date
views 400

Shukrullo Isroilovning mashinasini olib qochgan yigitga sud hukmi o‘qildi

Shukrullo Isroilovning mashinasini olib qochgan yigitga sud hukmi o‘qildi
Taniqli so‘z ustasi Shukrullo Isroilovga tegishli Mercedes-Benz avtomobili olib qochilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi.

Sudda ma’lum bo‘lishicha, olib qochilgan avtomobil aslida Shukrullo Isroilovning farzandiga tegishli bo‘lgan. Qiziqchi mashina olib qochilganini bilgan zahoti ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.

Olib qochilgan avtomobil Toshkent shahrining Uchtepa tumani, Zargarlik ko‘chasida to‘xtatilgan. Mashina va uni boshqargan shaxs jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlariga topshirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, avtomobilni 1998 yilda tug‘ilgan Sherzod ismli shaxs ochiq qolganidan foydalanib olib qochgan.

"Shu mashinani boshqarishni juda ham xohlagandim. Qarab tursam, mashina ochiq, hech kim yo‘q ekan. Shundan foydalanib, avtomobilga o‘tirib, haydab ketdim. Shaharda bir oz aylangach, Uchtepa tumanidagi avtomoykaning oldida to‘xtagan edim, YPX xodimlari yetib kelib, meni qo‘lga olishdi. Qilgan ishimdan chin dildan pushaymonman", deydi sudlanuvchi Sherzod.

"Mashinamni qulflamay, kalitni ichida qoldirib, bir ish bilan boshqa joyga kirib ketgan edim. Qaytib chiqsam, mashina yo‘q. Avvaliga birov hazillashmoqda deb o‘yladim. Keyin 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. Ichki ishlar xodimlari mashinamni atigi 10 daqiqada topib berishdi. Hurmatli hamshaharlarim, ehtiyot bo‘laylik, hech qachon mashinangizni ochiq qoldirmang", deydi taniqli qiziqchi Shukrullo Isroilov.

Ushbu voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi ochilgan edi va gumon qilinuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgandi.

Sudda jabrlanuvchi, Shukrullo Isroilovning o‘g‘li ayblanuvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan. Sud hukmi bilan jinoyatga qo‘l urgan shaxs ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shukrullo Isroilovning mashinasini olib qochgan yigitga sud hukmi o‘qildi