O‘zbek xalqi azaldan bolajonligi bilan mashhur. Ayniqsa, o‘zbek ayoli nima topsa, bolasiga tutadi, yaxshi narsalarning hammasini bolasiga ilinadi. Bolam, bolam, deb dunyoni unutadi.
Ammo bolasiga mehr ko‘rsatishda haddidan oshmayaptimikan?
Xislatmi yoki illat?
O‘zbek ayoli o‘zi bilan to‘y-ma’rakalarga avval kichkina farzandlarini, keyin nevaralarini ergashtirib yurishi hammaga ma’lum. Ana shu narsa, ya’ni ayollar bolalarini yoki nevaralarini to‘yma-to‘y, ma’rakama-ma’raka etaklab yurishi yaxshimi yoki yomonmi? Bu narsa ayollar xatti-harakatidagi xislatmi yoki illatmi?
Albatta, bir qarashda buning hech bir yomon tomoni yo‘qday. Bu o‘zbek ayolining bolajonligi, bolasiga, keyin bolasining bolasiga mehri beqiyosligi sifatida baholanishi mumkin. Bu narsa o‘zbek ayolining xislati, deguvchilar ham topiladi.
Biz ham mehr tomon, muhabbat tomonmiz. Ammo mehr-muhabbatda ham me’yor tomonmiz.
Nega me’yor haqida so‘z ochdik? Mehrning ham me’yori bo‘ladimi?
Mehrda, muruvvatda, muhabbatda me’yor ham yo‘q, onalarimiz mehru muhabbatining chegarasi ham yo‘q.
Ammo bugungi kunda akasariyati bazmgohlarda, restoranlarda o‘tayotgan to‘ylarga, ma’rakalarga bola etaklab borishda me’yor bor.
Bu narsa shaharlarda ko‘p ko‘zga tashlanmaydi, lekin qishloqlarda, shahardagi restoranda o‘tayotgan qishloqliklarning to‘y-ma’rakalarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu narsa restoran xizmatchilari, ayniqsa, to‘y-ma’raka sohibiga juda ko‘ngilsiz noqulaylik tug‘dirmoqda. To‘y egasini aksariyat hollarda xijolatli ahvolga solib qo‘ymoqda.
Qanday qilib?
Birinchisi. Tasavvur qiling, to‘y egasi uch yuz kishini taklif qilgan va restoran xo‘jayini bilan 300 kishiga joy tayyorlanishi, shuncha kishiga xizmat ko‘rsatilishini kelishib olgan. Aytaylik, mehmonlarning 150 tasi ayollar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Endi 150 ayolning 100 tasi bittadan bola etkalab kelsa, nima bo‘lishini ko‘z oldingizga keltiriring! Vaholanki, qishloqlarda kamdan kam ayol to‘yga bolasiz kelmoqda. O‘z-o‘zidan mehmonlar soni 400 taga etdimi? To‘yxonada har bir o‘rin hisobda. Ammo ayollar hammadan oldin kirib, yonidagi stulni band qilib, bolasini o‘tqizib olgan. To‘yxonaga ayollardan keyin kelgan mehmonlar, ba’zan nufuzli mehmonlar tik turib qolishadimi? To‘y egasi nima qiladi? “Bosh yorilsa, qalpoqning ostida”, deydi va restoran xo‘jayiniga shoshilinch ravishda yana 100 ta joy hozirlashni buyuradi. Har bitta joyning puli qancha bo‘lishini esa, sizga eslatishning hojati bo‘lmasa kerak. O‘rtachasini olsak ham, bu 100 ta qo‘shimcha joy to‘y egasining cho‘ntagiga qo‘shimcha o‘n-o‘n ikki million so‘mlik zarar keltiradi.
Ikkinchisi. 300 kishiga mo‘ljallab tayyorlangan taomlar, tabiiyki, 400 kishiga etmaydi. Shoshilinch tarzda qo‘shimcha taomlarga buyurtma beriladi. Bu qo‘shimcha taomni tayyorlashga oshpazlar ba’zida ulgurishsa, ba’zida ulgurishmaydi. Bu ko‘ngilsizlik ustiga ko‘ngilsizlikni keltirib chiqaradi. “Bola nimani erdi?” demang, o‘zi emasa ham topgani bolasining og‘ziga tiqadigan ayollarning “sharofati” bilan o‘sha bolalar katta odamdan ham ko‘p narsani eb qo‘yishganini bilmay qolishadi…
Uchinchisi. Eng yomoni. To‘yxonada barcha o‘rindiqlar band ekanini ko‘rgan farosatli mehmonlar to‘y egasini tabriklab, birdaniga ortlariga qaytishadi. Hatto to‘y egasi intiq kutgan nufuzli mehmonlar ham bir bahona topib, to‘yxonaga kirmaslikka, to‘y egasini xijolat qilmaslikka urinishadi.
Natija. Natija shuki, qo‘shimcha pul to‘lab, qo‘shimcha asabi zo‘riqib, ko‘ngli xira bo‘lib, to‘y egasi va to‘yxona xizmatchilari intiq kutilgan mehmonlarga emas, xotinlar etaklab borgan yuzlab bola-baqraga xizmat qiladi.
O‘rigining danagi
Bir qarindoshimiz bor. Hech yolg‘iz yurmaydi. To‘y-ma’raka tugul bir ish bilan kelsa ham, albatta, “dumi” bo‘ladi. Yaqinda qattiq shamollab qolibdi, biznikida turib, vrachlarga ko‘rinishni, davolanishni istabdi. Kelganidan xursand bo‘lamiz, ammo tinimsiz yo‘talib yotgan holida ham bir nevarani ergashtirib olgani asabimga tegdi. “Go‘dakka kasalingizni yuqtirishingiz mumkin, shuni tashlab kelsangiz nima qilardi?” desam, sening bolalarga mehring yo‘q, deb o‘zimni yozg‘irdi. Endi o‘zing “po‘kkillab” turganingda ham nevarangni etaklab olganing mehr emas-da.
Yana bir qarindoshimiz bor. Erkak bo‘lishiga qaramasdan ayollardan ham bolaparvar, nevaraparvar. Qaysimiz to‘y qilsak, bitta stolni u kishi uchun alohida ajratib qo‘yamiz. Nechta nevarasi bo‘lsa, hammasini olib kelib, o‘zi har birining og‘ziga u-buni tutib o‘tiradi. Na birov bilan ishi bor, na kelgan-ketganga “Xush kelding” qiladi. Etti-sakkizta nevarsani edirib-ichirib, shularni xursand qilib ketsa, bo‘ldi. Yana qolgan-qutgan narsalarni nevaralarning cho‘ntagiga joylab qo‘yishni ham unutmaydi. Bir safar to‘y nomdor restoranda bo‘lishi, joylar cheklangani, har bir joy falon so‘mligini aytib, nevaralarini olib kelmasligini tayinlasak, o‘zining nevaralariga qo‘shib, qo‘ni-qo‘shnilarining ham nevaralarini olib kelibdi…
Bu singari odamlar shu bilan bolamga yo nevaramga mehr ko‘rsatayapman, demoqchi bo‘lsalar kerak. Men buni avvalo, ayollar o‘zlaridan oldin o‘tgan hamma momolar shunday qilgani uchungina qilishadi, deb o‘ylayman. Qolaversa, “Falonchi nevaralarga juda mehribon-da” degan nomni olish uchun qilishadi, deb o‘ylayman. Chunki xuddi o‘sha odamlar to‘y-ma’rakadan tashqarida, o‘z uylarida xuddi o‘sha nevaralarini qanday silkilaganlariga, hatto arzimagan ayblari uchun yuzlariga shapaloq tortib yuborganlariga ko‘p bora guvoh bo‘lganman.
Ayolar “O‘rigidan danagi shirin” deb o‘zlarining hatti-harakatlarini xaspo‘shlashga urinadilar. “Qarindoshning to‘yiga kelsin-da, eslab yurishadi”, ham deyishadi. Tavba, uchga ham kirmagan go‘daklar uch yildan so‘ng nimani eslashadi? Onasining quchog‘ida kelib, quchog‘ida ketgan birga ham kirmagan go‘dak qarindoshni qayerdan bilsin?
Men etti-sakkiz yoshlardagi kap-katta o‘g‘limni ko‘rsin, bilsin degan maqsadda Toshkentga samolyotda olib borib, shaharni aylantirib, metrolarga tushirib, hayvonot bog‘lariga olib borib, poezdda olib qaytganman. Hozir na samolyotni, na poezdni, na metroni eslaydi. Toshkentga qilgan sayohatidan esida qolgani hayvonot bog‘ida filni ko‘rgani ekan.
Muhtarama ayollar, to‘yda fil yo‘q! Demak, siz esida qoladi degan to‘ydan hech narsa esida qolmaydi farzandingizning!
“To‘ylarga bolamizni olib bormasak, ular kelib ketmasa, bolalarimiz bir-birini tanimaydi, natijada qarindoshlik ham uzilib ketadi”, deb bahona qilmang, ayollar! Qarindoshlik rishtalari faqat to‘yda mastahkamlanmaydi.
“Danak”ka nima ziyon?
Voyaga etmagan, onasiga ergashib to‘yga kelgan o‘sha “o‘riklarning danaklari” to‘ydan nima olishadi? Nima yo‘qotishadi?
Barchangiz guvohi bo‘lgansiz, to‘y-hashamda o‘sha “danak”lar to‘yning avvalidan oxirigacha oyoq ostida o‘ralashib yurishadi. Ba’zan mehmonlarga, ba’zan to‘yxona xizmatchilariga xalaqit berishadi. Ustiga ovqat to‘kilib ketgan bolalarni ham, bolalarga to‘qnashib, kosalarni patnisi bilan ag‘darib yuborgan xizmatchilarni ham ko‘p ko‘rgansiz.
Eng yomoni, puldor boyvachchalar raqqosaning yoki hofizning ustidan pul sochganda ko‘ring tomoshani! Haligi bolalar erga tushgan pullarni terib olish uchun to‘yxonadagi barcha bolalar o‘zlarini odamlarning oyog‘i ostiga tashlaydilar. Pul talashib, bir-birlari bilan urishib ham ketishadi.
Bolalarning har biri qancha pul terganini namoyish qilib, maqtanib, bu pullarni onalariga keltirib berishadi. Ayollar esa, “Unday qilma, odabli bo‘lib yonimda o‘tir, biz to‘ydan pul tergani kelganimiz yo‘q”, deyishadimi? Aslo! “Barakalla, yanada ko‘proq ter, bu safar hushyor bo‘lib tur, sochilgan pullar erga tushmasdanoq terib olishga harakat qil!” deyishadi. “Manovisidan yana o‘nta terib kelsang, yangi ko‘ylak olib beraman”, deydiganlari ham topiladi. Pul terishda yordamlashadiganlari ham yo‘q emas…
Bu bolalarning “topganlari”. Endi yo‘qotganlari haqida.
Voyaga etmagan bolalar to‘yda mastni ko‘radi, alastni ko‘radi, odobi buziladi.
Bolalar to‘yda boyvachchalarning pul sochishlarini ko‘rishadi, nafsi buziladi.
Bolalar to‘yda yarimyalong‘och behayo raqqosalarning nag‘mayu karashmalarini, ularning olidiga tushib olib, qiliq ko‘rsatishda ulardan qolishmaydigan beodob erkaklarni ko‘rishadi, xulqi buziladi.
Bolalar ba’zan o‘zini etaklab borgan onasini uylariga “etaklab” keladi, onajon mast bo‘lib qoladi-da. Bolaning onaga muhabbati yo‘qoladi, o‘zicha “mehr ko‘rsatmoqchi” bo‘lgan onaga nisbatan yuragining tub-tubida nafrat paydo bo‘ladi.
Bolalar to‘yda odamlarning, ayolu erkaklarning bexijolat va beme’yor ichganini, chekkanini ko‘radi, yomon ibrat, yomon namuna oladi, tarbiyasi buziladi.
O‘ngso‘z o‘rnida
Azizlar, bu mavzuda avval ham yozganmiz, yana yozdik.
Endi sizga bitta savol: shuncha gapdan keyin ham bola-chaqangizni, nevara-chevaralaringizni to‘yga ergashtirib borasizmi?
Bu menga salbiy holat bo‘lib ko‘rinayotgandir, aslida, bu sizningcha ijobiy xislatdir?
Siz nima deysiz?
Shu mavzu yuzasidan menga yozing!
Manba: hilol.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi