15:03 / 29.08.2017
18 277

O‘zbek xalqining tarixiga oid 5 ta lavha: uchinchi lavha

O‘zbek xalqining tarixiga oid 5 ta lavha: uchinchi lavha
3-lavha. O‘zbekiston hududidan topilgan tarixiy-madaniy yodgorliklar

Ilk paleolit davri madaniy yodgorliklari — Toshkent viloyatidan 1963 yilida topilgan Ko‘lbuloq hamda Farg‘ona vodiysidan 1985 yilda topilgan Selung‘ur manzilgohlaridir.

O‘zbekistondagi eng qadimgi mehnat qurollar — bir tomoni o‘tkirlashtirilgan qo‘pol daryo tosh qurollari aynan shu yerlardan topilgan. Bunday usulda yasalgan tosh qurollarni olimlar «chopperlar» deb atashadi.

Ko‘lbuloq madaniy yodgorligi MDH miqyosida eng qadimgi madaniy yodgorlik hisoblansa, Selung‘ur madaniy yodgorligi ibtidoiy odamning suyak qoldiqlari topilishi bilan mashhur.

Ilk tariximizning tamal toshlari — ilk bor ajdodlarimiz tomonidan Selung‘ur g‘orida qo‘yilgan. Uning yoshi 1 mln 200 ming yil bilan belgilanadi. Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston hududida yashagan qadimgi xalqlarning tarixi Selung‘ur g‘orida paydo bo‘lgan arxantroplardan boshlanadi.

Bu narsa O‘rta Osiyo xalqlarining ajdodlari ilk bor Farg‘ona vodiysida paydo bo‘lgan, degan taxminga asos bo‘ladi.

O‘zbekistonda qadimgi dehqonchilik manzilgohlari Zarafshon, Surxondaryo va Xorazm hududlaridan topib o‘rganilgan. So‘nggi paleolit davri odami manzilgohlari O‘zbekistonda Samarqand shahri hududidan, Toshkent viloyati Ohangaron daryosi bo‘yidagi Ko‘lbuloq manzilgohining yuqori madaniy qatlamlaridan, shuningdek, Farg‘ona vodiysidan topilgan.

Bugungi kunda mezolit davriga oid yuzdan ziyod manzilgohlar ochilgan. Farg‘ona vodiysining tog‘oldi va tog‘li tumanlarida, Toshkent vohasida hamda O‘zbekiston janubida bunday manzilgohlar ko‘plab uchraydi.

Obishir, Qo‘shilish va Machay manzilgohlari, shuningdek, Zarautsoy darasidagi qoyatosh rasmlari ancha mufassal o‘rganilgan.

Keling, ularning ayrimlari bilan tanishamiz:
  • Zamon­bobo — Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi Zamonbobo ko‘li bo‘ylarida mil. avv. ikkinchi mingyillikda yashagan chorvadorlar va dehqonlarning qadimiy manzilgohidir.
  • Sopollitepa — Surxondaryo viloyati, Sherobod shahri yaqinidan arxeologlar tomonidan topilgan qadimgi ziroatchilar manzilgohlaridan birining nomi. Ushbu manzilgoh mil. avv. ikkinchi mingyillikka oid bo‘lib, bu yerdan paxsa imorat, sopol buyumlar, bronzadan yasalgan mehnat qurollari va zeb-ziynatlar yasaladigan ustaxona qoldiqlari, shuningdek, yirik-yirik xumlarda saqlangan bug‘doy va arpa donlari topilgan.
  • Jarqo‘ton — bundan 3.5 ming yil muqaddam Surxon vohasidagi hozirgi Sheroboddan uncha uzoq bo‘lmagan joyda vujudga kelgan manzilgoh. Jarqo‘ton manzilgohida shaharning ilk alomatlari ko‘zga tashlanadi. Ushbu qo‘rg‘on ikki qismga ajratilgan edi: qasr (hukmdor qarorgohi) hamda jamoa a’zolari, hunarmandlar va savdogarlarning arkni qurshab turgan uylari. Qasr ichida ibodatxona bo‘lgan.
  • Zarautsoy — 1912 yilda arxeolog I. Fyodorov tomonidan Surxondaryoning Zarautsoy nomli joyida qadimgi qoyatosh suratlari topilgan manzilgoh. U yerdagi hozirda dunyoga mashhur rasmlar tosh davriga mansub. Qoyatosh suratlarida yovvoyi ho‘kiz va ov manzarasi tasvirlangan.
  • Soymolitosh — Farg‘ona vodiysidagi topilgan yana bir manzilgohning nomi. Soymolitosh manzilgohida ham O‘zbekiston hududida yashagan ibtidoiy odamlarning sodda tasviriy san’at namunalari mavjud. Ushbu qoyatosh suratlari ajdodlarimizning atrof-muhitni bilish yoki dunyoni anglashga intilishi yuqori bo‘lganidan dalolat beradi. Ular bunday suratlarni bo‘lajak ovga yordam berishiga ishonganliklari sababli chizishgan, degan taxminlar ham mavjud.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek xalqining tarixiga oid 5 ta lavha: uchinchi lavha