date

Erling Xoland “Manchester Siti” safida tarix yaratdi...

Erling Xoland “Manchester Siti” safida tarix yaratdi...

Angliya Premer-ligasining oltinchi turi doirasida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Byornli”ni qabul qildi va muxlislar kutganidek yirik hisobda zafar quchdi. Pep Gvardiola shogirdlari raqibni 5:1 hisobida mag‘lub etib, muhim uch ochkoga ega bo‘lishdi.

Bellashuvning dastlabki qismidayoq mankunianliklar tashabbusni qo‘lga oldi. Ammo g‘alabaning kaliti kutilmagan manbadan keldi – mehmonlar himoyachisi Esteve. Fransiyalik futbolchi hujumlarni qaytarishda ikki marta xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni o‘z darvozasiga yo‘lladi va “shaharliklar”ning yirik hisobiga “yordamchi”ga aylandi.

“Siti”ning yana bir goliga Mateush Nunesh mualliflik qildi. Shouning asosiy qahramoni esa Erling Xoland bo‘ldi. Norvegiyalik hujumchi uchrashuvning so‘nggi qismida dubl qayd etib, liga to‘purarlari poygasida sakkizta gol bilan peshqadamlikka chiqdi.

Ushbu bahs Xoland uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. Chunki 25 yoshli hujumchi APLdagi umumiy gollari sonini 93 taga yetkazdi. Bunday natijaga erishish uchun unga atigi 103 ta uchrashuv kifoya qildi.

Shu tariqa, Xoland sovuq iqlimli Norvegiyadan chiqqan futbolchilar orasida Angliya chempionatida eng ko‘p to‘p urgan o‘yinchiga aylandi. Avvalgi rekord “Manchester Yunayted” afsonasi Ule Gunnar Sulsherga tegishli bo‘lib, u 235 ta bahsda 91 ta gol kiritgandi.

Manchesterliklar muxlislari uchun bu g‘alaba nafaqat ochkolar, balki Xolandning yangi rekordi tufayli ham esda qolarli kechdi. Endilikda jamoa navbatdagi turlarda ham shunga o‘xshash samarador o‘yinlarni davom ettirishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Erling Xoland “Manchester Siti” safida tarix yaratdi...