11:33 / 27.05.2017
10 136

"Jinoyat-qidiruv bo‘limiga bir kelib keting!"

"Jinoyat-qidiruv bo‘limiga bir kelib keting!"
Ichki ishlar idorasidanman, degan odam “Bir kelib keting”, dedimi, tamom, tizzangga og‘riq kiradi. Tizzangning qaltiraydigan eri bormi, yo‘qmi, farq qilmaydi. O‘z-o‘zidan tizzangga zo‘r keladi.

Menda ham shunday bo‘ldi. Ichki ishlar bo‘limidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

− Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi jinoyat-qidiruv bo‘limidan leytenant Baxtiyor Ma’diev bo‘laman, 7-sonli ichki ishlar bo‘limiga kelib keta olmaysizmi?

Jinoyat-qidiruv bo‘limidan chaqirishadi-yu, “borib kela olmayman”, dermidim?

− Hozir boraymi yo... keyinroq borsam ham... bo‘ladimi? – dedim ovozimning qaltiraganidan sovqotib.

Odam ozodlikda ozgina bo‘lsa ham ko‘proq yurgisi keladi-da.

− Hozir keling, − dedi leytenant.

“Bir kelib keting”, deganlarning ko‘pini ko‘rganmiz, ayolimga buyurdim:

− Xotin, issiq kiyimlarni olib chiq, yaxshi-yomon gapirgan bo‘lsam, rozi bo‘l!

Xotinim issiq kiyimlarim solingan jomadonni oyog‘im ostiga qo‘yib, bitta nonni qo‘limga tutdi:

− Oy borib, omon qayting, dadasi!

Eskiroq kiyimlarimni kiyib, Registondagi ichki ishlar bo‘limiga kirib borar ekanman, qaddim bukchayib, bo‘ynim ichimga tortilib borayotganini o‘zim ham his qildim. Qadamlarim og‘ir-og‘ir bo‘ldi, zinadan chiqish qiyin-qiyin bo‘ldi.

− Jinoyat-qidiruv bo‘limidan Baxtiyor Ma’diev chaqirgan ekan, − dedim navbatchiga “U kishi ishini tugatib ketdi”, desin-da, degan umid bilan.

− Kutib turing, hozir keladi, sizni kutayapti! – dedi navbatchi xuddi hukm o‘qiyotgandek ovozda.
“Ana endi o‘ldim!” dedim ichimda.

− To‘ramurodov sizmisiz? – dedi bir yigit chiqib. – Yuring!

U yigit hovlima-hovli, zinama-zina ikkinchi qavatdagi o‘z xonasiga boshlab borguncha adoyi tamom bo‘ldim. Biz kirgan eshiklarni qulflab, kalitini cho‘ntagiga solib olishi eng so‘nggi umidlarimni ham sindirdi.

“Bolalarni uyli-joyli qilolmadim-da...” degan o‘y o‘tdi xayolimdan.

− O‘tiring! –jinoyatchi o‘tiradigan kursini ko‘rsatdi leytenant. – Men Baxtiyor Ma’dievman.

− Men To‘ra Murod, yozuvchiman, − dedim “Katta odam ekan, urib-so‘kib yotmayin”, deb o‘ylasin, degan ilinj bilan.

− Bilamiz, − dedi leytenant. – Pasaportingizni bering!

Obbo, o‘zi pasportni yo‘qotib, yigirma kundan beri kayfiyatim yo‘q edi. Yangisini olish bilan bog‘liq bosh og‘riqlar yana esimga tushib, yuragim sanchdi.

− Pasportimni yo‘qotib qo‘ygandim, − dedim gunohkorona ohangda.

− Qaerda?

− Bilmayman, − dedim kalovlanib. – Kitob tumaniga borgandim. Qaytayotganimda tushirib qo‘yibman, shekilli?

− Qanaqa mashinada borgandingiz?

− Piyoda, − dedim va sheriklarimni ham sotib qo‘yayotganimni anglab, shosha-pisha qo‘shimcha qildim: − Har bahor piyoda ziyorat qiladigan odatim bor. Ammo qaytishda taksida qaytdim. Registondan boshqa taksiga o‘tirib, uyimga kelganman. Uyda qarasam, pasportim tushib qolibdi.

− Yo‘qolgani to‘g‘risida ichki ishlar idoralariga xabar qildingizmi?
Leytenantning birinchi bor do‘g‘lamaydigan ohangda gapirishidan sal elkamdan nafas oldim:

− Topilmalar stoliga, manzillar byurosiga murojaat qildim, yangi pasport olish uchun hujjatlar to‘g‘rilayapman.
− Jarimasini bilasizmi?
− Bildim, uch oylik, pasport uchun etmish besh, ariza uchun o‘n besh, jami besh yuz qirq ming so‘m bo‘lar ekan.
− To‘laysiz-da, endi?
− To‘laymiz, boshga tushganni ko‘z ko‘rar.
− Siz hech qancha to‘lamaysiz! – dedi o‘rnidan turgan leytenant tortmasidan bitta pasportni olib, menga uzatar ekan. – Mana pasportingiz, oling!

Ko‘zlarimga ishonmayman! Yigirma kundan beri yuragimni qon qilgan pasportimni qo‘limga olganimga bir xursand bo‘lsam, melisalar ham odamni xursand qilishi mumkinligiga o‘zim guvoh bo‘lib turganimga ikki xursand edim.
“U yoqda kerak bo‘lib qolar”, deya har ehtimolga qarshi cho‘ntagimga ayolim solib qo‘ygan bittagina “yomonlarning puli”ni olib,

Baxtiyorjonga uzatdim. (Endi u Baxtiyor emas-da!)

− Uka, suyunchisiga! Chin ko‘ngildan!

− E, hoji aka, nima qilayapsiz? Bir so‘m ham olmayman! Men o‘z burchimni, vazifamni bajarayapman, xolos. Biz bu erda odamlardan suyunchi olish uchun o‘tirganimiz yo‘q, bizlardan odamlar, xalq rozi bo‘lishi kerak. Ana shunga harakat qilayapmiz, hoji aka, duo qilsangiz bo‘ldi.

− E, qo‘lingizni oching, ukajon! – deb yuboribman xursand bo‘lganimdan.

Men Baxtiyorjonni ham, unga tarbiya bergan ota-onasini ham, halollikka o‘rgatgan ustozlarini ham duo qildim. Baxtiyorjon o‘zi qulflagan eshiklarni ochib, meni katta yo‘lgacha kuzatib qo‘ydi.

Boshida aytmagan edim. Qo‘rqish yomon, ichki ishlar idrasining rahbarlaridan biri og‘aynim, borishimda “Xodimlaringiz chaqirishibdi, nima qilay?” deb najot kutib, unga qo‘ng‘iroq qilgandim. “Jinoyat-qidiruv bo‘limidagilar faqat jinoyatchilarni chaqirishmaydi, oldin boring, vaziyatni biling, keyin qo‘ng‘iroq qilasiz”, degandi og‘aynim. “Sizning xodimlaringiz oshga chaqirishmaydi-da”, degandim, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib.

Darrov og‘aynimga qo‘ng‘iroq qildim:
− O‘rtoq boshliq, rostdan yigitlaringiz odamni xursand qilish uchun ham chaqirishar ekan, yo‘qotib yurgan pasportimni topib berishdi! Ularning boriga shukur!

− Siz bo‘lsa ular oshga chaqirarmidi, deb yuribsiz, − dedi og‘aynim. – Endi o‘sha yigitni siz oshga taklif qiling!
− Taklif qildim, unamadi, − dedim. – Hatto ozgina atab qo‘ygan suyunchimni ham olmadi.
− Unday bo‘lsa, shu yigit haqida gazetangizda bitta maqola yozing! – dedi boshliq.

Ana, yozdim.

To‘ra Murod

Manba: Hilol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Jinoyat-qidiruv bo‘limiga bir kelib keting!"