ta’sir o‘tkazish uchun bu. Bu yerda qurollanish hali ham davom etyapti, vaqti-vaqti bilan Rossiya qurollari yoki G‘arb qurollarini ko‘rish mumkin.

Shundoq ham mojaroli bo‘lgan hududga qanday qilib qurollar yetib kelyapti, degan masala bor. NATO doirasida Turkiyaning o‘zi xohlamagan qarorlarga rozi bo‘lishi uchun ham vosita sifatida foydalanishlari mumkin. Turkiyaning o‘zi ham shu kabi yo‘l tutadi ba’zan, masalan, Finlandiya va Shvetsiyani qabul qilish masalasi ko‘tarilganda Suriyadagi harbiy harakatlar uchun qaysidir ma’noda ruxsat oldi. Turkiyaga nisbatan mana shunday richag sifatida esa kurdlar omili o‘rtaga chiqadi vaqti-vaqti bilan.

Yana bir masala bor. Bu davlatlarning integratsiyalashmasligiga asosiy sabablardan biri kurdlar omili. Turkiyaning Eron bilan yaqinlashishi Fors ko‘rfazi arab davlatlariga ma’qul bo‘lmaydi, chunki mintaqada ularning ta’siri ortib ketadi. Shu nuqtayi nazardan ham kurdlar masalasi ko‘tarilib turadi. Xuddi mavsumiy ko‘tariladigan muammoga o‘xshab qolgan bu.

— 2015 yil oxirlarida Rossiya qiruvchi samolyoti Suriya va Turkiya chegarasida urib tushirilganda, Rossiya tomoni Kurdiston ishchilar partiyasi bilan aloqaga chiqib, muloqot qilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Shu ma’noda Rossiya omili qanday bu muammoda?

— Kurdlar Rossiya tashqi siyosatida muhim o‘rin tutmaydi. SSSR davrida Iroq va Suriya bilan aloqalar yaxshi bo‘lgani sabab kurdlardan ham qanaqadir qo‘shimcha vosita sifatida foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Lekin mintaqadagi Rossiyaning asosiy hamkorlari arablar hisoblanadi.

Umuman, kurdlar bilan boshqa siyosiy kuchlar ham muloqot qilib turadi. Masalan, Iroqdagi Kurdistonda AQSH, Yevropaning universitetlari, ishlab chiqarish korxonalari ochilgan, ya’ni biz sizga yaqinmiz, degan signal berilgan. Sababi o‘sha hududdagi asosiy neft konlari kurdlar yashovchi joylarga to‘g‘ri keladi. Shu kabi sabablar bilan dunyo siyosiy kuchlari kurdlar bilan muloqot qilib turadi va vaqti-vaqti bilan muqobil geosiyosiy ta’sir vositasi sifatida ulardan foydalanishadi.

— O‘tgan vaqt davomida Turkiya bu kurashlarda qanchalik maqsadlariga erisha oldi? Bugungi kunda muammoning asosiy o‘chog‘i qayerda?

— Arab bahori davridan ko‘ra hozir ancha barqaror vaziyat. Aytganimizdek, Turkiya 30 kmgacha bo‘lgan hududlarni tozalay olgan, lekin hali to‘liq emas. Separatistlar tomonidan doimiy ravishda urushni to‘xtatmasang, Turkiya hududiga ko‘chiramiz degan tahdidli chaqiriqlar bo‘lib turadi va bu Turkiyani doimiy sergak turishga majbur qiladi. Demak, hali Turkiya ishini oxiriga yetkazgani yo‘q. Turkiyaning harbiy harakatlari G‘arb yoki boshqa kuchlar tomonidan tanqid qilinadi, boshqa davlat hududida bo‘lgani uchun.

Bugungi kunda Suriya shimoli bu muammoning asosiy o‘chog‘i hisoblanadi. Asosiy radikal guruhlar shu yerda faoliyat olib boryapti. Chunki Turkiyaga yaqin bu hududlar, Turkiyaning eng katta chegarasi ham Suriya bilan.

2018 yildan beri Turkiya Iroq va Suriyada harbiy operatsiyalarning yangi bosqichini boshlagan. Afina shahridagi operatsiyalar oxiriga yetkazish masalasi ham turibdi, ko‘p noroziliklarga sabab ham bo‘lgandi bu.

Muammo faqat Suriyada emas, Turkiyaning ichidagi loyihalarga ham xalaqit bermoqda kurd separatistlari. Janubi-sharqiy Anadoly loyihasi bor, 19 ta GES, yangi qishloq xo‘jaligi yerlari o‘zlashtirilishi kuzda tutiladi. Mana shu hudud Suriya bilan chegaradosh, separatistlar loyihaga tahdid soladi. Shuning uchun ham bu muammo tezroq hal qilinishi kerak bo‘lgan masala hisoblanadi Turkiya uchun.

Lekin bu qisqa vaqt ichida hal bo‘lib ketmaydi, faqatgina harbiy operatsiyalar orqali bo‘lmasligini ham yaxshi biladi Turkiya. Shuning uchun separatizmdan saqlanish maqsadida ichki siyosatini doimiy nazorat qilib boradi. Mamlakat janubi-sharqidagi kurdlar, arablar o‘zini etnik kamchilik sifatida kamsitilgandek his qilib, separatizm boshlanmasligi uchun ko‘proq shu hududlarga e’tibor berib, turli loyihalar amalga oshiriladi.

— Kurdiston ishchilar partiyasining asosiy maqsadi nima, Turkiya, Iroq va Suriyadan bo‘linib, alohida davlat tuzishmi?

— Bu partiya asoschisi Abdulloh O‘jalanning qamoqdalik paytida maqolasi chiqqan edi, 10 yilcha oldin. Unga ko‘ra, partiyaning maqsadi alohida davlat tuzish emas, kurdlarning siyosiy huquqlarini ta’minlash deyilgan. Lekin siyosiy huquqlarga erishgan bo‘lishsa ham, harakat to‘xtab qolgani yo‘q. Ko‘rinyaptiki, asl maqsad kimlarning buyurtmalarini bajarish bo‘lib qolyapti. O‘zlari ham biladi davlat qurolmasliklarini.

Kurdlar Usmonlilar imperiyasi davrida ham integratsiya bo‘lgan, katta lavozimlarni egallagan, o‘zlarini kamsitilgan deb hisoblamagan. Turgut O‘zalning kurd bo‘lgani ham ko‘p narsani bildiradi. Lekin bugungi kunda kurdlar masalasini ko‘tarish Turkiyaga ta’sir qilish, Eron va Turkiya hamkorligini istamaydigan kuchlar uchun siyosiy vosita bo‘lib qolgan. Kurd separatistlarining maqsadi ham shu aslida.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Erdo‘g‘an Suriya va Iroqdagi harbiy operatsiyalarni nega yakunlamoqchi?