Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi fuqarolarga pensiyaga chiqishda muammoga uchramaslik uchun nima qilish kerakligi yuzasidan tavsiyalar berdi. Jamgʻarma, shuningdek, mamlakatdagi pensiya bilan bogʻliq asosiy qoidalarni eslatib oʻtgan.
Kimlarga pensiya tayinlanadi?
Yoshga doir toʻliq pensiya erkaklarga 60 yoshga toʻlganda va 25 yil ish stajiga, ayollarga 55 yoshga toʻlganda va 20 yil ish stajiga ega boʻlgan taqdirda tayinlanadi. Bundan kamroq (kamida 7 yil) ish stajiga ega boʻlganlarga toʻliqsiz pensiya tayinlanadi, ya'ni pensiya kamroq hisoblanadi.
Ish stajiga nimalar kiradi?
Pensiya tayinlashda rasmiy ishlab, ish haqi hisoblangan davrlar, yakka tartibdagi tadbirkor, oʻzini-oʻzi band qilgan yoki xorijda ishlagan shaxs sifatida Pensiya jamgʻarmasiga ijtimoiy soliq toʻlangan davrlar ish stajiga hisoblanadi.
Pensiya jamgʻarmasining eslatishicha, ayollarda rasmiy ishlab, ish haqi hisoblangan va yakka tartibdagi tadbirkor, oʻzini-oʻzi band yoki xorijda ishlagan shaxs sifatida ijtimoiy soliq toʻlangan davrlari jami 20 yil boʻlganda 54 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqish imtiyozi mavjud.
Bunda, yuqoridagi davrlar uchun kamida 7 yil ish stajiga ega boʻlganda fuqaroning harbiy xizmat, oliy oʻquv yurtidagi kunduzgi oʻqish hamda bola parvarishi uchun ta'tilda boʻlgan (har bir bola uchun 3 yil, jami 6 yilgacha) davrlar ham umumiy ish stajiga qoʻshiladi.
Pensiyaga tayyorgarlik qanday amalga oshiriladi?
Pensiya tayinlashda fuqaroning rasmiy ishlagan davri va soliq toʻlangan ish haqi (daromadi) inobatga olinadi. Ya'ni, fuqaro rasmiy ishlab, rasmiy daromad olgan sari yilma-yil pensiyaga huquqi shakllanib boradi.
«Demak, har bir fuqaro ish faoliyati va daromadini rasmiylashtirish orqali pensiyaga tayyorgarlik koʻrib boradi», — deya qayd etgan Pensiya jamgʻarmasi.
Jamgʻarma yuqori miqdorda pensiyaga chiqish uchun pensiya yoshiga yaqin qolgan fuqarolar, shuningdek, yoshlar quyidagi tavsiyalarni bergan:
- Birinchidan, mehnat faoliyatingiz rasmiy shaklda ketayotganligiga, ishlayotgan tashkilotingizda sizga ish staji yozib borilayotganligiga ishonch hosil qiling. Buni mustaqil ravishda my.gov.uz portali orqali tekshirib olish mumkin;
- ikkinchidan, ish beruvchingizdan ish stajlaringiz toʻgʻrisidagi ma'lumotlarni raqamlashtirishni talab qiling;
- uchinchidan, tashkilotingiz tomonidan sizga rasmiy shaklda ish haqi toʻlanayotganligiga e'tibor bering. Bunda, sizga hisoblangan ish haqi, haqiqatan qoʻlingizga oladigan ish haqingiz, ushlab qolinayotgan daromad soliqlari, jamgʻarib borilayotgan pensiya uchun oʻtkazilayotgan mablagʻlar va boshqalarni doimiy ravishda tekshirib boring;
- toʻrtinchidan, agarda siz norasmiy shaklda faoliyat yuritayotgan boʻlsangiz, oʻz-oʻzini band qilgan holda roʻyxatdan oʻtib, Pensiya jamgʻarmasiga belgilangan tartibda ijtimoiy soliq toʻlab boring. Bu orqali siz ish stajingizni koʻpaytirib borasiz;
- beshinchidan, pensiya qonunchiligiga oid yangiliklar, ma'lumotlar bilan muntazam ravishda tanishib boring, kiritilayotgan oʻzgarish va qoʻshimchalardan xabardor boʻling;
- oltinchidan, hozirda mehnat faoliyati yuritmayotgan boʻlsangiz, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlariga mehnat daftarchangizdagi ma'lumotlarini raqamlashtirishni soʻrab murojaat qilishingiz lozim. Bunda, raqamlashtirilgan ma'lumotlaringizni my.gov.uz portalida koʻrishingiz mumkin.
«Mehnat faoliyatingiz toʻgʻrisidagi ma'lumotlarni hozir raqamlashtirib qoʻysangiz pensiyaga chiqish vaqti kelganda ortiqcha ovora boʻlib yurmaysiz. Yuqoridagi tavsiyalar asosida mehnat faoliyatingizni olib borsangiz, pensiya yoshiga etganda pensiya ta'minoti kafolatlanadi. Qoʻshimcha ma'lumotlar, pensiyaga oid har qanday masala boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining 1271 raqamli Call markazi orqali savollaringizga javob olishingiz mumkin», — deya qayd etgan jamgʻarma. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Qidiruvdagi avtomashinaning Navoiy shahrida harakatlanganligi aniqlandi
UzAuto Motors kompaniyasiga vaqtinchalik rahbar tayinlandi
Oʻzbekistonga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar
“Mutlaqo maxfiy”: Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd boʻyia jinoyat ishi sudda koʻrilmoqda
FVB boshligʻi 160 ming AQSh dollari olayotganda qoʻlga olindi
Samarqand viloyati IIB tezkor xodimi 10 ming dollar pora olayotganda ushlandi
Amaldorlarning korruptsiyaga moyilligi tekshirilishi mumkin
18+: Internetdagi axloqsiz va qonli batllari orqali mashhur blogerlarni qoʻllayotganlar kimlar?