«Ozodlik» radiosining bir videosiga ko‘zim tushdi – «Tarvuz kasodi: yuzlab dehqon bankrot bo‘ldi». Ya’ni ta’kidlanishicha, «O‘zbekistonda polizchilik bilan shug‘ullanadigan dehqonlar navbatdagi iqtisodiy bankrotlikka yuz tutdi. Minglab gektarda yetishtirilgan tarvuz xaridorsiz qolib, dalada nobud bo‘ldi.
Yerni ijaraga sotib olib dehqonchilik qilganlar ham, ishlik bo‘laman deb hukumatning topshirig‘i bilan fermerlardan yerni ijaraga olgan yoshlar ham kuyib qoldi.
Dehqonchiligi barakali bo‘lishi umidida kimdir bor-budini shunga tikdi, kimdir qarz oldi, kimdir uyidagi oxirgi molini ham sotdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston agrar davlat bo‘lgani bilan, lekin unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoati rivojlanmagan...»
Dehqonchilik ham lotereyaga o‘xshaydi. Pul tikasiz ammo, yutasizmi yutqazasizmi bu noma’lum. Yutishingiz va yutqazishingiz esa turli omillarga bog‘liq.
Maqolaning mavzusi esa bu yil kasod bo‘lgan tarvuz savdosi haqida emas. Balki... yuqorida ta’kidlanganidek mahsulotlarni qayta ishlash sanoati haqida. Mahsulotlarni qayta ishlash sanoati rivojlanmagan desak, sal xato qilgan bo‘lamiz, balki ayb o‘zimizdadir, izlanmasligimizdadir. Daromad katta bo‘lishi mumkin bo‘lgan sohaga qiziqmayotganimizdadir. Mundoq o‘ylab qaraganda O‘zbekistonda allaqachon nafaqat qog‘oz qutilarda, balki shisha va yelim idishlarda sharbat chiqarish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, hatto o‘zimizda yetishtirilmaydigan apelsinu mangolarni surati tushirilgan ichimliklar bugun har bir do‘konda bor. Anor suvini qo‘lbola sharbatsiqqichda chiqarib katta-katta daromad olayotganlarniku gapirmasa ham bo‘ladi. Undan tashqari yozi bilan talab doimo yuqori bo‘ladigan o‘rik sharbati va sutli kokteyllarni allaqachon hamyurtlarimiz daromad manbaiga aylantirishgan. Qora tutni ham uvol qilishmaydi. Ammo nimagadir, o‘zimizda yilda mo‘l-ko‘l bo‘ladigan tarvuzdan sharbat ishlab chiqarilmasligi juda hayratlanarli. Vaholanki boshqa mamlakatlarda allaqachon ulardan turli ichimliklar ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan.
Umuman tarvuzdan sharbat olish, o‘rik yoki olma va hatto uzumni siqib chiqarib qayta ishlashdan juda oson. Va yana bir muhim jihat, 95 foizi suvdan iborat bu poliz ekinining o‘rtachasidan 2-3 litrgacha sharbat olish mumkin, hech bir qiyinchliksiz... Shunday ekan, nima uchun dehqon peshana teri bilan yetishtirgan tarvuzni achchiq ustida uloqtirishi va yorib tashlashi kerak. Xuddi anor sotuvchilar sharbat siqadigan uskunasini o‘rnatib olib ham anor, ham sharbat sotish bilan shug‘ullanganidek, tarvuzdan ham shunday foyda qilishmaydi? Anorni siqib sharbat chiqaradigan uskunani o‘ylab topganlar, tarvuz uchun shunday matohni ixtiro qilisholmasa? Internetda juda ko‘p tarvuzga kichkina kran o‘rnatib undan sharbat chiqarishayotganini ko‘rsatishadi. Nafaqat tarvuz savdosi kasod bo‘lganda, balki shunchaki shu uskunadan tarvuz sotuvchi yoki dehqon yoniga qo‘yib sharbat quyib berishsa bo‘lmaydimi, ichiga bir-ikki bo‘lak muz tashlab, oh-oh, qanday rohatijon ichimlik va zavqli yumush-a.
Yoki bo‘lmasa nima uchun hatto mango va boshqa tropik mevalardan sharbat tayyorlayotgan tadbirkorlarimiz ozroq bosh qotirib tarvuzdan tabiiy usulda ichimlik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylashmaydi.
Masalan, moxito ichimligi juda urfga kirgan, har xil mevalardan tashkil topgan ichimlikka ikki dona xushbo‘y yalpizning bir turi moxito bargi solinadi va ichimlik tayyor.
Maqolani yozish asnosida xorijdagi sharbat ishlab chiqarish sanoati haqidagi ma’lumotlarni izladim. Alohida, faqat tarvuz bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar bor ekan, shulardan biri Watermelon NFC juice.... Tarvuzdan 20 xildan ortiq sharbat ishlab chiqarish mumkinligini ko‘rib uning turgan bitgani foyda keltiruvchi ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim. Masalan, ular har bir restoran va yemakxonalarda xuddi bizning oshxonalarda albatta kompot menyuda bo‘lishi shartdek tarvuz sharbatlari juda urfda ekan – eng oddiy sharbat retsepti: tarvuz, muz bo‘laklari va bir qoshiq asal yoki tarvuzli moxito.
Hozir internet rivojlangan, ayniqsa foodblogerlik, ya’ni oshxona blogerligi o‘ta rivojlangan zamon, inglizchadami, ruschadami qaysi yemak yoki ichimliklar tayyorlash haqida savol bersangiz qatorlashib chiqib keladi.
Mavzuga yondoshish bahonasida tarvuz haqida har xil savollarga juda ko‘p javob topdim. Va bir videoda ko‘rganim pachoqlanayotgan tarvuzning bozori kasod bo‘lmasligi dehqonning va tadbirkorning qo‘lida ekanligini angladim. Ozgina qunt, izlanish, harakat, yangilikka intilish bo‘lsa kifoya. Tarvuzni uloqtirish uchun ketkazgan vaqtni tadbir izlashga sarflash mumkinku. Bunga esa faqat uni yetishtirgan dehqon emas, balki oshpaz ham, tadbirkor ham, sharbat ishlab chiqaradiganlar ham, har bir oshxona, kafe, restoran xodimlari ham o‘z ijodkorligini ozroq ishga solsa bas... Chunki tarvuzdan sharbat olish shu qadar osonki, olma, shaftoli, mango, anor yoki o‘rik kabi katta kuch sarflashga hech ham hojat yo‘q...
Barno Sultonova
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi