
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida atrof-muhitga zarar yetkazayotgan 106 xo‘jalik faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.
Bu chora Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-fevraldagi 59-F-son farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Maxsus tuzilgan ishchi guruhlar 4,8 mingdan ortiq ob’ektni o‘rganib chiqdi. Shundan 595 tasi issiqxona xo‘jaliklari, qolganlari esa ijtimoiy soha va sanoat korxonalari bo‘lgan.
Tekshiruvlar davomida ayrim xo‘jaliklarda atmosfera havosiga zararli gaz, chang va tutun chiqarilgani aniqlangan. Natijada 58 issiqxona xo‘jaligiga ma’muriy jarima qo‘llanildi, 106 xo‘jalik faoliyati esa to‘xtatildi.
Shuningdek, 387 ta ob’ekt ekologik talablarni buzmaslik, plyonka, avtoshina va o‘simlik qoldiqlarini yoqmaslik haqida rasmiy ogohlantirish olgan.
Vazirlik ma’lum qilishicha, nazorat tadbirlari tizimli davom ettiriladi va ekologik qonunchilikni buzgan subyektlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.