19:09 / 17.01.2025
69

Oʻzbekistonda yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlaganlik uchun jarima belgilandi

Oʻzbekistonda yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlaganlik uchun jarima belgilandi
Oʻzbekistonda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik belgilandi. Prezident tomonidan 16 yanvar kuni imzolangan qonun bilan Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

Unga koʻra, yarim erkin sharoitlarda, sun'iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlash, ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 875 ming soʻmdan 3 mln 750 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilandi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar etishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (11 mln 250 ming soʻmdan 18 mln 750 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi nazarda tutilmoqda.

Ilgari bunday norma mavjud emas edi.

Bundan tashqari, shaharlar va boshqa aholi punktlarida hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish va saqlash choralarini koʻrmaslik, fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln 125 ming soʻmdan 1 mln 875 ming soʻmgacha), mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 875 ming soʻmdan 3 mln 750 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilandi.

Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar etishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 750 ming soʻmdan 5 mln 625 ming soʻmgacha), mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 30 baravarigacha (5 mln 625 ming soʻmdan 11 mln 250 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi koʻzda tutilmoqda.

Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirdi.

Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun'iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar roʻyxati tasdiqlangan. Roʻyxatga, xususan, yoʻlbars, sher, gepard, yaguar va ularning barcha kenja turlari, gorilla, shimpanze, yirik boʻgʻma ilonlar oilasiga mansub barcha turlar, otlarning barcha turlari (xonaki otlar bundan mustasno) kiritildi.

Hayvonlarning toʻliq roʻyxati bilan hukumat qarorida tanishish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat