date

Charli Kirk qotilligida gumonlanuvchi o‘lim jazosiga hukm etilishi mumkin

Charli Kirk qotilligida gumonlanuvchi o‘lim jazosiga hukm etilishi mumkin
AQSHda mashhur konservativ faol Charli Kirkka suiqasd uyushtirganlikda gumonlanayotgan shaxsga nisbatan og‘ir jazo qo‘llanilishi kutilmoqda. Bu haqda mamlakat bosh prokurori Pamela Jo Bondi Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchiga birinchi darajali qotillik aybi qo‘yilishi rejalashtirilgan va Yuta shtati qonunlariga ko‘ra, unga nisbatan o‘lim jazosi tayinlanishi ehtimoli yuqori.

Bondining ta’kidlashicha, gubernator ham bunday og‘ir jinoyat uchun qatl jazosini talab qilishini aniq bildirgan. «Gubernator aytganidek, ular o‘lim jazosini so‘rashadi, bu Yuta shtatida juda real masaladir», — dedi bosh prokuror.

AQSH Federal qidiruv byurosi direktori Kashyap Patel ham voqeaga munosabat bildirib, gumonlanuvchining aybini tasdiqlovchi bir qator dalillar mavjudligini ma’lum qildi. Xususan, uning yozishmalarida o‘z aybini tan olgani va jinoyat qurolida topilgan DNKsi buni isbotlab turganini qayd etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, suiqasd 10 sentyabr kuni Yuta shtatidagi universitet shaharchisida sodir etilgan. Charli Kirk o‘sha kuni talabalar oldida nutq so‘zlar ekan, uzoqdan — taxminan 800 metr masofadan otilgan o‘q uning bo‘yniga teggan. Tez yordam xizmati uni kasalxonaga olib borgan bo‘lsa-da, faol shifokorlar sa’y-harakatlariga qaramay, bir necha soat ichida vafot etgan.

Qotillikda gumonlanuvchi — 22 yoshli talaba Tayler Robinson bir necha kundan so‘ng politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Qizig‘i shundaki, uni qonun tuzog‘iga topshirgan shaxs — politsiyada 27 yildan beri xizmat qilib kelayotgan o‘z otasi bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchining kirishgan harakatlariga marhum faolning siyosiy qarashlari sabab bo‘lgan.

Hozirda Tayler Robinsonga nisbatan tergov jarayonlari olib borilmoqda. Agar sud unga qo‘yilgan ayblovlarni to‘liq tasdiqlasa, u Yuta shtati qonunchiligida nazarda tutilgan eng og‘ir jazo — o‘lim hukmiga mahkum qilinishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Charli Kirk qotilligida gumonlanuvchi o‘lim jazosiga hukm etilishi mumkin