Ispaniya chempionatining yettinchi turi doirasidagi markaziy uchrashuv Madrid shahrida jonli muxlislar huzurida bo‘lib o‘tdi. Diyego Simeone qo‘l ostidagi “Atletiko” o‘z maydonida prinsipial raqib “Real”ni yirik 5:2 hisobida taslim etib, muxlislariga unutilmas g‘alaba hadya etdi.
Bu mag‘lubiyat Xabi Alonso boshchiligidagi “qaymoqranglilar” uchun joriy mavsumdagi birinchi yo‘qotish bo‘ldi. Chunki madridliklar ketma-ket oltita uchrashuvda zafar qozongan edi.
Bellashuvning ikkinchi yarmida “Real” uchun jiddiy muammo yuzaga chiqdi. Jamoa sardori va himoya chizig‘ining yetakchisi Dani Karvaxal jarohat olib, bahsni muddatidan oldin tark etdi. The Athletic nashrining ma’lum qilishicha, 33 yoshli futbolchi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va ayni damda uning o‘ng oyog‘ida jiddiy jarohat borligi taxmin qilinmoqda.
Bu holat Xabi Alonso uchun yangi bosh og‘rig‘iga aylandi. Chunki oldinroq yana bir o‘ng qanot himoyachisi — Trent Aleksander-Arnold ham jarohat tufayli safdan chiqqani ma’lum qilingandi.
Natijada “Real” tarkibida hozircha tabiiy o‘ng qanot himoyachisi qolmadi. Mutasaddilarning aytishicha, jarohatdan tiklangunga qadar bu pozitsiyada universal futbolchilardan biri — Federiko Valverde harakat qilishi kutilmoqda.
Muxlislar esa jamoaning keyingi bahslarida himoya chizig‘i qanday shakllanishi va Karvaxal hamda Trentning safga qaytishi qachon amalga oshishi bilan qiziqishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!