
AQSH Kongressidagi Demokratik partiya vakillari prezident Donald Tramp ma’muriyatining bir necha yuridik kompaniyalar bilan tuzgan bepul huquqiy xizmat ko‘rsatish shartnomalarini tekshirishni boshladi. Ular bu bitimlarda korrupsiya yoki firibgarlik holatlari bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanmoqda. Bu haqda ABC telekanali xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, avvalroq Tramp ma’muriyati bir qator yuridik firmalarga sanksiyalarni bekor qilish evaziga, ulardan bepul xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan. Aslida, bu yuridik firmalar avvalroq Tramp siyosatiga qarshi sud jarayonlarida ishtirok etgani sababli sanksiyalarga uchragan edi.
Prezidentning maxsus farmonlari bilan mazkur firmalar davlat shartnomalaridan mahrum qilingan, advokatlarining esa hukumat binolariga kirishi taqiqlangan. Natijada, bir nechta firma ma’muriyatga taxminan bir milliard dollar qiymatida bepul yuridik xizmat ko‘rsatishga rozilik bildirgan.
Hozir demokrat kongressmenlar ushbu kelishuvlarning qonuniyligini surishtirmoqda va bu bitimlarda poraxo‘rlik, bosim o‘tkazish yoki firibgarlik kabi federal qonunbuzarliklar mavjudligini aniqlashga urinmoqda.
Kongressmenlar bu haqda ma’lumot olish uchun to‘qqizta yuridik firmaga maxsus xat yo‘lladi. Ular orasida Kirkland & Ellis LLP, Latham & Watkins LLP, Allen Overy Shearman Sterling LLP, Simpson Thacher & Bartlett LLP, Skadden, Arps, Slate, Meagher & Flom LLP, Willkie Farr & Gallagher LLP, Paul, Weiss, Rifkind, Wharton & Garrison LLP, Cadwalader, Wickersham & Taft LLP va Milbank LLP kabi mashhur firmalar ham bor.
«Bunday kelishuvlar hokimiyatni suiiste’mol qilishga rozilik berish ma’nosini anglatadi. Firmangiz kelajakda mijozlar manfaatini qanday himoya qilishi yoki prezident Trampning siyosatiga qarshi bo‘lgan masalalar bilan qanday shug‘ullanishi mumkinligi haqida savollar tug‘diradi», – deyiladi kongressmenlar so‘rovida.
Shu bilan birga, demokratlar yuridik firmalardan ushbu kelishuvlarni tuzish sabablari, shuningdek, bitimlarning huquqiy va axloqiy jihatdan qanchalik qonuniyligi haqida batafsil tushuntirish berishni talab qilgan.
Bu tekshiruv AQSH jamoatchiligida katta muhokamalarni keltirib chiqardi va natijalari qanday bo‘lishi hamda ushbu masalaning siyosiy oqibatlari qiziqish bilan kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar