18:05 / 19.02.2025
169

Telefonga qaramlik: texnologiyalar bizni qanday tobe qilmoqda?

Telefonga qaramlik: texnologiyalar bizni qanday tobe qilmoqda?
Zamonaviy dunyoda smartfonsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Ertalab koʻzimizni ochishimiz bilanoq unga qaraymiz, kechasi esa telefon ekraniga tikilgan holda uyquga ketamiz. Ishda, transportda, hatto doʻstlar davrasida ham uni qoʻlimizdan qoʻymaymiz.

Bizni dunyo bilan bogʻlaydigan kichik qurilma aslida real hayotdan uzoqlashtirayotgani haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Smartfonning ruhiy va jismoniy sogʻligʻimizga jiddiy zarar etkazayotganini-chi, sezasizmi?

Kun.uz telefonlarga keragidan ortiq bogʻlanib qolish natijasida yuzaga kelgan “raqamli qullik” va uning oqibatlarini oʻrgandi.

Simptomlar

Insonning texnologik vositalarga haddan tashqari bogʻlanib qolishi natijasida oʻz hayoti ustidan nazoratni yoʻqotishi raqamli qullik deyiladi. Bu tushuncha, odatda, "telefonga qaramlik" yoki "texnologik asirlik" kabi iboralar bilan yonma-yon keladi.

Smartfondan doimiy foydalanish istagi, uni ishlatmasa oʻzini notinch va noqulay his qilish holati – telefonga qaramlik hisoblanadi. Bu ilmiy tilda "nomofobiya" (no-mobile-phone phobia – telefonsiz qolishdan qoʻrqish) deb ham ataladi.

Telefonga qaramlik quyidagi alomatlar bilan namoyon boʻladi:
  • hech qanday sabab boʻlmasa ham smartfon ekranini ochib, unga qarab turish;
  • oʻqish, ish yoki suhbat mobaynida doimiy ravishda telefonga chalgʻish;
  • yotishdan oldin uzoq vaqt davomida telefon ishlatish va buning natijasida uyqu sifatining yomonlashishi;
  • haqiqiy hayotdagi muloqot oʻrniga faqat internet va virtual dunyoga bogʻlanib qolish.

Dopamin tuzogʻi

Ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar va videooʻyinlar muloqot qilish, hordiq chiqarish va yangiliklardan xabardor boʻlish imkonini beradi. Lekin ular inson miyasida maxsus mukofot tizimini shakllantirib, qaramlikni ham keltirib chiqaradi. Bu jarayonning asosi dopamin deb nomlangan gormon bilan bogʻliq. Dopamin – miyada zavq va motivatsiya hissini uygʻotadigan modda hisoblanadi.

Kaliforniya davlat universiteti olimlari oʻtkazgan tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlarning miyadagi ragʻbat tizimini qanday oʻzgartirishi oʻrganilgan. Buning uchun MRT (magnit-rezonans tomografiya) yordamida miyaning faoliyati kuzatilgan. Izlanishlarda ma'lum boʻlishicha, har safar ijtimoiy tarmoqlardan bildirishnomalar kelganda, miyaning "mukofot markazi" (striatum) faollashadi. Bu – insonda zavqlanish holatini hosil qiladi, ya'ni qancha koʻp layk yoki izoh qoldirilsa, shuncha koʻp dopamin ajraladi. Shuning ortidan foydalanuvchi platformada uzoqroq qolishga moyillashadi.

Dopamin miqdori vaqt oʻtishi bilan kamayish xususiyatiga ega. Bu moddani qayta toʻplash va zavq hissi yigʻishni davom ettirish maqsadida odamlar ijtimoiy tarmoqlarga uzoq vaqt sarflaydi. Ushbu jarayon giyohvandlik mexanizmlariga oʻxshash tarzda ishlaydi. Ya'ni inson qanday qilib chekish yoki shirinlik eyishga oʻrganib qolsa, ijtimoiy tarmoqlar va internetdan foydalanishga ham xuddi shunday qaram boʻlishi mumkin.

“Balki keyingisi qiziqroqdir”

Ijtimoiy tarmoqlar koʻngilochar maydon va axborot olish vositasi boʻlishdan tashqari, ulkan biznes industriyaga ham aylandi. Bu platformalarning asosiy maqsadlaridan biri – foydalanuvchilarni iloji boricha koʻproq vaqt davomida ushlab qolishdir.

Buning uchun ijtimoiy media kompaniyalari nevrologiya, psixologiya va sun'iy intellekt tadqiqotlaridan foydalangan holda, diqqatni boshqaradigan kuchli algoritmlar va dizayn mexanizmlarini ishlab chiqmoqda:
  • "Infinite scroll" (cheksiz aylantirish) – foydalanuvchi ekranni pastga siljitgani sari, yangidan yangi kontent chiqib kelaveradi va bu oqim tugamaydi, cheksiz davom etadi. Bu – miyaga "keyingi post qiziqroq boʻlishi mumkin" degan kutish hissini beradi. Natijada odam ekran oldida reja qilganidan ancha koʻproq vaqt oʻtkazadi.
  • "Autoplay" (avtomatik boshlanish) – video tugashi bilan keyingisi avtomatik tarzda boshlanadi. Bir videoni koʻrib boʻlgan odam tanaffus qilishga ulgurmasdanoq, keyingi kontent bozoriga shoʻngʻiydi, yangi video tanlash haqida oʻylamaydi. Bu esa "yana bir marta koʻray" degan odatni shakllantiradi. Bu mexanizmlar insonni doimiy ravishda yangilik izlashga majbur qiladi va e'tiborni jamlash qobiliyatini zaiflashtirib, telefonga qaramlikni oshiradi.
  • Kontentni shaxsiylashtirish – ijtimoiy tarmoqlarga integratsiya qilingan sun'iy intellekt algoritmlari foydalanuvchining harakatlarini kuzatib, uning qiziqishiga mos kontentni koʻrsatadi, bu algoritm odamni platformaga yanada bogʻlab qoʻyadi.


FOMO sindromi

Bugungi kunda koʻplab odamlar ijtimoiy tarmoqlarda sodir boʻlayotgan voqealarni kuzatish uchun telefonga yoki kompyuterga tez-tez qarashni odatga aylantirgan. Voqealardan orqada qolib ketish, muhim narsani oʻtkazib yuborishdan tashvishlanish hissini – FOMO (Fear of Missing Out) sindromini uygʻotadi.

FOMO sindromiga chalingan insonlarda quyidagilarga moyillik ortib ketadi:
  • Ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni doimiy kuzatish. Ular har qanday yangi post yoki xabarni oʻtkazib yubormaslik uchun telefonini qoʻldan tushirmaydi.
  • Boshqalarni oʻzidan yaxshiroq yashaydi deb hisoblash. Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlar va videolarni koʻrib, boshqalarning hayoti yanada qiziqarli, boy va omadli ekanini tan oladi, oʻzini esa betavfiq sifatida his qilib, hayotidan noliy boshlaydi.
  • Har qanday voqeadan bexabar qolishdan qoʻrqish. Kimdir tadbir yoki sayohatga borganda oʻsha jarayonda ishtirok etmaganidan afsuslanib, oʻzini yomon his qiladi.
  • Real hayotdagi muhim daqiqalarga e'tibor bermaslik. Oilasi va yaqinlari bilan vaqt oʻtkazish oʻrniga, ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni kuzatishga koʻproq vaqt ajratadigan boʻlib qoladi.

Ijtimoiy izolyatsiya

Odamlar bilan jonli muloqot qilish imkoniyati cheklangan yoki oʻzini yolgʻiz his qiladigan shaxslar ijtimoiy tarmoqlar va onlayn oʻyinlarga kuchliroq bogʻlanadi.

Raqamli texnologiyalar, jumladan internet, videooʻyinlar va ijtimoiy tarmoqlar real hayotdagi muammolardan vaqtinchalik yashirinish maydoni sifatida xizmat qilmoqda.

Stress, depressiya, yolgʻizlik yoki turli hayotiy qiyinchiliklardan qochish odamlarni virtual dunyoda koʻp vaqt oʻtkazishga undayapti.

Raqamlar nima deydi?

Soʻnggi ma'lumotlarga koʻra, odam har kuni oʻz telefonida oʻrtacha 4 soat 37 daqiqa vaqt sarflaydi. Bu haftada 1 kundan ortiq yoki oyda 6 kunga teng. Bu koʻrsatkich yil davomida telefonga qariyb 70 kun sarflanishini anglatadi.

Boshqa bir tadqiqot shuni koʻrsatadiki, ayollar erkaklarga qaraganda smartfonlardan biroz koʻproq foydalanadi. 30 mingdan ortiq odam bilan oʻtkazilgan tajribada ayollar uchun kunlik ekran vaqti oʻrtacha taxminan 2 soat-u 47 daqiqa, erkaklarda esa 2 soat-u 34 daqiqani tashkil qilgan.

Hozirda butun dunyo boʻylab qariyb 5,4 milliard odam internetdan foydalanadi. Shulardan 96,5 foizi internetga mobil telefon orqali internetga ulanadi – bu raqam oʻtgan yilga nisbatan 4,6 foizga oshgan.

2011 yilda internetda vaqt oʻtkazish yarim soatdan sal koʻproqni (32 daqiqa) tashkil etgan boʻlsa, 2014 yilga kelib ikki barobarga oshib, 1 soat 38 daqiqaga etdi. 2024 yil holatiga koʻra, smartfonda internetdan foydalanish uchun oʻrtacha kunlik vaqt taxminan 3 soat 45 daqiqaga chiqdi.

Manba: DataReportal

E'tibor va kontsentratsiya muammolari

Raqamli dunyo va undagi tezkor axborot oqimi odamlarning diqqatni jamlay olish qobiliyatini susaytirib bormoqda. Tez va qisqa ma'lumotlarni qabul qilishga oʻrganib qolgan miyamiz chuqur fikrlash va uzoq muddatli e'tiborni talab qiladigan ishlarni bajarishga qiynalyapti. Ilmiy tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, inson miyasi aslida uzoq muddatli kontsentratsiyaga moyil shaklda yaratilgan, ammo doimiy chalgʻituvchi omillar tufayli bu qobiliyat yoʻqolib bormoqda.

Microsoft kompaniyasining Kanadadagi shoʻbasi oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, zamonaviy insonning e'tiborini jamlash davomiyligi 8 soniyagacha qisqargan. Taqqoslash uchun, qisqa e'tibor davomiyligi bilan tanilgan oltin baliq (goldfish)ning diqqatni ushlab turishi 9 soniyani tashkil qiladi. 2000-yillarda odam bir vazifaga oʻrtacha 12 soniya diqqat qarata olgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 25 foizga kamaygan. Ijtimoiy tarmoqlardan koʻp foydalanadigan odamlar tez-tez chalgʻiydi va diqqatini uzoq muddat bir joyda jamlay olmaydi.

Raqamli texnologiyalar bolalar va oʻsmirlar miyasi rivojlanishiga qanday ta'sir qoʻrsatishi borasida oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, ijtimoiy tarmoqlarga koʻp vaqt sarflaydigan bolalarda prefrontal korteks (diqqat va tafakkur markazi) sust rivojlanadi. Tezkor kontent iste'moli (reels, shorts) diqqatni jamlash va chuqur tafakkur qilish qobiliyati uchun mas'ul sanalgan miyadagi prefrontal korteks faoliyatini pasaytiradi. Natijada bola qisqa ma'lumotlarga oʻrganib qoladi va uzoq matnlarni tushunishi qiyinlashadi. Bu bolalarda chuqur fikrlash va muammolarni mustaqil hal qilish qobiliyatini yoʻqotadi.

Koʻk nurlanish: moviy yorugʻlikning qora ta'siri

Smartfonlardan muttasil foydalanish koʻk nurlanish natijasida yuzaga keladigan fiziologik muammolarni hosil qiladi. Elektromagnit spektrining 400-495 nanometr toʻlqin uzunligiga ega qismini tashkil etuvchi yorugʻlik koʻk nurlanish boʻlib, u tabiiy (quyosh nuri) va sun'iy manbalar (ekranlar, LED chiroqlar)dan tarqaladi. Koʻk nur tabiiy yorugʻlikning tarkibiy qismi hisoblanishiga qaramay, uning smartfon, planshet, kompyuter va LED yoritkichlar orqali hosil boʻladigani inson koʻziga salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Xususan, koʻp vaqt davomida ekranga tikilish koʻz mushaklarida ortiqcha zoʻriqishni yuzaga keltiradi. Koʻzdagi toliqish esa bosh miyaning frontal qismida ogʻriqni hosil qiladi. Uzoq vaqt davomida yaqin masofada ekranga qarash koʻzning uzoqni koʻrish qobiliyatini vaqtincha pasaytiradi. Xususan, koʻk nurlanishning koʻz toʻr pardasi (retina)ga zarar etkazishi va makula degeneratsiyasi (koʻrish markazi emirilishi )ni tezlashtirishi mumkinligi aniqlangan. Shuningdek, telefon yoki planshet ekraniga uzluksiz tikilish koʻz yoshining tez bugʻlanishi va tabiiy namlanish mexanizmining buzilishiga olib keladi.

Bundan tashqari, kechasi ekranga uzoq qarash, ya'ni koʻk nurlanish ta'siri melatonin gormoni ishlab chiqarilishini pasaytiradi, shu tariqa uyqusizlik rivojlanadi, sirkadiyal ritm (biologik soat) buziladi. Melatonin uyqu gormoni boʻlib, u tun davomida tabiiy ravishda ishlab chiqariladi va organizm uyqu rejimini tartibga solishda muhim rol oʻynaydi.

Shuningdek, smartfon, planshet va noutbukdan foydalanishda boshni oldinga egib turish natijasida boʻyin mushaklari va umurtqa pogʻonasiga ortiqcha bosim tushadi. Boshning egilish darajasi ortgani sayin boʻyin umurtqasidagi yuk miqdori sezilarli darajada koʻpayadi. Masalan, 15 daraja egilish boʻyin umurtqasiga taxminan 12,25 kg ogʻirlik tushishiga olib keladi, 60 daraja egilish esa bu massani taxminan 27,2 kggacha oshiradi. Ortiqcha massa vaqt oʻtishi bilan boʻyin va elka mushaklari churrasini (grija) yuzaga keltirishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar – raqamlashayotgan dunyoda qudratli vosita. Ular bizga axborot olish, oʻzga shaxslar bilan kontakt oʻrnatish va oʻzimizni ifodalash imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, inson psixologiyasi, e'tibor qobiliyati va ijtimoiy xulq-atvoriga bevosita ta'sir koʻrsatadi. Ularni ongli ravishda ishlatmasak, ular bizni boshqarishi, ya'ni raqamli qullarga aylantirib, ijtimoiy hayotimiz, fiziologik barqarorligimizda oʻzining salbiy boʻyoqlarini qoldiradi.

Ongli yondashuv, raqamli detoks va real hayotdagi munosabatlarga koʻproq ahamiyat qaratish orqali virtual muhit hukmiga tushib qolishdan himoyalanishimiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat