date
views 252

AQSh Ukrainada dronlar ishlab chiqarishga yashirincha 1,5 mlrd dollar bergani ma'lum boʻldi

AQSh Ukrainada dronlar ishlab chiqarishga yashirincha 1,5 mlrd dollar bergani ma'lum boʻldi
Foto: The New York Times
16 yanvar kuni AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasi Ukrainaga koʻrsatilgan harbiy yordam boʻyicha hujjatlarning oxirgi qismini maxfiylikdan chiqardi — ular dronlarni ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga oid maxfiy dasturga taalluqli, deb xabar beradi The New York Times.

Hujjatga koʻra, Qoʻshma Shtatlar texnik qoʻllab-quvvatlovdan tashqari, harbiy uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqaradigan Ukraina korxonalariga kamida 1,5 milliard dollar sarflagan.

AQSh mablagʻlarni dron ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, ular uchun ehtiyot qismlarni xarid qilish uchun ajratgan. Bundan tashqari, AQSh Ukrainaga uchuvchisiz uchish apparatlari dasturini ishlab chiqishda ukrain harbiylariga yordam berish uchun Amerika razvedkasi xodimlarini ham yuborgan.

AQSh koʻmagida Ukraina oʻz hududida yangi avlod dronlarini ishlab chiqara olgan va keyinroq uni kengaytirishga muvaffaq boʻlgan. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning ta'kidlashicha, bu Rossiya—Ukraina urushiga «real strategik ta'sir» koʻrsatgan. Uning soʻzlariga koʻra, dronlar urushda «borgan sari muhim ahamiyat kasb etmoqda» va ular kelajakdagi janglarning asosiy qurollaridan biriga aylanishi mumkin.

Sallivanning qayd etishicha, Ukraina ilk bor dronlardan 2022 yil kuzida birinchi qarshi hujum vaqtida foydalangan. 2023 yilda UQKning qarshi hujumi u qadar muvaffaqiyatli kechmagach, amerikalik amaldorlar Ukrainada dronlar ishlab chiqarilishiga koʻproq yordam ajratishga qaror qilgan. Prezident maslahatchisining qoʻshimcha qilishicha, Rossiya armiyasi 2023 yilda Ukraina harbiylarining hujumini dronlardan foydalangan holda toʻxtatib qolishga erishgan.

2022 yil oxiri — 2023 yil boshida Rossiya—Ukraina urushida «dronlar inqilobi» yuz berdi: ikkala armiyaning deyarli har bir boʻlinmasida tijoriy razvedka dronlari paydo boʻldi. 2023 yilda UQK, keyinroq Rossiya Qurolli kuchlari minglab kamikadze dronlarni qoʻlga kiritdi. Oʻsha yilning oxirida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2024 yilda mamlakat bu turdagi dronlardan 1 million dona, shuningdek, oʻrta va uzoq masofaga moʻljallangan uchuvchisiz uchish apparatlaridan kamida 10 ming dona ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh Ukrainada dronlar ishlab chiqarishga yashirincha 1,5 mlrd dollar bergani ma'lum boʻldi