
"Roma" klubining egalari Fridkinlar oilasi ko‘p yillardan beri o‘z jamoalarini Yevropa Chempionlar ligasida ko‘rishni orzu qilishadi. 2021 yili bu maqsad uchun mashhur mutaxassis Joze Mourino klubga bosh murabbiy etib tayinlangan edi. Ammo portugaliyalik murabbiy uch yillik urinishlariga qaramay bu vazifani uddalay olmadi va vaziyatni «men sehrgar Garri Potter emasman» degan gap bilan tushuntirdi.
Joriy mavsum boshida «Roma»dagi inqirozni bartaraf qilish uchun ishga kirishgan 73 yoshli Klaudio Raneri esa, katta transferlar yoki sehrli tayoqchasiz ham bu vazifani bajarish mumkinligini isbotladi.
Ayniqsa, ikki futbolchi – Matias Sule va Eldor Shomurodovni qayta kashf qilgani ko‘pchilikni hayratga solmoqda. Bu ikki futbolchi klub rahbariyati va avvalgi murabbiylarga keraksiz hisoblangan edi.
Asosiy yulduz Paulo Dibalaning jarohati va to‘purar Artyom Dovbikning o‘yin darajasi tushib ketishiga qaramay, aynan Shomurodov va Sulening yorqin chiqishlari rimliklarga muhim ochkolarni olib kelmoqda.
Sule yozda jamoaga kelganidan keyin boshida asosiy tarkibga kira olmagan bo‘lsa, Raneri uning potensialini ko‘rib, unga ishonch bildirdi. Argentinalik futbolchi so‘nggi 9 o‘yinda 3 ta gol va Shomurodovga 2 ta golli uzatma berdi.
Shomurodov esa, mavsum davomida ikki marta ketish haqida o‘ylagan bo‘lsa ham, italiyalik murabbiyning ishonchi evaziga jamoaning asosiy hujumchisiga aylandi. Raneri o‘tgan yili ham “Kalyari”da Eldor bilan ishlab, uning imkoniyatlariga yuqori baho bergandi. Bu mavsumda o‘zbek futbolchisi 7 gol va 3 ta assist bilan jamoaga katta hissa qo‘shmoqda.
Ekspertlar ta’kidlashicha, Shomurodov va Sule tandemi so‘nggi 6 o‘yinda 4 gol va 1 assist bilan jamoaga muhim ochkolar olib keldi. Xususan, “Empoli”, “Latsio”, “Yuventus” va “Verona” bilan o‘yinlardagi natijalar ularning hisobiga yozildi.
Endi “Roma”ni chempionlik uchun kurashayotgan “Inter”ga qarshi muhim bahs kutmoqda. O‘tgan mavsumda Shomurodov “Kalyari” tarkibida milanliklarni goli bilan ranjitgan va g‘alabadan mahrum etgan edi. Bu gal ham Raneri “Inter”ga qarshi o‘yinda Sule va Shomurodovdan umidvor.
“Inter” – “Roma” bahsi 27 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar