date

Jonni Uoker: "Hamzat Chimayevni hozir mag‘lub etish mumkin emas"

Jonni Uoker: "Hamzat Chimayevni hozir mag‘lub etish mumkin emas"

Braziliyalik mashhur UFC jangchisi Jonni Uoker hozirgi vaqtda aralash jang san’ati dunyosidagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan sportchilardan biri — o‘rta vazn chempioni Xamzat Chimayev haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Chimayev hozirgi kunda ushbu vazn toifasida mutlaq ustunlikka ega va raqobatchilardan ancha ustun turadi.

«Chimayevning Drikus dyu Plessiga qarshi jangini ko‘rganimda, u haqiqiy master-klass ko‘rsatganini angladim. Uning mahorat darajasi butunlay boshqa bosqichda. Hamzat chempionlikka haqiqatan ham munosib ekanini yana bir bor isbotladi. Hozirgi vaziyatda o‘rta vaznda unga raqobat qila oladigan jangchi yo‘q, deb o‘ylayman. Balki yaqin vaqtlarda yoki kelgusi yillarda bunday raqib paydo bo‘lar, lekin hozircha uni ko‘rmayapman», — dedi Uoker «Helen Yee Sports» YouTube kanaliga bergan suhbatida.

Eslatib o‘tamiz, Xamzat Chimayev UFC 319 turnirida Janubiy Afrika vakili Drikus dyu Plessiga qarshi ringga chiqqan edi. Qattiq kurashlarga boy bo‘lgan ushbu jang hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra Chimayevning g‘alabasi bilan yakunlandi. Shu tariqa, u UFC o‘rta vazn toifasi kamarini qo‘lga kiritib, o‘z nomini tarixga yozib qo‘ydi.

Jangdan keyin butun jahon ommaviy axborot vositalari va sport ekspertlari Chimayevning himoya va hujumdagi universalligi, kuchli jismoniy tayyorgarligi hamda psixologik chidamliligini alohida ta’kidlashdi. Jonni Uokerning fikricha ham, aynan shu jihatlar uni hozirgi kunda deyarli mag‘lub etib bo‘lmas darajada ko‘rsatmoqda.

Hamzatning o‘rta vazndagi kelajagi haqida turli taxminlar aytilayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab tahlilchilar uning ustunligi uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Chunki u nafaqat kuchli jangchi, balki taktik fikrlash qobiliyati va to‘liq professional yondashuvi bilan ham ajralib turadi.

Shu bois, hozirgi vaziyatda Jonni Uokerning «Chimayevga qarshi raqib yo‘q» degan so‘zlari juda ko‘p sport ishqibozlari fikri bilan hamohanglik kasb etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jonni Uoker: "Hamzat Chimayevni hozir mag‘lub etish mumkin emas"