
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Rossiya bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha har qanday tinchlik bitimi Ukraina Konstitutsiyasiga zid kelmasligi kerakligini ma’lum qildi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Londonda muhokama qilingan yangi takliflar AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
«Menimcha, bu formatdagi hujjat Trampning stolida turibdi. Ukraina Konstitutsiyasi va milliy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan shartlar hech qanday kelishuvda ishtirok etmasligi lozim», — dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti Qrim yarimorolini Rossiya tarkibida tan olishga oid AQSHning rejasiga muqobil bo‘lgan yangi taklif ishlab chiqilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Londonda Ukraina va Yevropa mamlakatlari vakillari hamda AQSH delegatsiyasi bilan konstruktiv muzokaralar o‘tkazilgan.
«RBK-Ukraina»ning ma’lum qilishicha, Londondagi uchrashuvda kelishilgan «maxsus hujjat» AQSH prezidentining Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Ket Kellog tomonidan Vashingtonga olib ketilgan. Ushbu hujjatda Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Ukrainaning urushni to‘xtatish bo‘yicha yagona pozitsiyasi aks ettirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 23 aprel kuni Londonda Ukraina, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar AQSH prezidenti Donald Trampning tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlariga sadoqatlarini bildirib, kelgusida muntazam maslahatlashuvlar olib borishga kelishib olishgan.
Muzokaralarda AQSH davlat kotibi Marko Rubio Kiyev va Yevropa ittifoqchilariga Trampning tinchlik rejasini taqdim qilishi kerak edi. Ammo Rubio Zelenskiyning Ukraina Qrim okkupatsiyasini rasman tan olmasligini aytganidan keyin, ushbu uchrashuvda ishtirok etishdan bosh tortdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar