date

Zelenskiy: Kiyevga tahdid bo‘lsa, Moskvada ham blekaut bo‘ladi

Zelenskiy: Kiyevga tahdid bo‘lsa, Moskvada ham blekaut bo‘ladi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning kuz va qish mavsumida energetika tizimini vayron qilishga qaratilgan ehtimoliy harakatlariga javoban qat’iy bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Moskva Ukraina poytaxtida to‘liq elektr uzilishini amalga oshirishga urinsa, Rossiyaning o‘z poytaxti ham xuddi shunday oqibatga duch kelishi mumkin.

«Agar, masalan, Kiyevda blekaut bilan tahdid qilinsa, Kreml yaxshi bilishi kerak – Moskvada ham blekaut yuz berishi mumkin», – dedi Zelenskiy jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan brifingda.

Ukraina yetakchisiga ko‘ra, Rossiya tomonidan qo‘llanilayotgan qo‘rqitishlar fonida diplomatik muloyimlikka o‘rin yo‘q. – «Agar ruslar tahdid qilsa, ular bilan ritorikada ehtiyotkor bo‘lish zarur emas. Madaniyatsizlar bilan madaniyatli bo‘lib muomala qilish – menimcha, na ritorikada, na jang maydonida, na Rossiyaga nisbatan amalga oshiriladigan jiddiy qadamlarda to‘g‘ri yo‘l emas», – dedi Zelenskiy.

Davlat rahbari shuningdek ta’kidlashicha, Rossiya anglab yetishi kerak – sivilizatsiyali mamlakatlar hech qachon tajovuzni birinchi bo‘lib boshlamaydi va hech qachon agressor bo‘lmaydi. Biroq bu ularning zaifligi yoki kuchsizligini anglatmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirdi. Ukraina Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya isitish mavsumi yaqinlashar ekan, qasddan energetik obyektlarni yo‘q qilish siyosatini olib bormoqda. Faqat avgust oyining o‘zida 10 kun ichida 20 ta strategik obyekt – elektr nimstansiyalari, issiqlik elektr stansiyalari va neftni qayta ishlash zavodlari zarbaga uchragan.

Shu bilan birga, Ukraina harbiylari ham Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar bilan zarbalar berib kelmoqda. Bu zarbalar oqibatida ayrim korxonalar qisman yoki butunlay to‘xtagan, bu esa yoqilg‘i tanqisligi va narxlar oshishiga olib kelgan.

Zelenskiyning bu qat’iy pozitsiyasi Ukraina Rossiyaning kuchayib borayotgan bosim va hujumlariga qarshi simmetrik choralar ko‘rishga tayyor ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy: Kiyevga tahdid bo‘lsa, Moskvada ham blekaut bo‘ladi