date

Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi

Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi.

Toshkent shahri va Toshkent, Farg‘ona, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi 12 nafar fuqarodan iborat jinoiy guruh ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarni topib va sog‘lom fuqarolarni mo‘may pul zvaziga o‘z organini sotishga qiziqtirib, chet eldagi tanishlari yordamida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ularni go‘yoki qarindosh sifatida ko‘rsatib, qo‘shni davlatlardan biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishgan.

Uyushgan jinoiy guruhning 2023-2025-yillardagi faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgan.

O‘z navbatida, bemorlardan olingan katta miqdordagi pul mablag‘larining ma’lum bir qismi operatsiya uchun xususiy klinikaga hamda donorlarga berilgan, qolgani esa o‘zaro taqsimlangan.

Shuningdek, jarrohlik amaliyotidan keyin sog‘liqlarida ijobiy o‘zgarish bo‘lmagan bemorlarga og‘riqni qoldirish maqsadida jinoiy guruh tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari qimmat narxlarda sotilgan.

Uyushgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 133-1 (inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olish hamda transplantatsiya qilish shartlarini va (yoki) tartibini buzish), 228 (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 246 (kontrabanda) va 273 (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) -moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Hozirda jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi