Samarqand shahrining ekologik bosh rejasi tasdiqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi.
“Samarqandda shaharni barqaror rivojlantirishga qaratilgan ekologik "master-reja" tasdiqlandi. Bu haqda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi qarori qabul qilindi. Ushbu strategik reja atrof-muhitni boshqarishni takomillashtirish, qulay shahar muhitini yaratish va mintaqaning iqlim oʻzgarishiga chidamliligini kuchaytirishga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.
Ekologik "master-reja" Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Iqlim oʻzgarishi milliy markazi va Samarqand shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Reja 2024 yil iyul oyida taqdim etilgan Iqlim oʻzgarishi milliy markazining “Green Cities” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
“Bu loyiha shunchaki tashabbus emas, balki mustaqil, yirik loyiha boʻlib, shaharlarning ekologik barqarorligining yillik reytingi, ekologik "master-reja"larni ishlab chiqish va ularni mamlakatimiz hududlarida bosqichma bosqich amalga oshirishni oʻz ichiga oladi”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Aytilishicha, "master-reja"larni amalga oshirish natijalari Vazirlar Mahkamasiga kiritilib, reyting va ish natijalariga koʻra hududiy rahbarlarni ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinadi.
“Soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, samarqandliklarning 60 foizi atrof-muhit haqida qaygʻuradi, 37 foizi havoning ifloslanishi, 13 foizi suv tanqisligi, 8 foizi esa chiqindilar bilan bogʻliq muammolarga asosiy muammolar sifatida qaraydi. Shahar aholisi yashil hududlarni kengaytirish (23%) va chiqindilarni boshqarishni yaxshilash (22%)ni eng ustuvor chora-tadbirlar deb hisoblaydi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Ma'lumot uchun, Samarqanddagi yashil maydonlarning ulushi har 100 ming aholiga 21,4 foizni tashkil etadi.
"Master-reja"da quyidagilar nazarda tutilgan:
- "Master-reja"ga yangi bogʻlar yaratish va qurgʻoqchilikka chidamli daraxt ekish loyihalari kiritilgan;
- havo sifatini yaxshilash uchun jamoat transportini modernizatsiya qilish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va sanoat ob'ektlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan;
- shaharda har yili 219 ming tonna chiqindi hosil boʻladi, umumiy hajmning 1% dan kamrogʻi qayta ishlanadi. "Master-reja" doirasida yangi ekologik chiqindi poligoni yaratilib, chiqindilarni ajratish tizimi joriy etiladi;
- shahar suv ta'minoti tizimida suv yoʻqotishlari 24 foizni tashkil etadi. Ularni qisqartirish uchun infratuzilmani modernizatsiya qilish, suvni tozalash tizimlarini takomillashtirish va qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish koʻzda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil sentyabr oyida xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi qarori bilan Buxoroda ham shunday bosh reja tasdiqlangan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar