Har yilgidek, sentyabr oyining uchinchi haftasida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi boshlandi. Bu – 80-sessiya. Bu sessiya tarixda qoladi. Sababi global siyosatdagi tebranishlar, tirashuvlar va Falastin borasidagi pozitsiyalar. Lekin bu sessiya O‘zbekiston uchun ham ahamiyatli. Buning sabablari bir qancha. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz’dagi kolonkasida shular haqida so‘z yuritadi.
Bu sessiyada O‘zbekiston nomidan davlat rahbari, prezident Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda BMT, uning Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik kengashi – global darajadagi diplomatik, g‘oyaviy va siyosiy bahs-munozaralarning, tirashuv va kurashuvlarning markazi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Bu yer dunyo afkor ommasini o‘ziga ishontirish, o‘zining qarashlari va e’tirozlarini bildirish uchun asosiy makon sifatida ko‘riladi. Shuning uchun BMT, bir tomondan zerikarli va rasmiy bayonotlar makoni sifatida ko‘rilsa-da, ikkinchi tomondan, eng asosiy kurash – g‘oyalar kurashi aynan mana shu yerda kechadi. Shuning uchun dunyo davlatlari rahbarlari ko‘pincha shaxsan o‘zlari BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida ishtirok etib, dunyoga o‘z qarashlari, g‘oyalari, manfaatlari va loyihalari haqida bayonotlar berishadi.
O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevning Nyu-Yorkka tashrifini uch qismga bo‘lish mumkin.
Birinchi qism – AQSHdagi yirik korporatsiyalar, kompaniyalar, banklar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan umumiy va yakkama-yakka uchrashuvlar. Prezident Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi boshlanguniga qadar, vaqtdan unumli foydalanib, Nyu-York shahrida Blackrock investitsion kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruv direktori Abedayo Orunelis bilan, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan, Citigroup korporatsiyasi raisi Jon Dugan bilan, qolaversa, NASDAQ, Boeing, Oppenheimer Holdings va boshqa yana o‘nlab juda qudratli korporatsiyalar, kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, O‘zbekistonga sarmoya kiritish yoki O‘zbekiston bilan hamkorlikda loyihalar qilishga chorladi. Bu, bir tomondan ko‘plab davlatlar uchun oddiy ko‘rinishi mumkin bo‘lgan holat. Lekin qudratli kompaniyalarning qiziqishi shunchaki diplomatik protokoldan ko‘ra yuqoriroq turuvchi holat hisoblanadi. Chunki bu kompaniyalar o‘zlarining real manfaatlaridan kelib chiqib, davlatlarga qiziqishadi, ularning rahbarlari bilan uchrashishadi. Tabiiyki, uchrashuv – real hayotga ko‘chadigan kafolatlangan loyiha emas. Tanishuv uchrashuvlaridan to hamkorlikdagi loyihalar qilingunga qadar katta masofa bor. Lekin bu tomonlarning qiziqishiga, intiluvchanligiga va manfaatlariga bog‘liq. O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy gigantlar bilan hamkorlik qilish borasida ko‘pchilikda ko‘rinmaydigan intiluvchanlik ko‘rsatmoqda. Va buning samarasi davlatning xalqaro darajadagi aloqalari, qo‘shma loyihalar yoki sof xorijiy sarmoyalarda ko‘rinadi.
Ikkinchi qism prezidentning Nyu-Yorkka safaridagi asosiy maqsad hisoblanib, bu prezidentning Bosh Assambleyadagi chiqishidir. Prezident Mirziyoyev Bosh Assambleya sessiyasining birinchi kunidayoq chiqish qilib, O‘zbekistonning ichki siyosati, Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘zgarishlar haqida hamda global maydondagi asosiy ziddiyatlar borasida O‘zbekiston pozitsiyasini bildirdi.
Jumladan, 2017-yilda boshlagan islohotlar siyosatidan voz kechmasligi alohida urg‘ulandi. Bu – dunyo hamjamiyati uchun muhim signal. Bu kabi messeyjlar qanchalik ko‘p va ongli takrorlansa, rasmiy Toshkentga bo‘lgan ishonch shuncha mustahkamlanadi. Chunki yaqin o‘tmishdagi davlat reputatsiyasi shunday urg‘ulashni taqozo qiladi. Qolaversa, O‘zbekistonda umumiy va oliy ta’lim borasidagi davlat siyosati, xotin-qizlarga imkoniyatlar yaratish nuqtayi nazaridan olib borilayotgan davlat siyosati, huquqiy davlatchilik borasida ham to‘xtalib o‘tildi. Prezident Mirziyoyev keyingi sakkiz yil mobaynida Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaq yangi siyosiy muhit paydo bo‘lganligini alohida urg‘uladi. Bugun mintaqa davlatlari o‘rtasida chegara muammolari, yashirincha va oshkora tirashuvlar mavjud emas. Mintaqada aksariyat masalalar borasida yakdillik va hamkorlik ustuvor. Shuningdek, prezident “Afg‘oniston yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim” deya, Afg‘onistonda transport-logistika loyihalarini rivojlantirish maqsadida BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqdi.
Falastin borasida prezident, har doimgidek, “ikki xalq uchun – ikki davlat” konsepsiyasini takrorladi. O‘zbekiston yillarki Falastin davlati tashkil topmas ekan, bu mintaqada mustahkam va barqaror tinchlik bo‘lmasligini urg‘ulab keladi.
Ukraina urushi borasida ham O‘zbekiston o‘zining qarashlarini yana bir bor dunyo hamjamiyatiga eslatdi: bu urush siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan tezroq to‘xtatilsa, insonlarning qurbon bo‘lishiga chek qo‘yilgan bo‘lar edi.
Uchinchi qism – bu Bosh Assambleyada ishtirok etish uchun kelgan boshqa davlat rahbarlari bilan shu paytgacha shakllangan munosabatlarni mustahkamlash va qolgan davlatlar bilan aloqalarni kuchaytirish uchun qulay fursat hisoblanadi. Shuning uchun O‘zbekiston prezidenti BMT maydonida ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari bilan ko‘rishib, O‘zbekiston manfaatlarini oldinga surish bilan shug‘ullandi.
Bir qarashda normal jarayon. Hech qanday g‘ayrioddiy holat yo‘qdek. Biroq O‘zbekiston uchun emas. Ma’lum bir davr bo‘ldiki, O‘zbekiston dunyo hamjamiyatidan qattiq ihotalangan, davlatning xalqaro maqomi juda past darajaga tushib qolgan edi. Bugun O‘zbekiston davlat rahbarining xalqaro iqtisodiy gigant kompaniyalar bilan, xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan, qudratli va salohiyatli davlatlar rahbarlari bilan muttasil uchrashib, O‘zbekiston bilan mushtarak manfaatlar haqida gaplashishi – keyingi sakkiz yilda erishilgan reputatsion o‘zgarishning, transformatsiyaning real ifodasi hisoblanadi.