Radioboshlovchi, vayner Akmal Mirzo va shoir Botir Ergashev “Oriat dono” radiosida efirga beriladigan “Biz kim” tok shousida davlat tashkilotlaridan budjet pulining qanday ishlatilayotganini so‘rayotgan jurnalist va blogerlarni malomat qildi.
Xususan, Akmal Mirzo o‘zbek xalqini soliqlardan qochib yuradiganlar deya ta’rifladi.
Akmal Mirzo
“Bizning xalqimizda mana shunday bir tendensiya paydo bo‘ldi. Ishoning, hamma aqlli bo‘lib ketdi, budjet pulining hisob-kitobiga o‘tib ketdi. O‘zi asli soliqlardan qochib yuradigan xalqmiz. Yo noto‘g‘rimi? Biz maksimum harakat qilamiz, buxgalterning zo‘rini olamiz, bir narsa qilib soliq to‘lamasak, bir narsa qilib aldab qochsak-da. Uni qilib bo‘lgandan keyin, buyoqda chiqib: “Soliqlardan...” deb ayyuhannos solishni bilamiz. O‘zi aksari sohalarda soliq to‘lashni qoyil qiladigan xalq emasmiz. Bunday qarasang, O‘zbekistonni boqyapman deb yubordi. Iye, kimsan sen o‘zi?!” – deydi vayner.
Botir Ergashev
Botir Ergashev vazirdan davlat mablag‘larining qanday ishlatilgani bo‘yicha hisob so‘ragan odamni o‘zining nazarida qanday “mot qilgani” haqida aytib berdi.
“Ikki-uch kun bo‘ldi. Bittasi ijtimoiy tarmoqda trendga chiqqan mavzu bo‘yicha nima qiluvdi, men savol berdim: qayerda ishlaysiz, dedim. Hech qayerda ishlamayman dedi. Hech qayerda ishlamasdan turib qanaqasiga men soliq to‘layapman, deb yotibsiz dedim. Qayerdan to‘laysiz soliqni, dedim. Onangizni pensiyasidan yo otangizni pensiyasidanmi, qayerdan to‘layapsiz? Shunday desam, bo‘ldi, xayr... Javob yo‘q. O‘sha odam vazirning yoqasidan olyapti, sen soliqdan yig‘ilgan pullarimni qayerga sarflayapsan, deb”, – dedi shoir.
Akmal Mirzo Madaniyat vazirligini tanqid qilgan bloger va jurnalistlardan “aqli yetsa” Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligining budjeti haqida ham yozishni so‘radi.
“Men iltimos qilaman mutaxassislardan. Shunaqa gapiradiganlarning davlatga to‘laydigan solig‘ini chiqarib beringlar, iltimos. Keyin men to‘layotgan soliqlari uchun unga davlat tomonidan yaratib berilayotgan imtiyozlar, sharoitlar haqida gapirib beraman. Qo‘pol qilib aytganda, uning bir yil to‘lagan solig‘i bir kun tinch yashashiga yetmaydi! Bir yil to‘lagan solig‘i bir kun tinch yashashiga yetmaydi! O‘zi asli. Shunaqa! Xohlaysizlarmi, xohlamaysizlarmi, shunaqa! Yoqmayaptimi, eshitmanglar.
Bitta narsa-da, sal qarichni kengroq olaylik, hurmatli blogerlar, jurnalistlar. Bir gap aytaymi, o‘ziga yaqinroq, kecha aka-uka bo‘lganlarni varillatib yozaveradi-da. Erkak bo‘lsang, aqling ishlasa, Adliya vazirligini, Ichki ishlar vazirligining budjeti haqida yoz! Agar ertaga normalniy yurishni xohlasang. Madaniyat vazirligi, bitta telekanaldagi loyiha... Ey... lo‘ttiboz!” – ta’kidladi Akmal Mirzo.
Faqat ishlaydigan odam soliq to‘laydi degan fikr – xato
Ishsiz fuqarolar soliq to‘lamaydi degan xato fikr keng tarqalgan. Bunday yanglish fikrni, masalan, sobiq bandlik vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov ham ilgari surgan. U o‘z chiqishlaridan birida millionlab o‘zbekistonliklar norasmiy sektorda band ekanini aytib, ularni “bir tiyin ham soliq to‘lamaslik”da ayblagan edi.
“Bu toifadagi insonlar har kuni norasmiy ishlab, cho‘ntagini pulga to‘ldirib uyga borishadi. Bolalarini maktab, bog‘chalar va hokazolarga berishadi, lekin davlatga bular bir tiyin ham soliq to‘lamaydi, to‘lovlarni qilmaydi”, – degandi u.
Ta’kidlash kerakki, oylik maoshdan ushlab qolinadigan soliq (rasmiy nomi – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i) – O‘zbekistonda amal qilayotgan 10 xil turdagi soliqlardan faqat bittasi xolos.
O‘zbekistonliklarning barchasi tovar va xizmatlarni sotib olishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘laydi. Shuningdek, fuqarolarning katta qismi mol-mulk va yer soliqlarini to‘laydi, muayyan toifa fuqarolar uchun ijtimoiy soliq belgilangan. Yana boshqa turdagi soliqlar tadbirkorlik subyektlari tomonidan to‘lansa-da, biznesning bu xarajatlari mahsulot narxida aks etishi hisobiga qolgan turdagi soliqlarning ham yakuniy to‘lovchisi iste’molchilar hisoblanadi.
Soliqlardan tashqari, bojlar va majburiy yig‘imlar ham davlat budjeti shakllanishida muhim o‘ringa ega.
Vayner va shoir nima haqda gapiryapti?
Oxirgi oylarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” loyihasiga davlat budjetidan pul ajratgani jamoatchilik tomonidan tanqid qilib kelinmoqda.
O‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazir pullar haqidagi malomatlarga javob qaytargandi. U “Ovoz” loyihasi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji uchun kerakligini qayta-qayta takrorlab, bu boradagi tanqidlardan xunob bo‘lganini bildirgandi. “Butun dunyoda – 76 ta davlatda eng top musiqiy shou mana shu bo‘la turib, agar shu 2 milliard pulga malomat qilaversanglar, uyimni sotib bo‘lsa ham beraman oxiri shu pulni. Shu katta loyiha O‘zbekistonning nufuziga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi? Kelinglar, oldin shu haqda gaplashaylik”, degandi Nazarbekov.
Budjet nazorati – fuqarolik jamiyatining asosiy sharti
Fuqarolar o‘zlari to‘lagan soliqlar va umummilliy aktivlar (qazilma boyliklardan tortib davlat korxonalarigacha) hisobiga olingan daromadlarning qanday sarflanishiga faol qiziqish bildirishi – fuqarolik jamiyatining asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi.
26 avgust kuni imzolangan prezident farmoniga asosan, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini rag‘batlantirish – fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi