
O‘zbekiston hukumati samolyot va poyezdda kelayotgan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalarini pasaytirdi.
Bosh vazir tomonidan bugun, 19 aprel kuni imzolangan qarorga asosan, bojsiz tovar olib kirish normalari 2025 yil 1 maydan e’tiboran quyidagicha belgilanadi:
- havo transportida – 1000 dollar (hozirda 2000 dollar);
- temiryo‘l va daryo transportida – 500 dollar (hozirda 1000 dollar);
- avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali – 300 dollar (o‘zgarishsiz);
- xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali – bir oyda 200 dollar (hozirda bir chorakda 1000 dollar);
- xalqaro pochta jo‘natmalari orqali – 100 dollar (o‘zgarishsiz).
Belgilanishicha, temiryo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarda tovarlarni olib kirayotgan shaxs xorijiy davlatda 2 kundan kam muddat bo‘lganda, havo transportida esa 3 kundan kam muddat bo‘lganda, bojsiz olib kirish normalari qo‘llanilmaydi. Bunda ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi va tovarlarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan qiymati 5000 AQSH dollari ekvivalentigacha bo‘lgan tovarlar bojxona deklaratsiyasini taqdim etmagan holda respublikadan olib chiqilishi mumkin, eksport bojxona boji joriy etilgan tovarlar bundan mustasno.
Hujjat bilan, shuningdek, import jarayonini rasmiylashtirishda bojxona qiymati va miqdori alohida nazoratga olinadigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxatga 70 xil turdagi tovarlar kiritilgan. Maishiy texnikalar, oziq-ovqatlar, kiyim-kechaklar va poyabzallarning bir qator turlari, tozalash va yuvish vositalari, o‘yinchoqlar, shinalar, metall buyumlar shular jumlasidan. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga bu ro‘yxatdagi tovarlarning qiymati va miqdorini nazorat qilishning samarali mexanizmini joriy etish va hech qanday istisnolar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik topshirig‘i berildi.
“Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya chegara bojxona postlarida fuqarolar tomonidan vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, uyushgan holda qarshilik qilish hamda jamoat tartibini buzish holatlarining oldini olish bo‘yicha Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin”, deyiladi qarorda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar