Amir uyg‘onganida zanjirband sher hamisha uning xonasida turardi. Biroq o‘sha tunda xizmatkorlar negadir bu jonivorni yotoqqa olib kirishni unutdilar. Qo‘riqchi yirtqich sherning yo‘qligidan foydalangan bir guruh qullar uchun esa bu ayni muddao edi. Ular yotoqqa kirib, amirning boshini tanidan judo qildilar...
Amir Ahmad Ibn Ismoil vahshiylarcha o‘ldirilganidan so‘ng amaldorlar qotil va suiqasdga buyurtma berganlarni tutib dorga osishdi. Amir qilib esa Sa’id Abulhasan Nasrni taxtga o‘tqazdilar. Marhum hukmdorning bu o‘g‘li taxtga chiqqanida endigina sakkiz yoshga to‘lgan edi.
Samonxudotlar avlodidan bo‘lgan Somon qishlog‘i oqsoqoli Ismoil arab xalifaligiga qaram bo‘lmish Buxoroni 874 yilda, oradan 18 yil o‘tib esa, butun Movarounnahr hukmdorligini qo‘lga kiritdi. 849 yilda Farg‘onada tug‘ilgan Ismoil shu tariqa ko‘p yillar xalifalarga xizmat qildi. U saltanat markazidagi boshboshdoqlikdan foydalanib, ikki daryo oralig‘ining hokimi darajasiga yetgan somoniylar sulolasining (892–907 yillarda Ismoil hukmdorlik qilgan, sulola esa 1005 yilgacha uning avlodlari tomonidan davom etdirilgan) asoschisi edi.
Ismoil va o‘g‘li Ahmad Movarounnahrni xalifalikka qaramlikdan ozod etib, o‘lkada davlatchilikni qayta tikladi. Hatto, Xuroson va shimoliy Eronni ham o‘z tobeligiga kiritgandilar. Amir Ahmad ibn Ismoil 914 yil 12 yanvarda qullar tomonidan o‘ldirilgach, taxtga yana bir somoniy – Sa’id Nasr o‘tirdi.
Nasr sakkiz yoshda bo‘lgani bois davlat ishlarini Al-Jayhoniy, ibn Ali kabi vazir va sipohisalorlar boshqargan. Bu paytda somoniylar qaramlikdan qutulgan edi. Ammo xalifalik Movarounnahrni yana iskanjaga olishni istar, qolaversa, sharqdagi boshqa kuchlar ham davlatga ta’sir o‘tkazish yo‘llarini izlardi. Shunday vaziyatda dono vazirlar hokimiyat jilovini qattiq tutdilar. Zero, zaif siyosat olib borish somoniylarning parchalanib ketishiga sabab bo‘lardi. Boz ustiga yosh amirning amakisi Is'hoq va uning o‘g‘li Abu Solih Samarqand hamda Nishopurda isyon ko‘tarib, ushbu shahar hokimligini berishni talab qildilar. Yosh amir isyonkorlarga qarshi Ali sipohisalor boshchiligidagi qo‘shinni yubordi. Qaqshatqich janglardan so‘ng hokimlik havasidagi amakizodalari mag‘lub bo‘ldi. Shu taxlit Nasr somoniylar davlati parchalanib ketishining oldini oldi. Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida yozilishicha, «u adolatli podshoh bo‘lib, otasidan ham odilroq edi».
Yillar o‘tib Nasr voyaga yetgach, hokimiyat jilovini o‘z qo‘liga oldi. Bobosi va otasining davlatini devonlarga bo‘lib boshqarish siyosatini davom ettirdi. Bundan tashqari uning davrida Movarounnahrda konchilik rivojlanib oltin, kumush, mis, qo‘rg‘oshin qazib olish, Samarqandda qog‘ozsozlik, ko‘nchilik rivoj topdi. Hatto, rang-barang shisha idishlar, bezaklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, ushbu buyumlar Xitoyga olib borib sotilardi. U yerdan esa ipak, sholi, mo‘yna xarid qilib kelinardi.
Davlat ishlari va xalqaro aloqalarniyam yo‘lga qo‘ygan amir Nasr hukmdorligining 13-yili – 927 yili 21 yoshida Buxoroga Abul Abbos degan kishini hokim etib tayinladi. O‘zi Nishopurdan turib somoniylar davlatini boshqardi.
O‘sha yili Nasrning Nishopurga ketganidan foydalangan Abu Zakariy Buxoroda fitna chiqarmoqchi bo‘ldi. Biroq amir Nasr uning noroziligi sababini surishtirib, o‘zini Nishopurga chaqirib olgach, fitna daf etildi.
Oradan yana yillar o‘tdi. Dorilomon kunlarning birida Buxorodagi bozorga o‘t tushdi. Yong‘in 937 yilning mayida sodir bo‘ldi. Bunga sabab halimpazning do‘koni edi. Narshaxiyning yozishicha, «ushbu do‘kon Samarqand darvozasida bo‘lib, halimpaz halim qozoni tagidagi kulni tomga olib chiqib, tomda chuqurlik bor ekan, uni to‘lg‘izmoqchi bo‘lgan. Kul orasida bir bo‘lak cho‘g‘ bor ekan, halimpaz uni sezmagan va shamol cho‘g‘ni olib borib, qamishdan yasalgan bir uyga urgan. U uyni o‘t olib, undan hamma bozorlarga o‘t ketgan va Samarqand darvoza mahallasi butkul kuygan».
Yong‘in bozordagi tim, karvonsaroylarni ham qamrab olgan edi. Faqat uchinchi kunigina buxoroliklar o‘tni o‘chirishga muvaffaq bo‘ladilar. O‘t balosi sababli, bozordagi yog‘ochlar tuproq tagida bir oygacha kuyib yotdi. Bu ofat buxoroliklarga yuz ming dirhamdan ortiq ziyon keltirdi.
Garchi amir Nasr mash’um voqeadan ogoh bo‘lib, vayronani obod qilishga ko‘p harakat qilsa-da, Buxorodagi imoratlarni xuddi ilgaridagidek qilib qurishning imkoni bo‘lmadi.
Ushbu voqeadan olti yil o‘tib, ya’ni 943 yili somoniylar davlatini parchalanib ketishdan saqlab qolgan, uni qudratli qilgan amir Sa’id Abuhasan Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniy hayotdan ko‘z yumdi. Nasrning hukmdorligi 29 yil davom etib, u 37 yoshida kasallanib, doril baqoga rixlat qilgan edi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt.
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt.
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ukraina zarbasi oqibatida KXDR armiyasi generali yaralandi
Kim Chen In G‘arbni Ukrainadan Rossiyaga qarshi foydalanganlikda aybladi
Rossiya Ukraina Bryansk viloyatidagi harbiy obyektga ATACMS bilan hujum qilganini tasdiqladi