Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Bosfor diplomatik forumida so‘zga chiqib, global siyosiy jarayonlar haqida qat’iy bayonot berdi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ayrim kuchlar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni avjiga chiqarishda manfaatdor bo‘lgan, Turkiya esa bunday paytda ham tinchlik uchun harakat qilgan.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya hech qachon begonalashish yo‘lini tanlamagan. – «Ko‘plab davlatlar suriyalik qochqinlardan yuz o‘girganida, biz ularga yuz burdik. Rossiya va Ukraina mojarosida ham shunday yo‘l tutdik. Urushdan foyda ko‘radigan baronlar otashga moy sepayotganda, biz adolatli tinchlik yo‘lida mehnat qildik. Hozir ham bu yo‘lni Falastinda, G‘azo mintaqasida davom ettiryapmiz», – dedi Turkiya yetakchisi.
Shu bilan birga, u «o‘yinchilar» yoki «urush baronlari» deganida aniq qaysi davlatlar yoki tuzilmalarni nazarda tutganini ochiqlamadi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil yozida Erdo‘g‘an G‘arbdagi ayrim siyosiy doiralar harakatlari Uchinchi jahon urushi xavfini kuchaytirayotganini aytgandi. O‘shanda u qurol savdosidan katta daromad topishni istaydiganlar borligini, ular uchun eng asosiy bozor aynan G‘arb ekanini ta’kidlagan.
2025-yilning 23-sentyabrida Turkiya rahbari yana bir bor Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini «katta ishtiyoq bilan qo‘llab-quvvatlashini» qayd etdi.
– «Biz “urushda g‘olib yo‘q, adolatli dunyoda mag‘lub yo‘q” shioriga amal qilamiz. Shunday ekan, kelgusida ham otishmalarni to‘xtatish va tinchlikka erishish uchun bor kuchimizni safarbar etamiz», – deya ta’kidladi Erdo‘g‘an.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!