
Foreign Affairs jurnalida chop etilgan maqolada AQSHning Xitoy yoki boshqa yirik davlat bilan ehtimoliy urushga yetarli darajada tayyor emasligi qayd etildi. Muallif, Pentagonning mudofaa innovatsiyalari bo‘limi sobiq direktori Maykl Braunga ko‘ra, AQSHda o‘q-dorilar zaxiralari kam, kemalar va samolyotlar esa eskirgan. Mamlakatda qurolli kuchlarni uzluksiz ta’minlash uchun yetarlicha sanoat quvvati mavjud emas. Bundan tashqari, Amerika harbiy-texnik innovatsiyalarda, jumladan, arzon dronlarning ommaviy ishlab chiqarilishida Xitoydan ortda qolmoqda.
Braun bu muammoning asosiy sababini sovuq urushdan keyin AQSH yirik raqiblar bilan katta ko‘lamdagi mojaroga tayyorgarlikni kamaytirganida ko‘radi. Amerika harbiy strateglari bo‘lajak mojarolarni qisqa muddatli va mahalliy darajada bo‘ladi deb taxmin qilishgan va iqtisodiy hamda texnologik ustunlik bilan tez g‘alaba qozonishga ishonganlar. Ammo bugungi kunda Xitoy, Rossiya yoki Eron bilan keng ko‘lamli urush ehtimoli tobora real tus olmoqda.
Muallifning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Tinch okeani mintaqasida katta miqyosdagi mojaro kelib chiqsa, AQSHga haftasiga besh ming dona yuqori aniqlikdagi uzoq masofali raketalar talab qilinadi. Ammo AQSH mudofaa sanoati bu ehtiyojlarni o‘z vaqtida to‘ldirishga qodir emas.
Amerika harbiy dengiz floti kemalarining o‘rtacha yoshi – 19 yil, havo kuchlari samolyotlarining o‘rtacha yoshi esa – 32 yilni tashkil qiladi. Xitoy floti tarkibidagi kemalarning 70 foizi oxirgi 15 yilda ishlab chiqarilgan va kemalar qurish tezligi bo‘yicha Xitoy AQSHdan 370 marta yuqori ko‘rsatkichga ega.
O‘q-dorilar ishlab chiqarishda AQSH Ikkinchi jahon urushi paytida yaratilgan portlovchi moddalardan foydalanadi, zarur xomashyoning taxminan uchdan bir qismini esa import qiladi, shu jumladan, Xitoydan ham.
Maykl Braunning fikricha, bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun AQSH mudofaa budjetini yanada oshirishi kerak. Biroq bu yetarli emas – Pentagonning xarid tizimida jiddiy islohotlar amalga oshirilishi lozim. Xususan, mudofaa pudratchilariga bo‘lgan talablarni yengillashtirish, ular bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzish va Pentagonga budjet mablag‘larini boshqarishda kattaroq erkinlik berish zarurligi ta’kidlanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar