date
views 88

Abbosbek Fayzullayev: SSKAning yorqin yulduziga nimalar xalal beryapti?

Abbosbek Fayzullayev: SSKAning yorqin yulduziga nimalar xalal beryapti?
2023 yil avgust oyida “Paxtakor” klubidan Moskva SSKAsiga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullayev qisqa vaqt ichida jamoaning yetakchi o‘yinchilaridan biriga aylangan edi. Yosh va iqtidorli legionerimiz Rossiya Premer-ligasining eng kuchli kashfiyotlaridan biri sifatida e’tirof qilindi.

Joriy mavsumning birinchi qismida 21 yoshli Fayzullayev SSKA safidagi o‘yinlarda muhim futbolchi sifatida maydonga tushgan bo‘lsa-da, qishki tanaffusdan keyin jamoa bosh murabbiyi Marko Nikolich taktikada jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urdi.

Bu o‘zgarishlar Abbosbekka katta ta’sir ko‘rsatdi. Maydondagi vazifalari keskin oshdi, uning asosiy o‘yin ampluasi ham o‘zgardi. Hozir Abbos yangi rolga moslashish jarayonini boshdan kechirmoqda va bu uning o‘yinidagi sezilarli pasayishga sabab bo‘ldi.

Rossiya futbolining ekspertlari hamyurtimizning vaziyati haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.

SSKAning sobiq himoyachisi Vladimir Ponomaryovning ta’kidlashicha, Abbosbek so‘nggi paytlarda jismoniy jihatdan muammolarga duch kelyapti:

«Abbosbek Fayzullayevda jismoniy tayyorgarlik bilan bog‘liq qiyinchiliklar paydo bo‘ldi. U hali juda yosh – atigi 21 yoshda. U nafaqat jismonan, balki ruhan ham charchagan. Uni boshida juda ko‘p maqtashdi, hatto “Real” darajasidagi futbolchiga chiqarib qo‘yishdi.

Yosh o‘yinchilar bilan juda ehtiyotkor bo‘lish kerak. Ular ko‘p maqtovni emas, balki o‘z xatolarini ko‘rishni o‘rganishlari lozim. Abbosbekka ham hozir ortiqcha yuklama berib yubormoqda. Uni jamoada markaziy figura qilib qo‘ymaslik kerak edi. O‘ziga kelishiga biroz vaqt berish zarur. Shundagina u yana o‘z darajasiga qayta oladi».

SSKAning yana bir sobiq futbolchisi Aleksandr Grishin ham Abbosbekning o‘yinidagi o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi:

«Abbosbek Fayzullayevning asosiy pozitsiyasi qanot hujumchisi. U qanotda o‘zini juda erkin his qiladi. Ammo hozir SSKA uning pozitsiyasini o‘zgartirib, vazifalarini qiyinlashtirib yubordi. Shuning uchun ham Abbosbek maydonda ko‘rinmay qolyapti. Ilgari uning o‘yini erkin edi».

Abbosbek Fayzullayev bu mavsumda Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi doirasida jami 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 7 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayev: SSKAning yorqin yulduziga nimalar xalal beryapti?