Foto: Google Images
Hayot go‘zal, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda yanada rang-barang: kimdir otasiga gulga ko‘milgan, “dadamga” degan ulug‘vor, tantanavor yozuvi bor “inomarka” sovg‘a qilgan, yana birovining sahifasi chet eldagi hashamatli hayoti tasvirlari bilan to‘la — palmalar, moxitolar, yaxta va hurliqolar...
Ularni ko‘rib havas qilasiz (yo hasaddan ichingiz kuyadi), “nega mening hayotim rasvo”, deb xunob bo‘lasiz, siqilasiz. Ammo, tan oling — to‘xta-chi, balki manavi go‘rso‘xta ota rizoligini olish uchun emas, balki azbaroyi layk ilinjida bir soatga ijaraga olingan avtomobilni ko‘z-ko‘z qilayotgandir; xorijdagi Eshmatning umri saroyda emas, biron ajnabiy qovoqxonaning kiryuvish xonasida o‘tayotgan bo‘lsa-chi, degan mulohazani doim ham xayolingizga keltiravermaysiz.
Ya’ni, bugun juda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq “tasma” (lenta)sini aylantirarkan, ko‘rayotgan olami aslida soxta, ro‘yo bo‘lishi mumkinligini, kimlardir ularni yuzsizlarcha aldab, tuyg‘ulari, sezgilari bilan o‘ynashayotganini anglayvermaydi.
Xo‘sh, raqamli illyuziyani kim va nima maqsadda yaratadi, nima uchun o‘sha sarobga boshqalar, hatto uning egasi ham mahliyo bo‘lib qoladi, buning oqibatlari qanday?
Soxta hayot va profil inflyatsiyasi
Bu tendensiya qachon paydo bo‘lganini aniq aytish qiyin. Chunki foydalanuvchilarning tarmoqlarda haqiqiy Meni va reallikni buzib talqin qilishi — eng yuqori mezonlarga mos keluvchi ideal hayot tarzini ko‘rsatish, har jihatdan to‘kis, omadli va mukammal inson qiyofasini yaratish yoki umuman, “virtual avtoritet” maqomiga erishish, “muxlislar” e’tiborida turish uchun o‘zini har ko‘yga solishi hali to‘liq o‘rganilmagan hamda zamonaviy fenomen.
Shunga qaramay, ayrim tadqiqot va kuzatishlar bor. Masalan, “Fakr Life” (Soxta hayot) termini 2012 yildan ijtimoiy tarmoqlardagi axloq modellaridan biri sifatida qo‘llanila boshlagan. Amerikalik sotsiopsixolog, Garvard universiteti professori Shoshana Zuboff esa odamlarning o‘zini bo‘rttirib ko‘rsatishga urinishini “Profil inflyatsiyasi” deb ataydi, bunda akkauntdagi biografik ma’lumotlar, fotosuratlar, postlar mashhur bo‘lish, o‘z qadr-qimmati va turmushini yanada jozibali taqdim etish uchun yaratiladi.
2012 yilda Gartner tahlil markazi tomonidan e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, yirik ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining kamida 48 foizi virtual do‘stlariga “badiiy, madaniy yoki musiqiy qobiliyati” haqida cho‘pchak to‘qiydi, 37 foizi hayotini rang-barang ko‘rsatish, “ko‘pqirrali” faoliyati — sayohat va qiziqishlarini ifodalash uchun feyk/ishlangan (montaj qilingan) suratlardan foydalanadi, 29 foizining esa ism-sharifi, oilaviy sharoiti, 25 foizining ish joyi va lavozimi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va hokazo.
“Layk”ka ehtiyojmand qatlam yoki mashhurlik vasvasasi
Kuzatuvlar, hozirgi raqamli muhitda – odamlarning bahosi tafakkur yoki axloqiy mezonlar emas, virtual olqish va raqamlar bilan o‘lchanayotgan dunyoda, zamonaviy submadaniyatsizlik vakillari — laykka ehtiyojmand qatlam shakllanganini ko‘rsatyapti.
Sotsiologlarning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda soxta e’tibor qozonish, ya’ni “Profil inflyatsiyasi” ko‘proq ayni qatlamda uchraydi va ularga quyidagi shartli sindromlar qutqu soladi:
Doimiy diqqat-markazda bo‘lish xohishi: bu toifadagilar boshqalardan doim e’tirof, maqtov, tasalli yoki yupanch eshitib (o‘qib) turmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. Har qanday rezonansli infoholatga – aqli yetsa-yetmasa, ma’naviy haqi bo‘lsa-bo‘lmasa – munosabat bildiradi; masalan, bugun kiborlarga xos yurish-turishini ko‘z-ko‘z qilsa (getsbing), ertaga nochor, azoblardan charchagan yoki pushayman inson “rejimi”ni yoqadi (sedfishing) va hokazo.
Haqiqatga chap berish istagi: mazkur sindrom bilan “og‘riganlar” turmushdagi kundalik qiyinchilik, tashvish yoki stresslardan ijtimoiy tarmoqlarda hammasi ideal bo‘lgan fantastik, g‘irt xayoliy olam yaratib “yengillashadi”. Deylik, o‘zi chet davlatda juda og‘ir sharoitlarda mehnat qiladi, lekin uning profilidagi suratlar shohona hayotdan “gapiradi”.
O‘ziga ishonchsizlik: qanchalik paradoksal bo‘lmasin, psixologlarning ta’kidlashicha, platformalarda har jihatdan mukammal, baxtli va omadli inson obrazini targ‘ib etish vasvasasi – aslida o‘ziga ishonmaydigan, omadsiz, alohida iste’dodi bilan ajralib turmaydiganlarga ko‘proq xos. Ya’ni, ular internetda o‘zining shishirilgan yoki hashamatli nusxasini yaratish orqali o‘ziga vaqtinchalik ishonch “baxsh etadi”.
Illyuziya ortidagi qalloblik
— Ba’zida, “tasma” ortidagi kimsa o‘z obrazini boshqalarga ma’lum manfaatni ko‘zlab, o‘zi uchun kerakli natijaga erishish maqsadida taqdim etadi, – deydi hindistonlik psixolog Abxishek Shukla “Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik illyuzasi” maqolasida. — Virtual olamda bu aldamchi qiyofani qabul qilmaslik imkonsiz, inkor etishga asos yo‘q. Mana shu nuqtada sodda va ishonuvchan odamlarning chuv tushishi, aksincha, feyk-imij egasi uchun katta foyda keltirishi mumkin bo‘lgan psixologik nyuans bo‘y ko‘rsatadi.
Janob Shukla aytmoqchiki, ijtimoiy tarmoqlardagi yaltiroq yoki soxta Men ortida ba’zida puxta o‘ylangan, aniq strategiyaga ega manipulyatsion nayranglar ham yotadi. Masalan, kimdir virtual sahifasida o‘zini o‘ta omadli tadbirkor, sochining tolasidan tirnog‘ining uchigacha badavlat, Bill Geytsning qiyomatli ukasi sifatida ko‘rsatib, falon so‘m evaziga “Oyiga 10 ming dollar topish sirlari”ni o‘rgatmoqchi bo‘lsa, shubhalanish kerak, aslida ular — “biznes-trener”, “motivator”, “psixolog”, “diyetolog” va hokazo laqabli qip-qizil firibgar bo‘lishi ham mumkin.
Xuddi shu psixologik nyuans asosida, onlayn platformalarda ko‘p hollarda: benihoya taqvodor imij — ishlatilmagan yosh-yosh miyalarni chalg‘itish va ularni “g‘azot”ga da’vat qilish; bemor/bechorahol, chorig‘ini bazo‘r sudrayotgan fon — ko‘ngli bo‘sh savobtalablarning cho‘ntagini shilib olish, pul va parivashlarga to‘la virtual hayot — foydalanuvchilarni turli qimor yoki tavakkkalchilikka asoslangan o‘yinlarga jalb qilish uchun yaratiladi.
Taqqoslamang – tekshiring; taqlid qilmang – o‘zingizdan zavqlaning
Amerikalik sotsiopsixolog Leon Festingerning 1954 yilda e’lon qilgan ijtimoiy taqqoslash nazariyasiga ko‘ra, boshqalarning muvaffaqiyati yoki omadsizligidan kelib chiqib o‘ziga baho berish ko‘plab odamlarga xos salbiy xususiyat.
Germaniyalik olimlar tomonidan mingga yaqin Facebook foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotda, har uchinchi odam virtual do‘stlarining “cheksiz baxt tasvirlari” ta’sirida o‘zini yomon his qilishi, Pensilvaniya universiteti o‘rganishlari esa ijtimoiy tarmoqlardagi “go‘zal hayot” boshqa foydalanuvchilarda o‘ziga ishonchning pasayishi, kuchli stress hamda depressiyaga olib kelishini ko‘rsatgan.
Shoshana Zuboffning ogohlantirishicha, raqamli illyuziya uning yaratuvchilari ruhiyatini ham yemiradi. Ya’ni, butun borlig‘i bilan turmush tarzini “bekam-u ko‘st” ko‘rsatishga urinadiganlar oxir-oqibat soxta mavqeyining quliga aylanadi, shu bilan birga virtual auditoriyaning hamma ham dosh bera olmaydigan bosimiga duch keladi.
Masalan, 2014 yilda amerikalik 19 yoshli talaba Medison Xolleran o‘z uyining to‘qqizinchi qavatidan sakrab joniga qasd qilishi mamlakat bo‘ylab katta shov-shuv uyg‘otgan. Chunki, qizning Instagram'ida hayotning faqat yorqin lahzalari — sayohatlar, selfilar, bazmlar, pozitiv damlar aks etgandi. Shundan bo‘lsa kerak, uning ota-onasi haqiqiy hayot virtual nusxasidan mutlaqo teskari bo‘lishi mumkinligini barchaga eslatib turishi uchun farzandining profilini o‘chirmaslikka qaror qilgan.
Umuman, hech qachon kimgadir faqatgina uning ijtimoiy tarmoqlardagi suratlari, postlari, layklariga qarab xulosa chiqarmang, ayniqsa bugungi raqamli muhitda: o‘zini dindor ko‘rsatayotgan foydalanuvchi aslida g‘irt aroqxo‘r, ayollar huquqidan va’z aytayotgan “faol” — onasini bog‘lab boqadigan noinsof, o‘zini haqiqat kurashchisi va superqahramon sifatida taqdim etayotgan “bloger” real hayotda eplab bo‘lmas muttaham chiqib qolishi mumkin.
Raqamli illyuziyadan omon chiqishning oltin qoidasi shu: taqqoslamang — o‘zingizni ruhan o‘ldirasiz, tekshiring — aks holda aldanib qolasiz, taqlid qilmang — virtual hayotda ham haqiqiy Meningiz bilan yashang, soxta nusxangiz faqat zarar keltiradi. O‘zingizga ham, jamiyatga ham. O‘zingizdan zavqlaning – bu bir bora berilgan, takrorlanmas hayot.
Dilshod Nurulloh
Manba: Daryo.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi