
Majburiy ijro byurosi Yangi Namangan tumani bo‘limi tomonidan ish yurituvidagi nomulkiy tusdagi hujjat ijrosi amalda tamomlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga muvofiq, da’vogar — Kadastr agentligi Namangan viloyat boshqarmasi foydasiga, javobgar O.A. tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan 400 kvadrat metr maydondagi inshootni buzish belgilangan edi.
Sud qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli ijro varaqasi Majburiy ijro byurosining Yangi Namangan tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Davlat ijrochisi tomonidan javobgarga belgilangan muddat ichida ixtiyoriy ravishda majburiyatni bajarish imkoniyati berilgan. Biroq belgilangan vaqt ichida javobgar sud qarorini bajarmagan.
Shundan so‘ng davlat ijrochisi tomonidan belgilangan tartibda majburiy ijro harakatlari boshlab yuborilgan. Kuni kecha amalga oshirilgan ijro harakatlari davomida javobgar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshoot buzib tashlandi.
Hozirgi kunda mazkur sud hujjati bo‘yicha ijro harakatlari to‘liq yakunlandi va hujjatning amaldagi ijrosi ta’minlandi.
Majburiy ijro byurosi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolar va tashkilotlar tomonidan qabul qilingan sud qarorlarining so‘zsiz va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashni o‘zining ustuvor vazifasi deb hisoblaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!